1988 yilda SSSRda fojiali hodisa yuz beradi. Bir guruh shaxslar Tu-154 samolyotini egallab, uni xorijga olib qochishga urinadi. Biroq bu ish amalga oshmaydi va Leningrad viloyatiga qo‘ngan samolyotni maxsus kuchlar ozod qiladi. O‘xshamagan “SSSRdan qochish” operatsiyasining barcha a’zolari bir oila vakillari edi.

1988 yil 8 mart. Irkutsk aeroportida Irkutsk-Kurgan-Leningrad yo‘nalishida parvoz qilishi lozim bo‘lgan Tu-154 samolyotiga chiqish e’lon qilinadi.

Yo‘lovchilar birin-ketin samolyotga chiqa boshlaydi. Ular orasida Ovechkinlar oilasi ham bor edi. Ona hamda uning 10 nafar bolasi Tu-154 bortiga chiqib, o‘z joylarini egallaydi.

O‘sha kuni 164 o‘ringa ega Tu-154 da bor-yo‘g‘i 60 nafar yo‘lovchi uchayotgandi. Kurgan shahridan unga yana 16 nafar odam chiqadi va samolyot parvozni davom ettiradi.

Tu-154 Leningradga yetishiga chamasi bir soat qolganda Ovechkinlardan biri bort kuzatuvchisiga qog‘oz uzatadi. Unda uchuvchiga yo‘nalishni Londonga o‘zgartirish talabi bor edi.

Yozuv oxirida bu talab bajarilmasa, samolyotni portlatib yuborish bilan po‘pisa qilingandi. Xo‘sh, Ovechkinlar Londonga nega bormoqchi bo‘lgandi?

liveinternet.ru

Musiqachilar oilasi

Ovechkinlar oilasi Irkutsk shahrida yashagan va 1980-yillar boshlarida oilaviy jaz ansambli sifatida ittifoq miqyosida tanilib qolgandi.

Oila bekasi Ninel Ovechkina 12 nafar – 5 qiz va 7 o‘g‘il farzandni dunyoga keltirib, sovetlarning “Qahramon ona” ko‘krak nishonini olgandi. Uning ikkinchi farzandi go‘dakligida vafot etgan va 1980-yillarda oila qaramog‘ida 11 nafar bola bor edi.

Ovechkinlar oilasidagi o‘g‘il bolalar maktabdagi pioner otryadlari safida turli musiqa asboblarini chalib turishardi. 1983 yilda ular tahsil oladigan maktabning ikki nafar musiqa o‘qituvchisi faqat Ovechkinlardan iborat bo‘lgan guruh tashkil etadi. Guruhga oilaning yetti nafar a’zosi jalb qilinadi va unga “Yetti Simeonov” (Sem Simeonov) deb nom beriladi.

Guruh avvaliga Irkutskda mashhur bo‘ladi, so‘ng bolalarni Moskvaga taklif qilishadi. 1984 yilda Ovechkinlar ansambli butun ittifoq bo‘ylab mashhurlikka erishgandi.