O‘zbekiston | 18:50 / 21.10.2025
14691
2 daqiqa o‘qiladi

Manzil koloniyadan qochgan pedofil ishi bo‘yicha Markaziy tergov hibsxonasi xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

IIV Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi tartibot bo‘limi safdor xodimi va boshqalar qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish jinoyatini sodir qilishda ayblanmoqda. Bu 31 yoshli pedofilning manzil koloniyadan qochishiga qanday aloqadorligi ochiqlanmagan.

Foto: Kun.uz

Manzil koloniyadan qochib, Ohangaron tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etgan pedofil ishi bo‘yicha Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan bildirilgan rasmiy munosabatida ma’lum qildi.

Rasmiy munosabatda keltirilishicha, agentlik holatni o‘z nazoratiga olgan. Voyaga yetmagan jabrlanuvchi qizning huquqlari, psixologik va ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

“Holat bo‘yicha keys ochilgan, jabrlanuvchi voyaga yetmagan qiz birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda psixolog tomonidan dastlabki suhbat o‘tkazilmoqda”, deyiladi munosabatda.

Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi tartibot bo‘limi safdori Sh.O. va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi “v” bandi, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish jinoyatini bir guruh bo‘lib, oldindan til biriktirib sodir etishda ayblanmoqda.

Jinoyat kodeksida bunday qilmish uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosi qo‘llanishi belgilangan.

Oldinroq Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 50-son manzil koloniyasidan qochgan 31 yoshli mahkum 3-sinfda ta’lim oladigan qizni zo‘rlagani xabar qilingandi. Keyinchalik erkak qo‘lga olingan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid