Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yaqin Sharqda tinchlikka erishish maqsadida BMT Bosh Assambleyasining sentabr oyidagi yig‘ilishida Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi. Bu reja AQShning keskin noroziliklariga sabab bo‘ldi, Isroil esa Fransiyaga ogohlantirish bergan.
Foto: AFP
Makron ushbu qarorini e’lon qilar ekan, Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga yuborgan maktubini ham e’lon qildi. Unda Fransiyaning Falastin davlatini tan olish va boshqa ittifoqdosh davlatlarni ham bunga undash niyati bildirilgan.
«Yaqin Sharqda adolatli va barqaror tinchlik yo‘lida tarixiy majburiyatimizga sodiq qolgan holda, men Fransiya Falastin davlatini tan olishini hal qildim,» — dedi Makron. «Bu rasmiy bayonotni men kelasi sentabrda BMT Bosh Assambleyasida e’lon qilaman».

Yevropadagi eng yirik yahudiy va musulmon diasporasiga ega Fransiya shunday yo‘l tutgan G‘arbdagi birinchi yirik davlatga aylanishi mumkin — Falastin davlatini tan olayotgan davlatlar asosan Isroilga tanqidiy munosabatda bo‘lgan, kichik davlatlar bo‘lib kelmoqda.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bu qarorni «Isroilning eng yaqin ittifoqchilaridan biri va G7 a’zosi bo‘lgan davlat» tomonidan berilgan «terrorchilikni rag‘batlantiruvchi» harakat deb atadi. Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats esa bu qarorni «uyatli va terrorizmga taslim bo‘lish» deb atadi hamda «Isroil xavfsizligiga tahdid soluvchi Falastin tuzilmasi yaratilishiga yo‘l qo‘ymasligini» ta’kidladi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio bunga javoban shunday dedi: «AQSh Fransiyaning BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olish rejasini qat’iy rad etadi. Bu xavfli qaror faqat Hamasning targ‘ibotini kuchaytiradi va tinchlikka bo‘lgan harakatni orqaga tortadi. Bu 7 oktabr qurbonlariga urilgan tarsakidir».
Bundan avval, Kanada ham Isroilni tinchlik izlashga chaqirgan edi. Bosh vazir Mark Karni G‘azodagi tez yomonlashayotgan gumanitar falokatni «oldini olmaslikdagi muvaffaqiyatsizlik» deb tanqid qildi va ikki davlatli yechim tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Karni, shuningdek, Isroilning urush girdobidagi Falastin hududlariga Kanada tomonidan moliyalashtirilayotgan gumanitar yordamni to‘sib qo‘yishini xalqaro huquqni buzish deb atadi. «Kanada barcha tomonlarni halol muzokaralar orqali darhol o‘t ochmaslikka chaqiradi. Biz Hamasdan barcha garovdagilarni darhol ozod qilishni, Isroil hukumatidan esa G‘azo va G‘arbiy Sohil hududlarining hududiy yaxlitligini hurmat qilishni talab qilamiz,» — dedi u.
New York Times'ning yozishicha, AQSh prezident Donald Trampning o‘zi ham ikki davlatli yechim borasida shubhalar bildirgan. U fevral oyida G‘azoni AQSh nazoratiga olish rejasini ilgari surgan edi. Bu reja inson huquqlari tashkilotlari, arab davlatlari, falastinliklar va BMT tomonidan «etnik tozalash taklifi» sifatida keskin tanqid qilindi.
Makron bir necha oylardan buyon Falastin davlatini tan olishga intilib kelayotgandi. Bu orqali u ikki davlatli yechim g‘oyasini saqlab qolmoqchi, garchi unga bunday qadamni tashlamaslik bo‘yicha kuchli bosimlar bo‘lgan bo‘lsada.
Reuters nashriga ko‘ra, Fransiya rasmiylari bu qarorni dastlab BMT konferensiyasi arafasida e’lon qilishni rejalashtirgandi. Fransiya va Saudiya Arabistoni ushbu konferensiyani iyun oyida o‘tkazib, Falastin davlatchiligi uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqish va Isroil xavfsizligini ta’minlash rejasini taqdim etmoqchi edi. Biroq AQSh bosimi va Isroil-Eron o‘rtasidagi 12 kunlik havo urushi tufayli, bu anjuman bekor qilindi — hududdagi havo makoni yopilgani sababli ayrim arab davlatlari vakillari u yerga bora olmadi.
Mazkur anjuman ikkinchi bosqich esa sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Makron bu e’lonni konferensiyadan qilish orqali Fransiya delegatsiyasiga boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilish uchun diplomatik asos yaratmoqchi — ularning ayrimlari Falastin davlatini tan olishni ko‘rib chiqmoqda, boshqalari esa ikkilanmoqda.
Diplomatlarning aytishicha, Makron Britaniya va Kanada kabi ittifoqchilarning qarshiliklariga duch kelmoqda. Kelasi hafta Nyu-Yorkda taxminan 40 ta tashqi ishlar vaziri yig‘iladi. Isroil rasmiylari esa oylar davomida bu tashabbusga to‘siq qo‘yish uchun diplomatik harakatlar olib bormoqda. Ayrimlar bu tan olinishni «ikki tomonlama aloqalar uchun yadro bombasi» deb atagan.
Mazkur masala bilan tanish manbalar Isroil Fransiyaga ogohlantirishlar berganini bildiradi — bu ogohlantirishlar razvedka ma’lumotlarini ulashishni cheklashdan tortib, Parijning mintaqadagi tashabbuslarini murakkablashtirishgacha bo‘lgan tahdidlarni o‘z ichiga olgan. Hatto G‘arbiy Sohilning ayrim qismlarini anneksiya qilish ehtimoli ham shama tarzida ilgari surilgan.
Fransiyaga minnatdorchilik bildirar ekan, Falastin ma’muriyatining vitse-prezidenti Husayn al-Sheyh Makronning qarorini «Fransiyaning xalqaro huquqqa sodiqligi va Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash hamda mustaqil davlat tuzish huquqiga qo‘llab-quvvatlovi» deb atadi.
Mavzuga oid
22:05 / 06.12.2025
Fransiya tashqi ishlar vaziri X ijtimoiy tarmog‘ining jarimaga tortilishini "bu faqat boshlanishi" deb izohladi
14:08 / 01.12.2025
Rim papasi: Falastin davlatini tuzish - yagona yechim
16:52 / 29.11.2025
Isroil G‘arbiy sohilning shimoliy qismida yirik harbiy operatsiya boshladi
13:17 / 29.11.2025