Jahon | 18:11 / 08.02.2019
12366
15 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya universitetlari talabalari qanday mutaxassisliklarga qiziqishadi?

“Buyuk Britaniya oliy ta'lim tizimi bejiz dunyodagi eng yaxshi ta'lim tizimlaridan biri hisoblanmaydi. Ta'lim jarayoni boshlanishi bilanoq talabalar umumiy fanlarga chalg‘imay (ular maktabda o‘tilgan), tanlangan yo‘nalish bo‘yicha bilim olishadi. Shunisi muhimki, oliy ta'lim muassasalari mustaqil ta'lim olishga katta e'tibor qaratadi, shu tariqa ilmiy ish va loyihalarni tayyorlash jarayonida talabaning ma'lumotni topib, tahlil qilish xususiyatlarini kuzatadi. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud: Angliya OTMlari kutubxonalari faoliyati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, barcha ma'lumotlar raqamlashtirilgan va ularni universitetning onlayn akkauntlaridan topish oson. Kembrij universitetining Korpus-Kristi kollejidagi to‘rt yillik ilmiy tadqiqotlardan keyin Kil universiteti (Buyuk Britaniya)da huquqshunoslik fanlari doktori maqomiga ega bo‘ldim. Menda Britaniya OTMlarining maqsadi – talabalarni o‘z g‘oyalari bilan ishlashga ilhomlantirish, ularga o‘z nazariyalaridan uyalmaslikni va o‘z fikrlarini bayon etishni o‘rgatishdan iboratdek taassurot qoldirdi. Bir vaqtlar menga o‘ziga bo‘lgan ishonchni baxsh etgan o‘qituvchilar va men javob berishni o‘rgangan savollar oxir-oqibat mening professor bo‘lishimga va olgan bilimlarimni Moskvada talabalarga o‘rgatishimga sabab bo‘ldi”, - deydi “MGIMO”dagi xalqaro huquq kafedrasi o‘qituvchisi, professor Tip Pote. Forbes Life Britaniya OTMlaridagi eng mashhur yo‘nalishlar  haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

Oksford universitetida iqtisodchi

Buyuk Britaniyadagi eng qadimiy Oksford universiteti butun dunyoga mashhur, universitet diplomi ko‘plab karera eshiklarini ochadi. Ta'limning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – iqtisodiyot. Talabalar iqtisodiy nazariya, hisoblash tadqiqotlari usullari, iqtisodiy va texnik usullarni o‘zlashtirishadi. Oksford o‘qituvchilari ulardagi iqtisodiy magistratura bir yillik ta'limi AQShning eng yaxshi universitetlaridagi ikki yillik aspirantura ta'limiga teng ekani haqida gapirishni yaxshi ko‘rishadi. Dasturning o‘ziga xosligi shundaki, u ham ilmiy ishni davom ettirishga, doktorlik ishini yozishga, ham iqtisodiy maydondagi amaliyotchi mutaxassislarga karera qilish uchun birdek mustahkam baza beradi. Ta'limning dastlabki bosqichida talabalar matematika asoslarini o‘rganishadi, keyin mikroiqtisodiyot, makroiqtisodiyot va ekonometrikadan uch majburiy kurs bo‘ladi. Ulardan muvaffaqiyatli o‘tilgach, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va seminarlar boshlanadi: xulq-atvor iqtisodiyoti, rivojlanish iqtisodiyoti, mehnat iqtisodiyoti, xalqaro savdo, ijtimoiy iqtisodiyot. Ta'lim yakunida har bir talaba dissertatsiya yozadi, original tadqiqot eng yaxshi diplom ishi mukofotiga da'vogarlik qilishi mumkin.

Foto: Twitter

Rossiya iqtisodiyot maktabining Strategik taraqqiyot bo‘yicha prorektori Maksim Buyev o‘zining Oksforddagi ta'lim tajribasi haqida: “Men Oksford universitetida dastlab MPill in Economics dasturi bo‘yicha o‘qidim (1999-2001), keyin dissertatsiya yozish uchun qoldim va DPill in Economics darajasiga ega bo‘ldim (2006).

1998 yilda universitetga o‘qishga kirganimda talabalar uchun stipendiyalar kam edi. Hozir, masalan, British Chevening Award va Hill Foundation stipendiyalari uchun tanlovlar bor. U paytlar esa bunday emas edi. Biroq men Rothschild&Sons investitsion bankining yagona stipendiyasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lganman. 1998 yilning kuz oylarida “Ekspert” jurnalida tanlov haqidagi e'lonni o‘qib qoldim, da'vogarlar 300 kishi atrofida edi.

