O‘zbekiston | 13:22 / 30.10.2023
17928
4 daqiqa o‘qiladi

“Avto 60 oy” ishining 8 yilga qamalgan bosh ayblanuvchisi ochiqda. U nega ozod qilindi?

Fuqarolarni 53 milliardga “tushirib”, 8 yilga qamalgan firibgar Jamshid Bahodirov 3 yilga qolmay ochiqqa chiqdi. Oliy sudga ko‘ra, u manzil koloniyada “o‘zini yaxshi tutgani va tuzalish yo‘liga o‘tgani uchun” ijobiy tavsifnoma olgan hamda o‘talmay qolgan 5 yildan ko‘proq muddati axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Firibgar yetkazgan zararning 23 milliard so‘mdan ortig‘i hali undirilmagan bo‘lishi mumkin.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Kun.uz sayti avvalroq “Avto 60 oy” ishi doirasida firibgarlik qilib, fuqarolarni katta pulga chuv tushirgan, keyinroq sud hukmi bilan 8 yilga qamalgan Jamshid Bahodirov ozodlikda ekani haqida yozgan edi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Kun.uz'ga izoh berdi.

Jamshid Bahodirov JIB Chilonzor tuman sudining 2021 yil 29 martdagi hukmi bilan 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U jazoni umumiy tartibli koloniyada 2019 yil 15 oktyabrdan boshlab o‘tashi belgilangan. Shuningdek, bu hukm ustidan shikoyat berilmagani va protest bildirilmagani sababli jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan.

J.Bahodirov JIB Nishon tuman sudining ajrimi bilan 2021 yil noyabr oyida umumiy tartibli koloniyadan manzil-koloniyaga o‘tkazilgan. U manzil koloniyada 8 oy davomida “o‘zini yaxshi tutgani va tuzalish yo‘liga o‘tgani uchun” ijobiy tavsifnoma oladi hamda JIB Bo‘ka tuman sudining ajrimi bilan uning o‘talmay qolgan 5 yildan ko‘proq “muddati” axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

«43-son manzil-koloniyasi tomonidan 2022 yil 13 iyun kuni berilgan tavsifnomada, mahkum J. Bahodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 74-moddasini qo‘llash tayinlangan jazoning uchdan bir qismi o‘talganidan keyin, 2022 yil 15 iyun kuniga to‘g‘ri kelishi, u o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, mehnatga halol munosabatda bo‘lganligi hamda jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga o‘tganligi ko‘rsatilib, ijobiy tavsiflangan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 536-moddasiga asosan mahkumning advokati tomonidan berilgan iltimosnoma jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudining 2022 yil 21 iyun kungi ajrimi bilan qanoatlantirilib, shu vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 74-moddasi 3-qismi “b” bandiga asosan J. Bahodirovga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan 5 yil 3 oy 24 kun muddati shu muddatga ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Sud, mahkum J. Bahodirovning og‘ir jinoyat uchun 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan sudlanib, ushbu jazoning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i, ya’ni 2 yil 8 oy 6 kunini o‘taganligi hamda manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan bildirilgan tavsifnomani inobatga olib, advokat tomonidan berilgan iltimosnoma qanoatlantirilgan.

Mazkur ajrim ustidan xususiy shikoyat (xususiy protest) berilmagan. Ayni paytda J. Bahodirov ochiqda ishlab axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tamoqda”, — deyiladi Aziz Obidovning Kun.uz’ga bergan izohida.

Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ishda Jamshid Bahodirov va uning jinoiy sheriklari 6 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Ular Jinoyat kodeksining 168, 188-1 hamda 243-moddalari bilan aybdor deb topilgan. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, “Avto oltmish oy” MChJ ta’sischisi va boshqa mansabdorlari jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning 34,1 milliard so‘mi undirilgan. Qoplanmagan zarar miqdori esa 23 mlrd 264 mln so‘mni tashkil etadi.

Oliy sud taqdim qilgan ma’lumotlarda Jamshid Bahodirov va uning jinoiy sheriklari fuqarolarga yetkazgan zararning qoplanmay qolgan qismi taqdiri haqida ma’lumot yo‘q. Oliy sud matbuot xizmati zarar yuzasidan ham ma’lumot berilishini ma’lum qildi. 

Jamshid Bahodirov ozodlikka chiqishi bilan yana eski ishini boshlagan ko‘rinadi. Tahririyat o‘rganayotgan murojaatda yuzlab fuqarolar firibgarlik qurboni bo‘lishgan. Bu ishda ham Jamshid Bahodirov asosiy figurantlardan biri ekani taxmin qilinmoqda.

Batafsil tafsilotlar bilan qisqa vaqtlarda Kun.uz orqali tanishasiz.

Mavzuga oid