Jahon | 13:48 / 23.04.2023
36772
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Fransiyadagi elchisi Qrim statusi va sobiq SSSR davlatlari suverenitetini shubha ostiga oldi

Sobiq SSSR davlatlari suvereniteti hamda Qrimning Ukrainaga tegishliligini shubha ostiga olgan XXRning Fransiyadagi elchisi Lu Shayning chiqishini Latviya, Litva va Estoniya Tashqi ishlar vazirlari keskin qoralashdi.

Foto: TF1 INFO

Lu Shay 21 aprel kuni Fransiyaning LCI telekanaliga intervyu bergan. Xitoylik diplomat 2014 yili Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimni «boshdan bosh Rossiyaga tegishli bo‘lgan»ini ta’kidlagan va Nikita Xrushchyov «sovet ittifoqi davrida Qrimni Ukrainaga sovg‘a qilgani»ni eslatgan.

Lu Shay, shuningdek, sobiq SSSR davlatlari «xalqaro huquq borasida samarali statusga ega emasligi, chunki ularning statusiga suveren davlatlar kuchini taqdim etuvchi xalqaro kelishuv yo‘qligi»ni ham ta’kidlagan. Elchi shuningdek possovet chegaralari masalasida «behuda munozaralar»ni bas qilishga ham chaqirgan.

XXR elchisining intervyusi e’lon qilingach Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna Xitoyning Fransiyadagi elchisining bunday bayonotlari «qayg‘uli» va tushunarsiz ekanini aytib chiqdi. Estoniya TIV Xitoyning Tallindagi elchisini chaqirtirmoqchi. «Bizning maqsadimiz — bunday ko‘zqarashlar noma’qul, Estoniya — suveren davlat ekanini tushuntirib qo‘yish», — degan Tsaxkna.

Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelyus Landsbergis Lu Shayning bayonoti «Boltiqbo‘yi davlatlari Xitoyning «Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun vositachlik qilishi»ga nega ishonmasligi» borasidagi sabablardan biri ekanini aytgan.

Latviya tashqi ishlar vaziri Edgar Rinkevich, o‘z navbatida, elchining so‘zlaganlari «mutlaqo noma’qul» ekanini ta’kidlagan. «Biz Xitoy tomonidan tushuntirish va bu bayonotni to‘liq rad etib chiqishlarini kutamiz», — degan Rinkevich.

Ukrainaning Fransiyadagi elchisi Vadim Omelchenko, o‘z navbatida, XXR elchisining «geografiya borasida ko‘rinib turgan muammolari borligi»ni aytgan. Bayonot rasmiy Pekinning «Ukrainada xalqaro huquq, BMT Nizomi maqsadlari va prinsiplari asosida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlari» borasidagi pozitsiyasiga zid kelishini ta’kidlagan.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Xitoy elchisining bayonotlaridan «tashvishga tushgani»ni ma’lum qilib, Pekinni o‘z pozitsiyalarini aniqlashtirishga chaqirgan, deb xabar beradi LCI.

Mavzuga oid