Oksford mening hayotim va kareramga juda katta ta'sir ko‘rsatdi. Kasbni tanlashga hojat yo‘q edi, men Angliyaga ketishimdan oldin o‘zim shug‘ullanishni istagan soha sifatida iqtisodiyot va moliyani tanlagan edim. Karera borasida esa Rotshildlar bankining qo‘llab-quvvatlashi Sitida ishlashimga yordam berdi. Dpill’ni tugatganimdan so‘ng boshqa bankdan osongina ish topdim. Dastlab Niderlandiyaning ABN AMRO, so‘ngra Royal Bank of Scotland’da.

Biroq Oksford – nafaqat yuqori sifatli oliy ta'lim muassasasi, balki ajoyib kishilarni o‘zida to‘plagan maskan hamdir. Masalan, men u yerda Miron Fedorov (Oxxxymiron) bilan tanishganman, Islandiyaning amaldagi prezidenti Gvyudni Youxannesson bilan bir kollejda tahsil olganmiz, lotin-amerikacha raqslar bo‘yicha mashg‘ulotlar davomida Chelsi Klinton bilan tanishganman.

Men qo‘ldan boy bergan karera bilan bog‘liq bir voqea ham Oksfordga borib taqaladi. 2004 yilda Dambisa Moyo menga murojaat qilib, Afrikaga yordam bo‘yicha dissertatsiya uchun materiallarni o‘zida jamlagan kitobni yozishni taklif qildi. Dambisaning vaqti kam edi, u paytlar bankda ishlardi. Men o‘z dissertatsiyam bilan band bo‘lganim sababli taklifni rad etdim. Biroz vaqt o‘tgach Dambisa “bomba” effektiga tenglashtirilgan kitobni taqdim etdi, Times jurnali uni dunyoning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatiga qo‘shdi va Dambisa bugungi mavqeiga erishdi. Men axir uning hammuallifi bo‘lish imkoniga ega edim!”

Manchester Metropoliten Universiteti top-menejyeri

Manchester Metropolitan University (MMU) – 1992 yildan buyon ushbu maqomda faoliyat yurituvchi davlat universiteti. Dastlab OTM texnik profilga ega edi (1824 yildan Mexaniklar instituti sifatida ochilgan), vaqt o‘tgach turli kollej va maktablar unga qo‘shildi. Ayni damda MMU – Buyuk Britaniyaning kattaligi bo‘yicha beshinchi universiteti, ko‘plab akkreditatsiyalarga ega, ulardan biri – MBA assotsiatsiyalari.

Foto: Getty Images

Britaniya universitetlarining biznes dasturlari butun dunyoda mashhur. Manchester shahridagi universitetda esa ular bir nechta: bakalavriat uchun biznes-administratorlik, biznes-texnologiyalar, biznes-menejment dasturlari ko‘zda tutilgan, magistratura uchun esa - logistika, biznes-tahlil va projyekt-menejment yoki biznes, menejment va yetakchilik salohiyati rivoji. Kichik farqqa qaramay, barcha talabalar turli sohalarda kerak bo‘luvchi ko‘nikmaga o‘rgatiladi: turli boshqaruv modellari, biznes-operatsiyalar va strategiyalarni tushunish, moliyaviy administratsiya va akkaunt-menejment asoslari. OTM qoshida Biznes va menejment ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat yuritadi, universitet 70 dan ortiq tashkilot bilan hamkorlik qiladi, shuning uchun bitiruvchilarda ish topish bilan bog‘liq muammo bo‘lmaydi.

Jonatan Mildenxoll, Airbnb marketing bo‘yicha direktori: “Men 1990 yilda Manchester universitetining “Biznes va moliya” dasturini tugalladim. O‘qish yillarimni eslasam, mustahkam akademik bilimlar bazasini minnatdorchilik bilan yodga olaman, bu meni katta biznesdagi rahbarlik pozitsiyalariga tayyorladi. Men makroiqtisodiyot, moliyaviy administratsiya asoslari, marketing tamoyillarini tushunar edim. Lekin, bulardan tashqari, menga jamoada ishlash, hamdard bo‘lish, birovni tinglash va boshqa inson pozitsiyasini qabul qilishni o‘rgatishdi. U paytlar esa men bularning bari amaliy ishlarga u qadar bog‘liq emas deb o‘ylardim, biroq hayot buning aksini isbotladi. Men barcha talabalarga o‘z ko‘ngliga quloq tutib, ularga aslida nima motivatsiya berishini tushunishlarini va kareralarini mana shu qadriyatlarga muvofiq qurishlarini tavsiya qilaman. Airbnb’ga o‘z qadriyatlarim – inson omiliga yo‘nalish va yorqin, kreativ yondashuvni olib kelganman.

