Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoga yana zarba bergan Isroil, Xitoyning Afrikadagi rejalari va Putinga bosim qilishga chaqirgan Zelenskiy – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil G‘azoda yana 12 kishini o‘ldirdi
Isroil hujumlari oqibatida yakshanba kuni G‘azo sektorining turli hududlarida kamida 12 nafar falastinlik halok bo‘ldi va yana bir necha kishi jarohatlandi.
G‘azo fuqarolik mudofaasining ma’lum qilishicha, shimoldagi Jabaliya shahrida chodirga berilgan havo zarbasi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va yana bir necha kishi jarohat olgan.
Xon Yunusda esa tong saharda alohida zarba oqibatida yana besh kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, G‘azo shahri va uning atrofida Isroil harbiylari yana ikki kishini otib o‘ldirdi.
AQSh vositachiligida tuzilgan va o‘tgan oy ikkinchi bosqichiga kirgan sulhga qaramay, G‘azoda zo‘ravonlik davom etmoqda. Isroil sulh tuzilgan oktyabrdan buyon 600 dan ortiq falastinlikni o‘ldirdi.
«Isroil sulh yoki vaqtinchalik tinchlik nima ekanini tushunmaydi», - dedi Jabaliyadagi hujumda jiyanidan ayrilgan Osama Abu Askar. Uning aytishicha, halok bo‘lganlar uxlab yotgan paytda zarba ostida qolgan.
Harbiy amaldor Isroil kuchlari sulh kelishuvi buzilganiga javoban zarba berganini aytdi. Lekin aniq dalil keltirmadi.
HAMAS vakili Hazim Qosim Isroilni ko‘chirilgan falastinliklarga qarshi yangi qirg‘in sodir etishda aybladi. Bu hodisalar Donald Tramp «Tinchlik kengashi»ning ilk yig‘ilishidan bir necha kun oldin — sulhning jiddiy buzilishidir.
Tramp esa urushdan keyingi rejaga muvofiq HAMASni qurolsizlanish jarayonini davom ettirishga chaqirdi. Uning aytishicha, «Tinchlik kengashi» a’zolari Falastin hududini qayta tiklash uchun 5 milliard dollar ajratishga va’da bergan.
Trampning ushbu kengashiga O‘zbekiston va Qozog‘iston ham doxil 20 dan ko‘proq davlat qo‘shilgan. Yevropaliklar unga qo‘shilishdan tiyilmoqda. 19 fevral kuni kengashning ilk yig‘ilishi bo‘ladi.
Zelenskiyning Myunxendagi chiqishi
Rossiya bosqinining to‘rt yilligi arafasida Ukraina Yevropadagi ittifoqchilari bilan yangi energetika va harbiy yordam paketlari bo‘yicha kelishuvga erishdi.
«Myunxenda biz Berlin formati yetakchilari bilan Ukraina uchun aniq energetika va harbiy yordam paketlari bo‘yicha kelishib oldik», - deb yozdi Volodimir Zelenskiy. U avvalroq havo hujumidan mudofaa raketalarini ham o‘z ichiga olgan yangi yordamga umid qilayotganini aytgandi.
Berlinda Zelenskiydan qiziq bayonot ham yangradi. U jurnalistlarning savollariga javob qaytararkan, o‘zining 48 yosh ekani va 73 yoshli Vladimir Putindan ancha yosh ekanini ta’kidladi. «Uning vaqti unchalik ko‘p emas», dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampni urushni imkon qadar tezroq tugatish uchun Putinga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
«Putinga qo‘ng‘iroq qiling va ayting: «menga qarang, siz shu yerda to‘xtashingiz kerak». Mojaroni hoziroq muzlatib qo‘yishimiz kerak. Shunda biz yetakchilar darajasida uch tomonlama formatda uchrashamiz. Va bu urushni qanday tugatishni hal qilamiz», dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Ukrainani urushga chek qo‘yish uchun ba’zi masalalarda murosaga kelishga chaqirmoqda. «Biz ko‘plab masalalarda yon berishga rozi bo‘ldik. Putin va uning do‘stlari qamoqda emas. Bu dunyo ko‘rgan eng katta murosadir», - dedi Ukraina prezidenti.
Xitoyning Afrikadagi rejalari
Xitoy 2026 yil 1 maydan boshlab o‘zi bilan diplomatik aloqalarga ega bo‘lgan 53 ta Afrika davlati uchun nol boj stavkasi choralarini joriy etadi.
Bayonotda aytilishicha, Xitoy qo‘shma iqtisodiy hamkorlik bitimlarini muzokara qilishni davom ettiradi. Afrika eksporti uchun o‘z bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ilgari Xitoy eng kam rivojlangan 33 ta Afrika davlati uchun mahsulotlarning 97-98 foiziga nol tarif qo‘llagan edi. 2026 yil 1 maydan boshlab bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkaziladi va barcha 53 ta diplomatik hamkor davlatni qamrab oladi.
Xitoy va Afrika o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘sib bormoqda. Ammo o‘rtadagi muvozanat hali ham Xitoy foydasiga. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb 348 milliard dollarga yetgan. Bunda Xitoyning Afrikaga eksporti 225 milliard dollarni, butun Afrika davlatlaridan Xitoyga import esa 123 milliard dollarni tashkil etdi.
Iqtisodchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, tariflarni bekor qilish natijasida Xitoy taxminan yuzlab million dollar bojxona tushumidan voz kechadi. Ammo AQShga raqobatchi o‘laroq, Afrika qit’asida Xitoyning mavqeyi yana mustahkamlanadi.
Suriya kuchlari ash-Shaddodi bazasini egalladi
15 fevral kuni Suriya mudofaa vazirligi mamlakat shimoli-sharqidagi ash-Shaddodi bazasini AQSh harbiylaridan qabul qilib oldi.
«Amerika tomoni bilan muvofiqlashtirishdan so‘ng Suriya armiyasi kuchlari Hasaka viloyati qishloq hududidagi ash-Shaddodi harbiy bazasini o‘z nazoratiga oldi», - deyiladi vazirlik bayonotida. IShIDga qarshi xalqaro koalitsiya tarkibida faoliyat yuritgan AQSh kuchlari ushbu bazada joylashgan edi.
Avvalroq AQSh o‘z kuchlari Suriya–Iordaniya–Iroq chegaralari yaqinidagi al-Tanf bazasini tark etganini tasdiqlagandi.
AQSh bunga qadar IShIDga qarshi kurashda kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlariga tayanib kelgan. Biroq 2024 yil dekabrida diktator Bashar Asad ag‘darilgach, Qo‘shma Shtatlar Damashqdagi yangi hukumat bilan yaqinlashdi va kurdlar bilan ittifoqni chetga surishni boshladi.
Shu oylarda AQSh va Ash-Shar’a kuchlari Suriya bo‘ylab IShIDning o‘nlab nishonlariga zarba bergan.
Navalniyga qo‘llangan zahar turi aniqlandi
Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy zaharli qurbaqada uchraydigan o‘ta xavfli toksin yordamida o‘ldirilgani ma’lum qilindi.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Navalniy tanasidan olingan namunalarida «epibatidin» izlari aniqlangan. Bu modda esa katta ehtimol bilan ikki yil avval Sibir jazoni ijro etish koloniyasida uning o‘limiga sabab bo‘lgan.
«Epibatidin» — Ekvadordagi zaharli dart qurbaqasi terisidan ajratib olingan tabiiy neyrotoksin bo‘lib, bu modda «morfindan 200 baravar kuchliroq».
Ittifoqchilar bayonotida bu halokatli toksinni qo‘llash uchun «vosita, sabab va imkoniyat» faqat Rossiya davlatida bo‘lgani ta’kidlanadi. Shuningdek, Yevropa laboratoriyalari Navalniy aynan ushbu kamyob zahar sabab vafot etganini tasdiqlagan.
Moskva avval ham Navalniy tabiiy sabablar bilan vafot etganini bildirgandi. Biroq uning bevasi Yuliya Navalnaya erini zaharlab «o‘ldirishganini» doim ta’kidlab keladi. 2024 yil fevral — vafot etgan paytda Navalniy uch yildan beri qamoqda bo‘lgan.
Londondagi Rossiya elchixonasi esa Moskvaning ishga aloqadorligini rad etib, bayonotni «G‘arb uydirmachilarining nodonligi» va «propaganda» deb atadi.
Nigeriyada zo‘ravonliklar davom etmoqda
Shimoli-G‘arbiy Nigeriyada mototsiklda harakatlangan qurolli hujumchilar uchta qishloqqa hujum qilib, kamida 30 kishining o‘limiga sababchi bo‘ldi.
Politsiya va mahalliy aholiga ko‘ra, hujumlar shanba tongida Niger shtatida sodir bo‘lgan. Bu hududdagi qishloqlar Kvara shtati bilan chegarada joylashgan. U yerda avvalroq jangarilar 160 dan ortiq odamni o‘ldirgandi.
Shanba kungi hujum shimoliy Nigeriyada xavfsizlik keskin yomonlashib borayotgan bir paytda yuz berdi. Mamlakat bir vaqtning o‘zida turli jinoiy guruhlar tahdidi ostida qolgan. Ular odamlarni to‘lov evaziga o‘g‘irlab ketmoqda.
Reydlardan so‘ng ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolgani xabar qilinmoqda, bu esa qurbonlar soni yana oshishi mumkinligidan xavotir uyg‘otmoqda.
So‘nggi oylarda AQSh prezidenti Donald Tramp Nigeriyada xristianlar «ta’qib qilinayotgani» haqida bayonotlar berdi. Biroq Nigeriya rasmiylari bu da’volarni rad etib, zo‘ravonlik barcha din vakillariga birdek ta’sir qilayotganini ta’kidladi.
AQSh ayblovlari ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha kelishuv tuzilishiga olib keldi. Dekabrga kelib, AQSh Nigeriya hududidagi qurolli guruhlarga qarshi zarba berdi va hududga o‘z harbiy guruhini joylashtirdi.
Mavzuga oid
14:34 / 03.04.2026
Eronda portlatilgan ko‘prik, Ho‘rmuzni ochish bo‘yicha koalitsiya va AQSh bosh prokurorini ishdan olgan Tramp – kun dayjesti
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026