O‘zbekiston | 15:11 / 07.05.2022
68778
6 daqiqa o‘qiladi

Bugun grin-karta natijalari e’lon qilinadi. Qancha odamga yutuq chiqadi?

AQShda doimiy yashash huquqini beruvchi DV dasturi natijalari bugun, 7 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00da e’lon qilinadi. Natijalarni dastur rasmiy saytida (dvprogram.state.gov), “Check Status” bo‘limiga kirish, so‘ng “Continue” tugmasini orqali tekshirish mumkin.

Foto: Photographer is my life / Getty Images

Odatda har yili natijalar e’lon qilinganidan keyingi soatlarda dastur rasmiy saytiga butun dunyo bo‘ylab juda ko‘p insonlar bir vaqtda kirishga urinadi, natijada sayt ishida texnik muammolar kuzatilishi mumkin.

Arizachilar o‘z arizalarining javobini 2022 yil 30 sentabrga qadar yuqoridagi manzil orqali ko‘rishlari mumkin. Bunda quyidagilarni kiritish zarur:

  1. Arizaning tasdiq kodi (onlayn anketa to‘ldirilganidan keyin berilgan 16ta belgi (harf va raqamlar)dan iborat kod);
  2. Arizachining familiyasi (faqat familiya, anketada yozilgani bilan bir xil shaklda bo‘lishi lozim);
  3. Arizachining tug‘ilgan yili (faqat yil ko‘rsatiladi);
  4. Saytda ko‘rsatilgan suratdagi harf va raqamlar (saytdan kompyuter-robot foydalanmayotganini tasdiqlash uchun).
Ariza natijasini tekshirish uchun dvprogram.state.gov saytiga kirib, bosh sahifadagi "Check Status" bo‘limini ochish, shundan so‘ng "Continue" tugmasini bosish zarur.
To‘rtta punktga ma’lumotlar kiritilgach, "Submit" tugmasi bosiladi

Yuqoridagilar kiritilganidan keyin ochiladigan sahifada, agar arizachi g‘olib deb topilgan bo‘lsa: “You have been randomly selected…” (Siz ... uchun tasodifan tanlab olindingiz) deb boshlanuvchi matn ko‘rinadi.

Sahifada bosh harflar bilan “… HAS NOT BEEN SELECTED” ([arizangiz] tanlab olinmadi) degan yozuv chiqsa, bu arizachining lotereyada omadi chopmaganini bildiradi.

DV-2023 dasturi uchun arizalar 2021 yil 6 oktyabrdan 9 noyabrgacha qabul qilingan edi.

Bu kunni millionlab o‘zbekistonliklar kutadi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston – aholisi eng ko‘p grin-karta o‘ynaydigan davlatlar ro‘yxatida turadi. 2017 yilda O‘zbekistonning 1,8 million fuqarosi DV dasturida qatnashgan.

2016 yil may oyida 4501 nafar, 2017 yil mayida 4494 nafar o‘zbekistonlikka yutuq chiqqan. Ammo g‘oliblarning barchasiga ham grin-karta nasib etavermaydi. 2017 yilda 3199 nafar, 2018 yilda 2058 nafar, 2019 yilda 823 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV dasturi orqali AQShda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritgan.

2010-2019 yillarda (10 yil ichida) 27 563 nafar o‘zbekistonlikka grin-karta berilgan, bu yiliga o‘rtacha 2755 kishi demakdir (bu yerda aynan DV lotereyasi orqali olingan grin-kartalar haqida gap ketmoqda; ma’lumot uchun, grin-karta olishning boshqa yo‘llari ham bor).

Lotereya g‘olibi bo‘lish grin-karta olasiz degani emas

AQShda doimiy yashash guvohnomasining rangi yashil bo‘lgani uchun lotereya norasmiy ravishda "grin-karta" nomini olgan.

2021 yilda dasturga ariza bergan, 2022 yil 30 sentabrgacha natijalarni tekshirgan va tanlangan nomzodlar 2023 yilning 30 sentabriga qadar viza rasmiylashtirib ulgurishi kerak. Ammo shunday holatlar ham bo‘ladiki, yutuq chiqqanlarning yarmigacha qismi grin-kartani qo‘lga kirita olmaydi.

Bunga sabablar – hujjatlardagi xatolar; viza olish xarajatlari va AQShga yetib borib u yerda dastlabki oylarda yashash uchun yetarli mablag‘ning yo‘qligi; eng oxirgi bosqichda esa suhbatdan o‘ta olmaslik va hokazo.

Yana bir sabab – shunchaki kech qolish. Hatto barchasini to‘g‘ri qilgan taqdiringizda ham, suhbatga kirish navbatingiz kelgunicha sizning davlatingiz uchun ajratilgan kvota to‘lib qolishi mumkin. Chunki AQSh Davlat departamenti turli sabablar bilan keyingi bosqichdan o‘ta olmaydigan nomzodlar ham bo‘lishini inobatga olib, ajratilgan kvotadan ikki barobargacha ko‘proq kishini g‘olib deb e’lon qiladi.

G‘oliblar AQShga o‘zi bilan birga kimni olib ketishi mumkin?

Tanlangan nomzodlarning qonuniy eri yoki xotini, shuningdek 21 yoshga to‘lmagan va hali oila qurmagan bolalari ham g‘olib bilan birga AQShga yo‘l olish uchun konsulxonaga ariza berish huquqiga ega.

G‘oliblarning ota-onasi, aka-ukasi yoki opa-singlisida bunday huquq bo‘lmaydi.

DV – qanaqa dastur o‘zi?

Diversity Visa Program – Amerika jamiyatida millatlar xilma-xilligini ta’minlashga qaratilgan viza dasturi. Dastur AQShda 1990 yilda qabul qilingan qonun asosida yo‘lga qo‘yilgan. Undan ko‘zlangan maqsad – AQShga tarixan immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan millatlar vakillariga Amerikada yashash huquqini berishdir.

G‘oliblar keyingi jarayonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, AQShda doimiy yashash, qonuniy ishlash va 5 yildan so‘ng AQSh fuqaroligini olish uchun ariza berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Grin-karta egalari fuqarolik olgunga qadar saylovda ovoz berish huquqidan tashqari, AQSh fuqarolariga berilgan aksariyat huquqlardan foydalana oladi.

Dastur orqali har yili 55 ming kishiga AQShda yashash huquqi taqdim etish ko‘zda tutilgan. Dastur g‘oliblari kompyuter yordamida tasodifiy tanlanadi.

2020 yilda dunyo bo‘yicha 13 191 296 kishi lotereyada qatnashgan (“dependent” – hamroh sifatida qayd etilganlar ham shular jumlasidan). Ulardan 119 021 nafari tanlab olingan – yuqorida aytilganidek, tanlab olinganlarning yarmigacha qismi turli sabablar bilan viza ololmaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mavzuga oid