Jamiyat | 11:15 / 23.10.2025
30139
10 daqiqa o‘qiladi

Qarz munosabatni buzadi: Quvada IIB xodimlari va choyxonachi “kelisholmay” qoldi

Farg‘ona viloyati Quva tumanida ichki ishlar xodimlari uch aka-uka yuritadigan oshxonada kabob yeb, pulini to‘lamay kelgan. Qarzdorlik ko‘payib ketgach, o‘z haqini talab qilgan tadbirkorga xodimlar tomonidan bosim boshlangan. Hatto to‘ng‘ich aka Abror Sodiqov “ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani” aybi bilan ma’muriy qamoqqa tiqilgan. “Xodimlar formada kelib, aroq ichib, oyoqda tura olmasdan yiqilgudek bo‘lib chiqib ketishadi”, deydi tadbirkor.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tadbirkor Ahmadali Yunusovning aytishicha, hammasi Quva tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Hamroboyevning o‘qituvchi va murabbiylar kuni bayramiga 3 ta “korobka” qilib berasan, degan topshirig‘i bajarilmaganidan keyin boshlangan.

“Quva tumani Iftixor mahallasida joylashgan “Ulfatlar” nomli oshxonani yuritaman. Shu paytgacha ichki ishlar xodimlari oshxonamizga kelib, yeb-ichib pulini bermay ketar edi. Akam Moskvadan kelib, qarz daftarni ko‘rdi va “Nasiya ko‘payib ketibdi, birovga nasiya qilma, qarzlarni tezroq yig‘”, deb qat’iy tayinladi. Avvalo Quva tuman IIB boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qildim. “Beraman, beraman, olasan”, deb va’da berdi. Undan keyin boshqa ichki ishlar tizimidagi qarzi borlarga birma-bir qo‘ng‘iroq qilib chiqdim. Natija bo‘lmagach, ilojsizlikdan 1102 ishonch telefoniga aloqaga chiqib, bor gapni aytdim. Shundan keyin ayrim xodimlar qarzini berib ketishdi, ayrimlari esa  yo‘q. Keyin esa bizga qarshi ishlashni boshlashdi. Akamga “statya” qo‘yib, 5 sutkaga qamashdi.

Ichki ishlar bilan nizo boshlanishiga sabab Quva tuman IIB xodimi Baxtiyor Hamroboyevning “Ustoz va murabbiylar kuniga “karobka” qilib bering”, degan topshirig‘ini bajarmaganim bo‘ldi. Narxini bilsam har bir “karobka” 1 mln so‘m ekan. 3 mln so‘mlik topshiriq og‘irlik qildi to‘g‘risi.

Topshiriq bajarilmaganidan keyin bizga qarshi har xil rejalar tuzishdi, amaliyotlar olib borishdi. Oshxonamni har xil bahonalar bilan berkitmoqchi bo‘lishdi. Quvada boshqa oshxonalar ishlab tursa, nega aynan mening oshxonam soat 22:00 da berkilishi kerak? Hayron qolasan kishi.  

Xodimlar tahdidlar qilib, “ko‘chada yurishingni o‘yla, oshxona ochishingni o‘yla, tadbirkorlik qilishingni o‘yla”ga tushishdi. Prezident “tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatla”, “tadbirkorga tegma”, deyaptiku.

Odatda IIB xodimlari 200 ming so‘m “schyot” bo‘lsa, 100 ming so‘m, 100 ming so‘m “schyot” bo‘lsa, 50 ming so‘m beradi. Bermay chiqib ketgani ham bo‘ladi. Shunda ham rozi bo‘laman. Nega? Rahmatli otam ana shu tizimda ishlagan, shu tizimning nonini yeb, bizni voyaga yetkazgan. Tizimning, otamning hurmatidan xodimlarning ko‘nglini olishga harakat qildim. Lekin ular haddidan oshib ketishdi. Tizim menga qarshi ishlashni boshladi. Xodimlarni formada kelib aroq ichib, oyoqda tura olmay yiqilgidek bo‘lib chiqib ketishlarining ko‘p guvohi bo‘lganman. Lekin biror marta sotmadim. Akamni qamatgandan keyin ko‘zim ochildi. Halol ishlab topgan haqqimni so‘raganimdan keyin baloga qoldim”, deydi tadbirkor Ahmadali Yunusov.