University College London kriminalisti

London Universitet kolleji – yirik qat'iy tartibli OTM, 1826 yilda tashkil topgan. UCL jinsi, dini va yoshidan qat'i nazar talabalarni qabul qilgan birinchi OTM bo‘lgan, Angliyadagi ilk siyosat va iqtisodiyot kafedrasi shu yerda tashkil topgan (1827 yil), aynan shu yerda ingliz tili birinchi marta fan sifatida o‘qitila boshlangan (1828). UCL hozirda ham yetakchi OTMlardan biri bo‘lib qolmoqda, uning missiyasi – XXI asrning real muammolariga e'tibor qaratish. Universitet qoshida mamlakatdagi ilg‘or Biotibbiyot tadqiqotlar markazi, London nanotexnologiyalar markazi, shuningdek dunyoda yagona Jinoyatchilikni o‘rganish instituti (Jill Dando Institute) ochilgan.

Kriminalistika va xavfsizlik departamentida bo‘lajak mutaxassislarni ko‘p bosqichli tahliliy texnikalar, xavfsizlik tizimlaridagi kamchiliklarni izlash va ular bilan ishlash, shaxs psixologiyasi, dalil va isbotlar bilan ishlash, sabab va natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni izlash, shuningdek forenika – kiberjinoyatlarni tadqiq qilishga o‘rgatishadi. “Kriminalistika va xavfsizlik” dasturiga turli profillardagi talabalar – kompyuter mutaxassislari, muhandislar, psixologlar, geograflar va sotsiologlarni taklif qilishadi.

Kriminalistika instituti direktori, professor Gloriya Leykokning so‘zlariga ko‘ra, kursning maqsadi – talabalarni olimlar kabi fikrlashga o‘rgatish. Gipotezalarni sinash, tajribalar o‘tkazish, ular asosida bilimlarni shakllantirish. “Biz jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini pasaytirish, qurbonlar sonini kamaytirishga harakat qilyapmiz. Bu biz jinoyatchilikning oldini olmoqchi va ro‘y bergan voqea aybdorlarini tezroq topmoqchi ekanligimizdan dalolat beradi. Talabalar politsiya va u taqdim etuvchi ma'lumotlar bilan ko‘p ishlashiga, jiddiy kriminal laboratoriyalar bilan hamkorlik qilishga to‘g‘ri keladi. Masalan, biz mepping ustida ish olib boryapmiz: maksimal darajada aniq jinoyatchilik xaritasini tuzishni o‘rganyapmiz, ularga ko‘ra keyingi jinoyat qayerda sodir etilishi mumkinligini oldindan bilish mumkin. Bugunga kelib ularning aniqligi 80 foizga yetgan.

University of East Anglia, Sharqiy Angliya Universitetidagi yozuvchi

Sharqiy Angliya Universitetiga 1963 yilda Norvich shahrida asos solingan. UEA muntazam ravishda ilmiy-tadqiqot institutlari top-reytingi (Times Higher Education World Rankings 2015-16, Leiden Ranking 2016), shuningdek talabalar yashashi uchun eng qulay oliy ta'lim muassasalari uchligi ro‘yxatidan o‘rin olib keladi. Universitetning 4 fakulteti va 25 maktabi 300 dan ortiq kurslarni taklif qiladi: san'at, gumanitar fanlar, tibbiyot, sotsiologiya va boshqalar. Mashhur kompaniyalar bilan mustahkam aloqalar va turli o‘quv tashabbuslari barcha talabalarga o‘z kasbida rivojlanish imkonini beradi. Universitetning taniqli bitiruvchilari orasida Mett Smit, Jonatan Riz-Devis, Qirollik operasi ijrochi direktori Meri Allen kabilar bor.

Foto: highereducationplus.com

Universitet kreativ yozish bo‘yicha kurslari bilan ham tanilgan, Nobel mukofoti sovrindori Kadzuo Isiguro, Ien Makyuen, Endryu Miller, Enn Enrayt mazkur ta'lim dargohi bitiruvchilaridir. Butun dastur davomida talabalar o‘z asarlari g‘oyalarini ishlab chiqishadi, ularni o‘qituvchilari e'tiboriga havola qilishadi, adabiy festivallarda ishtirok etishadi. U yerda zamonaviy adabiyot, adabiy tanqid, adabiy tahrir, she'riyat va nasr, dramatik asarlar, non-fikshn va hatto detektiv yozish kurslari ham bor.

