O‘zbekiston | 12:27 / 23.05.2018
9849
3 daqiqa o‘qiladi

Hisob palatasi kimlarning ma'lumotlar bazasidan foydalana oladi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining 14.05.2018 yildagi 362-son qarori bilan soliq solinadigan bazani va soliq to‘lovchilarning to‘liq qamrab olinishini real vaqt rejimida baholashni ta'minlovchi Hisob palatasining dasturiy kompleksi joriy etilmoqda, deb xabar berdi Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, Hisob palatasi oliy tashqi audit va moliyaviy nazorat organi hisoblanadi hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda o‘z vakolatlarini amalga oshiradi.

Prezidentning 10.08.2017 yildagi PF-5147-son farmoni bilan uning faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilingan.
 
Dasturiy kompleks Hisob palatasiga soliq hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining ma'lumotlar bazasini taqqoslash imkonini beradi. Shu munosabat bilan uning bunday foydalanishini ta'minlash majburiyati yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlarining ikkita ro‘yxati tasdiqlandi.  
 
Birinchisi elektron ma'lumotlar bazalariga ega bo‘lgan va, tegishincha, ulardan real vaqt rejimida foydalanishga ruxsat eta oladigan davlat organlari va tashkilotlaridan iborat. Ular atigi 12 ta: 

• Moliya vazirligi;
• Adliya vazirligi;
• Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
• Davlat soliq qo‘mitasi;
• Davlat bojxona qo‘mitasi;
• Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi;
• Davlat statistika qo‘mitasi;
• O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi;
• «O‘ztransgaz» AJ;
• «O‘zbekenergo» AJ;
• «O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ;
• «O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi» AJ.
 
Ularning Elektron hukumatning idoralararo ma'lumotlar uzatish tarmog‘iga ulanishi ikki hafta muddatda ta'minlanadi.
 
Ikkinchisiga elektron ma'lumotlar bazalari shakllantirilgunga qadar Hisob palatasining elektron so‘rovi asosida axborotni ma'lumotlar ayirboshlash dasturiy ta'minoti orqali taqdim etadigan davlat organlari va tashkilotlari (atigi 33 ta) kiritilgan. Ular 2018-2020 yillar mobaynida o‘zlarining ma'lumotlar bazasini shakllantirishlari shart.
 
Joriy yilning 1 dekabrigacha ma'lumotlar ayirboshlashning dasturiy ta'minoti ishlab chiqiladi va foydalanishga topshiriladi.  
 
Hujjat 18.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid