Sport | 17:03 / 11.05.2017
28066
14 daqiqa o‘qiladi

Kapital ta'mir: nega «Real» va «Barselona» o‘z stadionlarini qayta qurmoqda?

Ispaniya futboli yetakchilari o‘z arenalarini kengaytirish va yanada ko‘proq pul ishlab topish uchun umumiy hisobda bir milliard yevroning bahridan o‘tishga tayyor.

Foto: Forbes.ru

Ispaniyadagi eng katta ikki futbol stadioni — Madriddagi «Santyago Bernabeu» (sig‘imi: 81.000 tomoshabin) va Barselonadagi «Kamp Nou» (99.000 tomoshabin) keng miqyosdagi qayta ko‘rish ishlariga tayyorlanmoqda. Loyihalar ma'qullangan bo‘lsa ham, ishlarning boshlanish sanasi hali aniq emas. «Real»ga loyiha detallarini shahar hokimiyati bilan kengashib olishi zarur bo‘lsa, «Barselona» qarzlaridan qutilishi kerak. Har ikki arenaning umumiy smetasi — 1 milliard yevroga teng baholanmoqda. Forbes buncha pulni klublar nima uchun sarflashayotganini aniqladi.

Tarix. Ikkovlonga yarim milliard peset

1947 yilgacha «Real» sig‘imi bor-yo‘g‘i 15.000 kishilik bo‘lgan stadionda o‘ynagan. Klub prezidenti Santyago Bernabeu nomini keyinchalik olgan yangi, ikki qavatli stadion 75.000 kishiga mo‘ljallangandi. 1954 yilda uning minbarlaridan birida uchinchi qavat qad ko‘tardi va keyingi o‘n yilliklar mobaynida «Real» o‘yinlariga 125.000 tomoshabin kirgan paytlar ham bo‘ldi.

O‘sha 1954 yilda Kataloniya poytaxtida «Barselona» uchun yangi stadion qura boshlashgan. 1957 yilda 60 ming kishilik Camp de les Corts’dan klub 93 ming kishilik yangi arenaga ko‘chib o‘tadi. «Kamp Nou» va «Santyago Bernabeu»ning qurilishi 288 million pesetga tushadi, ya'ni o‘sha vaqtning kursi bilan 7 mln. dollarga.

1982 yilda Ispaniya jahon chempionati mezboni etib tanlanadi. Turnirni qabul qilayotgan stadionlar minbarlarini eng kamida yarmisini o‘rindiqlar bilan jihozlash kerak edi (bungacha minbarlarning aksariyat qismida o‘rindiqlar yo‘q, o‘yinni tik turib ko‘rishga moslashgandi). Bu «Bernabeu» sig‘imining 98 ming kishigacha qisqartirilishiga olib keldi, chunki o‘rindiqlar bilan bir qatorda injyenerlik konstruksiyalari ham o‘rnatilgan edi. «Barselona» esa o‘shanda barcha minbarlar ustidan uchinchi qavatni qurib bitkazdi va stadion sig‘imini uchdan bir qismga oshirib, 120.000 kishiga yetkazdi.

90-yillarda Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) stadionlardagi tik turib ko‘rishga mo‘ljallangan joylardan to‘liq voz kechish talabini ilgari suradi. «Barsa» «Kamp Nou»ning barcha minbarlarini o‘rindiqlar bilan jihozlaydi va uning sig‘imi hozirgi 99 minggacha tushadi. «Real» esa o‘z stadion sig‘imining bir barobar kamayishi tahdidi ostida qoladi, shu sababli barcha minbarlar uzra uchinchi qavat qad rostlaydi va jami sig‘im 81.000 o‘rindiqqa yetkaziladi.

«Santyago Bernabeu» doimo yangilanib turilibdi. 2000–2016 yillarda uni zamonaviylashtirish uchun klub 241 mln. yevro sarflagan. So‘nggi bir necha yil ichida arenani keng miqyosda yangilash ishlari olib borilmoqda. «Barselona» uchun yangi stadion barpo etish haqidagi gap-so‘zlarga 2000-yillar boshida nuqta qo‘yildi, o‘shanda mutasaddilar «Kamp Nou»ni modernizatsiya qilish haqida yakdil to‘xtamga kelishgandi.

Daromadlar. Ikkisiga: yiliga 300 mln.yevro

«Kamp nou» va «Santyago Bernabeu» klub daromadlari tizimida o‘xshash ulushga ega. Klublarning 2015/16 mavsum yakunlari bo‘yicha hisobotlariga qaralsa, «Barselona» 612 mln. yevro daromaddan (futbolchilar sotilishidan kelgan pullardan tashqari), 158 millionini (26 foizini!) o‘z arenasi orqali topgan. «Real»ga esa stadioni 619 mln. yevrodan 153 mln. (25 foiz) daromad keltirgan.

Stadionlar nafaqat futbol o‘yinlari vaqtida pul ishlashadi. 2016 yilning bahorida har ikkisi uchun sportdan tashqari eng mo‘may daromad keltirgan narsa Bryus Springstinning konserti bo‘ldi. «Kamp Nou»da u 65 ming muxlisni to‘plagan va 6 mln. yevro daromad keltirgan, «Bernabeu»da 56 ming kishi va 5,4 mln. yevro. «Real»ning klub muzeyiga bir yilda million kishi tashrif buyuradi, «Barselona»nikiga esa 1,5 million ziyoratchi.

