Jamiyat | 11:56 / 10.03.2024
27547
2 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: arava tortib Umraga borgan otaxon

Abdulhamid Aliyorov Buvayda tumani Jalayer mahallasidan. U bozorda arava tortadi, to‘y-hashamlarda samovarda choy qaynatib, odamlarning og‘irini yengil qiladi. Turmush o‘rtog‘i bir necha yil avval jigar xastaligidan vafot etgan. Ikki nogiron farzandini ham ota, ham ona bo‘lib parvarish qilyapti. Otaxon pul jamg‘arib, Umra safariga ham borib kelgan.

Asosan dehqon bozorida arava tortib tirikchiligini o‘tkazayotgan otaxon oilasi va Umraga borib kelgani haqida so‘zlab berdi:

“66 yoshdaman. Har yakshanba kuni bozorga chiqaman. Ish yaxshi bo‘lsa, 200 ming so‘mgacha pul topaman.

Boshqa kunlari to‘y-ma’rakalarda samovarda choy qaynatib, tirikchilik qilaman. Har xil odam bor, birov o‘n ming, boshqasi esa besh ming so‘m beradi. Topgan pulimga bozorlik qilib, uyga qaytaman.

Ikki qiz, ikki o‘g‘il — to‘rt farzandim, uch nevaram ham bor. Turmush o‘rtog‘im 4 yil avval og‘ir xastalikdan vafot etgan.

Yaratganga shukr, kuch-quvvatim bor. Kirlarni o‘zim yuvaman, osh-ovqatimni ham o‘zim qilaman. Ikki nogiron o‘g‘ilni parvarish qilib kelyapman. Topgan pullarim ro‘zg‘orga yetib turibdi. 800 ming so‘m pensiya olaman. Nolimayman, tirikchilik o‘tyapti.

Bir marta davlat tomonidan Umraga bordim, keyin yana ko‘rgim keldi ulug‘ joylarni.

O‘zim pul yig‘ib, yana ikkinchi marta Umraga borib keldim. Muqaddas manzillarga borgan odam u yerlarga yana borgisi kelaverarkan. Nasib qilsa, uchinchi marta ham bormoqchiman”.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz

Mavzuga oid