Yevropa Chempionlar ligasi 2-turi doirasidagi seshanba oqshomida o‘tgan uchrashuvlar orasida kamtarona «Sherif» klubining Madridda kimsan «Real» jamoasini sensatsion tarzda mag‘lub etgani, kechaning asosiy o‘yini deyilgan «PSJ» - «Manchester Siti» bahsini ham soyasida qoldirdi. «Santyago Bernabeu»dagi oqshomda o‘zbekistonlik hujumchi Jasur Yaxshiboyev tomonidan Kurtua darvozasiga yo‘llangan gol butun dunyoda Messining «PSJ»dagi debyut golidan kam aylanayotgani yo‘q. Xo‘sh, Yaxshiboyev kim va u qanday qilib «Real» darvozasigacha yetib bordi?

Chinozdagi stansiyadan «Paxtakor» bekatigacha

1997 yilning 24 iyun kuni Toshkent viloyatining Chinoz shaharchasida tug‘ilgan Jasur Yaxshiboyev bolaligidan to‘pga oshno tutingani bois, 7 yoshidan buvisi bilan har ertalab Chinozdagi poyezd stansiyasidan Toshkentdagi «Paxtakor» maktabiga kelib, kechqurun yana poytaxtdan Chinozga qaytgan. Bu haqda futbolchining o‘zi intervyularidan birida eslagan.

«Bolaligimdan «Paxtakor»ga muxlislik qilardim. Chinoz Toshkentdan 60 kilometr uzoqlikda joylashgani sababli maktab yoshimdan boshlab har kuni Toshkentga qatnaganman – «Paxtakor» maktabida shug‘ullanish uchun. Ertalab buvim bilan «elektrichka»da jo‘nab, kechqurun yana 1,5 soatda shunday qaytardik. Ota-onamning o‘z ishi bor edi. Yettinchi sinfda o‘qiyotganimda esa Toshkentga ko‘chib, «Paxtakor» internatida o‘qishni boshlagandim», - deydi u.

Uning ilk murabbiylaridan biri Jasur Abduraimov sanaladi. Hozirda «Metallurg» bosh murabbiyi sanalmish Abduraimov Yaxshiboyevning katta futboldagi ilk qadamlarini tashlashida yordam bergan.

«Jasurni 8 yoshidan beri bilaman. Chinozning oddiy oilasidan chiqqan bola. Yodimda, mashg‘ulotlarimiz ertalab soat 8:00da boshlansa, Jasur juda kichkina bo‘lsa-da, saharlab soat 4:00da uyqudan turib, buvisi bilan Toshkentga yetib kelardi. U biror marta mashg‘ulotni o‘tkazib yuborganini eslay olmayman. Futbolni juda yaxshi ko‘rgani uchun tinim bilmasdi. Milliy terma jamoada o‘ynashni orzu qilardi. Unga o‘xshagan futbolchilar kam. Jasur 7-8 yoshida qilgan ishlarni hozir biror bolada uchratmadim», - deydi Jasur Abduraimov shogirdi haqida.

«Paxtakor»dagi debyut, Olmaliqdagi ijara va Yevropaga safar

Yaxshiboyev «Paxtakor» futbolchisi sifatida Superligadagi debyutini 19 yoshida o‘tkazdi. 2016 yilning 3 noyabr kuni u «Sho‘rtan»ga qarshi kechgan bahsda (5:2) katta futboldagi ilk rasmiy uchrashuvida maydonga tushdi. Debyut golini esa ikki yildan so‘ng – 2018 yilda «Metallurg» darvozasiga uradi. O‘sha yili O‘zbekiston yoshlar jamoasi safida Xitoyda Osiyo chempioni bo‘lgan. Shunga qaramay, o‘tgan to‘rt yil davomida «Paxtakor» safida asosiy tarkib o‘yinchisiga aylana olmagach, bosh murabbiy Shota Arveladze 22 yoshli Jasurni OKMK klubiga 2019 yil yakuniga qadar ijaraga beradi.