«Kamp Nou»ning hozirgi sig‘imi (99.000) «Santyago Bernabeu»nikida deyarli 20 ming kishiga ko‘proq. Lekin Madrid klubining stadionlari yaxshiroq to‘ladi: o‘rtacha 86 foiz (69 ming), Barselonada esa 71 foiz (71.000).

Navbatdagi yangilanish doirasida azaldan har ikki arenani kengaytirish mo‘ljallangan edi. Kataloniya klubi bu fikrdan qaytmagan: «Yangi Kamp Nou» loyihasi 15 ming tomoshabin o‘rnini nazarda tutadi. Madrid shahar kengashi esa «Bernabeu»ning kengaytirilishiga, unga yondosh hududlarni qayta qurishni ham taqiqlagan. Endi Arena hozirgi sig‘imini saqlab qoladi, quruvchilar arena sifatini oshirish ustida ishlashadi.

Yangi «Kamp Nou»: kengroq, zamonaviyroq va daromadliroq

«Kamp Nouni» modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar 2017 yilning mayida boshlanib, 4 yilga cho‘zilishi mumkin. Lekin ishlarning boshlanishi kechiktirildi. Klub vitse-prezidenti Syu Monax bunga shunday izoh berdi: qayta qurish uchun ishlarni boshlashdan avval klubning umumiy qarzini hech bo‘lmaganda 200 mln. yevroga tushirish lozim. UYeFA ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning 1 yanvar holatiga klub bo‘ynidagi qarz 270 mln. yevroni tashkil etadi va bir yil davomida 40 mln. yevroga qisqargan.

Hozirgi daromadlar va xarajatlar balansi saqlanib turilsa «Barsa»ga qarzlarini 200 mln. yevrogacha kamaytirish uchun yana 2 yil kerak bo‘ladi, shundan so‘nggina «Kamp Nou» Kataloniyaning Pascual i Ausió firmasi va yaponlarning bir necha futbol stadioni qurgan Nikken Sekkei kompaniyasi loyihasi bo‘yicha modernizatsiya qilinishi mumkin.

Yangilanish butun klub infrastrukturasini qamrab oladi: stadionni ham, bazani ham, «Barselona»ning basketbol va qo‘l to‘pi jamoalari o‘ynaydigan arenalarni ham. «Kamp Nou»ning barcha minbarlari usti yopiladi, VIP-o‘rindiqlar ikki barobar oshiriladi, avtomobil uchun to‘xtash joylari esa 1500 dan 5000 taga yetkaziladi.

Foto: Forbes.ru

«Kamp Nou»ning yangi ko‘rinishi 105 ming kishini o‘z bag‘riga oladi. Qayta qurish uchun 600 mln. yevro sarflanadi.

Stadionning birinchi qavati maydon har bir o‘rindiqdan yaqqol ko‘rinishi uchun qayta quriladi (ayni paytda ba'zi bir o‘rindiqlardan maydon yaxshi ko‘rinmaydi). Uchinchi qavat biroz kengaytiriladi. Birinchi va ikkinchi qavat orasidagi maydon ko‘rinib turuvchi lojalar va restoranlar yangilanadi, minbarlar osti zamonaviylashtiriladi. To‘siqlarsiz muhit yaratish va stadionning uchinchi qavatiga eskalator va liftlarda chiqish imkoniyati alohida belgilab qo‘yilgan.

Qayta qurish ishlari boshlaganida «Barselona» o‘z stadionida o‘ynashda davom etaveradi. Bu vaqt mobaynida uning sig‘imi bor-yo‘g‘i 10 foizgacha kamaytiriladi — abonement egalari esa boshqa qulayroq joyga o‘tqaziladi. Minbarlarni modernizatsiya qilish uchun asosiy ishlar yoz faslida — rasmiy futbol uchrashuvlari o‘tkazilmaydigan paytga mo‘ljallangan.

Ishlarning umumiy qiymati 600 mln. yevroga baholangan. Ular yakunlangach, «Kamp Nou» «Kattaroq, zamonaviyroq va daromadliroq» bo‘ladi.

«Yetakchilik statusini tasdiqlash uchun biz tarixiy qadamni tashlashimiz kerak. U klubga aloqadar har bir kishidan ishtiyoq talab qiladi, biroq keyinchalik sportchilar va tomoshabinlar uchun zamonaviy texnologiyalar o‘ta qulaylikni taqdim etadi», – degan edi «Barselona» prezidenti Rosel 2014 yilgi taqdimot chog‘ida.

Bo‘lajak «Santyago Bernabeu»: jahonning eng yaxshi stadioni

«Real» rahbariyati Yevropaning eng sovrindor jamoasi tituliga mos keluvchi tezislarni e'lon qilmoqda: «Biz «Santyago Bernabeu» jahonning eng yaxshi stadioni bo‘lishini xohlaymiz», — degan modernizatsiya loyihasi haqida klub prezidenti Florentino Peres.

«Bo‘lajak Bernabeu» loyihalari tanlovida Ispaniyaning L35 va Ribas&Ribas kompaniyalari, shuningdek, Germaniyaning GMP Architekten kompaniyalari qo‘shma loyihasi g‘olib chiqqan. GMP Architekten byurosi muxlislarga yaxshi tanish: u jahon chempionatlari uchun Berlin (Germaniya), Keyptaun (JAR), Manaus (Braziliya) da stadionlar barpo etgan. Shuningdek, Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadioni, «Krasnodar» FK stadioni va Toshkentdagi «Bunyodkor» stadioni loyihachilaridan hisoblanadi.

Foto: Forbes.ru

Yangilangan «Santyago Bernabeu»da 3000 ta VIP o‘rindiq paydo bo‘ladi, biroq umumiy sig‘im avvalgidek qoladi

Madrid shahar kengashi stadion sig‘imini 93.500 kishiga yetkazadigan, savdo majmuasi, otel va avtomobillar uchun to‘xtash joyi qurishni nazarda tutgan 420 mln. yevrolik dastlabki loyihani tasdiqlamagan. Faqatgina 3 mingta VIP o‘rindiq qo‘shish (hozir ularning soni 4744 ta), arena atrofini ko‘kalamzorlashtirish va uning fasadiga futuristik ko‘rinish berish borasidagina kelishilgan. Bu holatda ishlarning qiymati biroz arzonroq — 400 mln. yevroga tushadi.

«Bernabeu» fasadini LED-tizim bilan integratsiyalashgan kumushrang plastinalar bilan qoplab chiqishadi. Ba'zi holatlarda undan panoramali ekran sifatida foydalanish mumkin. Stadion ochilib yopiluvchi tom, binoda yangi mehmonxona paydo bo‘ladi va uning atrofi ko‘kalamzorlashtiriladi.

Qayta tiklash 3 yil vaqtni oladi. Lekin ishni boshlash muddati hanuzgacha aniq emas. Madrid shahar hokimiyatida bu boradagi so‘nggi ma'lumot 2017 yilning fevralida e'lon qilingadi. O‘shanda stadion atrofi loyihasi tasdiqlangani ma'lum qilingan edi.

Xo‘sh, keyin-chi?

«Real» va «Barselona» stadionlari hozirgi holatida bir mavsumda klublarga 150 million yevro daromad keltirishadi. Qayta tiklashdan so‘ng bu raqamlar o‘sishini bashorat qilish juda qiyin. So‘ngi o‘n besh yil ichida jahondagi stadionlarda o‘tkazilgan modernizatsiya ispan grandlari uchun namuna bo‘la olmaydi.

2005/06 mavsumda «Old Trafford» sig‘imining shunchaki kattalashtirilishi «Manchester Yunayted» uchun matchday revenue (chipta, abonement va atributika savdosidan tushadigan pul) ning 30 foizga — 2004/05 mavsumdagi 102,5 mln yevrodan 2006/07 mavsumda 137,5 mln. yevrogacha oshishiga olib keldi. Manchesterning yana bir jamoasi — «Siti» 2014/15 mavsum davomida «Etihad steydiyum»ning kengaytirilishidan 25 foiz ko‘proq foyda ko‘ra boshlagan.

Londonning «Arsenal» klubi 2006 yilda 39 ming kishilik «Hayberi»dan o‘ta zamonaviy «Emireyts» (60.000 kishi) ga ko‘chib o‘tadi va matchday revenue’sini ikki barobar oshirib oladi: eski stadionida klub bir mavsumda 63,8 mln. yevro ishlab topgan bo‘lsa, yangi stadiondagi ilk mavsumdayoq 134,6 mln.yu yevro topgan. Myunxenning «Bavariya»sidagi ahvol ham shunga o‘xshash, «Arsenal»dan bir yil oldin «Olimpiya» (53.000) stadionini «Alyants Arena» (67.000) ga o‘zgartirgan klubning o‘yin kunlaridagi daromadlari 30 mln. yevrodan 52,1 mln. yevroga ko‘tarilgan.

«Santyago Bernabeu»ning sig‘imi qayta tiklash jarayonida oshirilmaydi, «Real» o‘yin kunlarida ko‘proq chipta yoki atributikalar sota olmaydi. Klub daromadlari faqat VIP-mijozlar bilan ishlash va stadiondan tijoriy maqsadlarda foydalanish ketidan oshishi mumkin.

«Kamp Nou» esa qayta tiklashdan so‘ng bugungisidan bor-yo‘g‘i 5 foiz ko‘proq muxlislarni qabul qiladi (taqqos uchun: «Old Trafford» 12 foizga kengaytirilgan, «Etihad» — 17 foizga). «Barsa» ham stadiondan yanada ko‘proq daromad qilish uchun xizmatni yaxshilashni yo‘lga qo‘ymoqda: restoranlarning soni va sifati, VIP-lojalar, oddiy muxlislar uchun xizmatlarning darajasi va qiymati, degandek.

Mavzuga oid