Art University Bournemouth rejissyori

Buyuk Britaniyadagi eng mashhur kino ta'lim dargohi – Bornmut San'at universiteti – audio- va vizual-dizayn, media-prodakshn va performativ san'atlarga ixtisoslashgan. Institut amaliy mashg‘ulotlar va kino hamda telesanoat bilan mustahkam aloqalarga urg‘u beradi. Bitiruvchilar orasidagi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ularning 97 foizi OTMni tugallagandan so‘ng yarim yil ichida ish topishga muvaffaq bo‘ladi.

Universitet ikki fakultet – “media va performans” hamda “san'at, dizayn va me'morchilik”da 20 o‘quv dasturini taklif qiladi. 1963 yildan buyon universitet bazasida kinomaktab faoliyat yuritadi, universitet - CILECT Xalqaro kinomaktablar uyushmasi a'zosi. U yerda rejissura, prodakshn, vizual effektlarni yaratishga o‘rgatishadi. Universitet qoshida talabalarning loyihalari namoyish qilinuvchi art-galereya ochilgan. Ta'lim dargohi mahalliy ishbilarmonlar bilan faol hamkorlik qiladi, 2019 yilning yozida Britaniya startaplarini qo‘llab-quvvatlovchi innovatsion studiya ochishni rejalashtirmoqda. Britaniyaning ko‘p kinematograflari Art University Bournemouth’ni tugallashgan.

King’s College London nutritsologi

KCL – tibbiyot, ilm-fan va psixiatriyaga ixtisoslashgan davlat tadqiqot universiteti. Ta'lim reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallovchi King’s o‘z bitiruvchilari bilan faxrlanadi: ularning orasida DNK tuzilmalari, S gepatiti, Xigs bozoni ilk tadqiqotchilari bor. Bugunga kelib KCL to‘qqiz fakultetni o‘zida jamlagan: stomatologiya, neyron aloqalar, psixiatriya va psixologiya, tabiiy fanlar, nutritsiologiya, palliativ yordam va b.

Universitet bitiruvchilari ham tibbiyot sohasida, ham go‘zallik va media yo‘nalishlarida faoliyat yuritishadi. Uch yil davomida talabalar taomning qanday qilib insonning jismoniy va mental salomatligiga ta'sir qilishi haqida barcha ma'lumotlarga ega bo‘lishadi, taomlar tarkibini tahlil qilishni o‘rganishadi. Kurslardan shuningdek molekulyar biologiya, biokimyo va genetika, taom odatlari psixologiyasi ham o‘rin olgan.

Masha Budrite, nutritsiolog, jurnalist, King’s College London bitiruvchisi: “Men London Qirollik kollejida “nutritsiologiya” (oziqlanish haqidagi fan) ixtisosligi bo‘yicha tahsil olganman”. Birinchi kursda biologik fanlarning barcha yo‘nalishlaridagi talabalar bilan birga ta'lim olganman, ikkinchi va uchinchi kurslarda esa o‘z qiziqishlarimdan kelib chiqib fanlarni tanlash imkoniga ega bo‘ldim. Ikkinchi va uchinchi kurslar o‘rtasida bir yillik amaliyot olib, oziq-ovqat sanoatida ishlash imkoni ham bor edi. Bunday dasturlar nafaqat nutritsiologlarda, balki barcha fakultetlarda bor edi.

Buyuk Britaniya universitetlarining boshqa OTMlardan yana bir farqi – u yerda ma'ruzalarni tinglashdan tashqari rivojlanish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Men u yerda o‘qigan davrimda talabalar uchun qiziqishlariga qarab 200 dan ortiq to‘garak va klublar faoliyat yuritardi. Ba'zilarining tanlangan kasbga aloqasi bor edi, men nutritsiologlar va diyetologlar hamjamiyatiga a'zo bo‘lgandim. Hamjamiyat uchrashuvi har hafta o‘tkazilar edi, uchrashuvlarga oziq-ovqat sanoati vakillari hamda o‘tgan yillar bitiruvchilari taklif qilinar edi, ular o‘z tajribasi bilan bo‘lishardi. Bunday uchrashuvlar nafaqat qiziqarli mavzularga chuqurlashish, balki professionallar bilan norasmiy sharoitda suhbatlashish imkonini ham beradi.

Universitetni allaqachon tugallagan bo‘lishimga qaramay, ilmiy maqolalarim uchun avvalgidek uning kutubxonalaridan foydalanish imkoniga egaman”.

Mavzuga oid