“Yeydi, ichadi, bolalar berib ketadi, deb ketaveradi” 

“Baxtiyor aka bor Quva IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, 1,8 mln so‘m qarzi bor. Bir marta pul bermagan. Keladi, yeydi, ichadi, bolalar berib ketadi, deb chiqib ketadi. Xo‘p, xo‘pdan boshqa gap ayta olmaymiz. Oxiri nasiya to‘lib ketganda hisoblab chiqsak, 10 mln so‘mdan o‘tib ketibdi. “Nachalnik GAI” Farruh akaning ham qarzi bo‘lgan. Uning xodimi O‘tkir aka ham qarz bo‘lgan. “Nachalnik militsiya”ning haydovchisi Ziyod aka ham qarz bo‘lgan. Sulton aka ham qarz bo‘lgan. Doston aka “uchastkavoy”ning ham 500 ming so‘m qarzi bor. Qarzlar to‘lib-toshgandan keyin ishonch telefoniga chiqishga qaror qildik.

Bunga javoban biz bilan olishishni boshlabsanlarmi, deb 15 oktyabr kuni akamni 5 sutkaga olib kirib qo‘yishdi. Avaz aka, JTSBning boshlig‘i. Skuterda ketayotgan bolani aynan jiyanimizligini bilib turib, atay to‘xtatgan. To‘xtatib, qo‘lini qayirib turgan akam borgunicha. Akam voqea joyiga yetib borib, tortishib ketgan. O‘zlari atay janjal chiqarishdi. Buning ortidan akamni 5 sutkaga qamab qo‘yishdi.

Akamning 1,5 mlrd so‘m krediti bor. Kredit olib, mana shu choyxonamizni yurityapmiz. IIBning sovg‘a olib ber, degan topshiriqlarini bizga ortiqchalik qiladi.

Ayrim IIB xodimlari formada oshxonamizga keladi-da, spirtli ichimliklar ichadi. Oyoqda tura olmaydigan darajada ichganidan keyin noiloj bir ikki marta uyiga tashlab qo‘yganman. Qilgan ishimni tana qilmayman, lekin shunga majbur qilishdi bular.

150 ming so‘mdan qo‘y go‘shti, 135 ming so‘mdan halol mol go‘shti olib ishlatamiz. Bular kelib yeb-ichib ketadigan bo‘lsa, pulini qayerdan olib qoplayman?!  Kreditlarim, solig‘im, svetim, gazim bor, ishchilarim bor. Bu ketishda oshxonamni yopishim kerak. Ishlashdan foyda qolmadi. Faqat shularga ishlab berishim kerak. 

Akamni 5 sutkaga qamab qo‘yishganidan keyin viloyatga yozdik, apellyatsiyaga berdik. 15 oktyabr kuni kirgan bo‘lsa, 17 oktyabr kuni chiqdi”, deydi Mashhurbek Yunusov.

“Qarzni to‘langlar desak do‘q-po‘pisaga o‘tishdi” 

“Safardan Quvaga qaytib kelib, qarz daftarni ochsam, qarzdorlik to‘lib-toshib ketibdi. “Uchastkovoy”larning boshlig‘i 400 ming so‘m, 12-boshliqni 1,8 mln so‘m,  IIB boshlig‘i haydovchisi 260 ming so‘m... Ukam qarzni qaytaringlar, deganida IIB boshlig‘ining haydovchisi kelib, do‘q-po‘pisa qilib, senlarga reyd boshlaymiz, deb ketibdi. JTSB boshlig‘i Avazbek aka bizga nihoyatda ko‘p bosim o‘tkazdi. Kelib oshxonani berkitasan, deb ovqatlanib o‘tirganlarni haydadi, boshqa qildi. Xo‘p dedik, ko‘zimizni yumdik. Bo‘pti dedik.

Jiyanim nomersiz skuter haydagini uchun IIB xodimi uni ushlab, qo‘lini qayiribdi. Voqea joyiga yetib borib jarimasini to‘layman desam ham tortishuv to‘xtamadi. Spirtli ichimlik ichgansan, deb 5 sutkaga olib kirib qo‘yishdi. Lekin aroq ichmagandim. Xudoga shukur, adolat bor ekan, sud oqlab, qamoqdan chiqarib berdi. Bizning aybimiz ichki ishlar xodimlaridan haqqimizni so‘rab qo‘yganimiz bo‘ldi.

Davlatga har oy 12,8 mln so‘m soliq to‘layman. Davlatga ziyon keltirmaganman. Prezidentimiz tadbirkorlarga keng yo‘l ochib beryapti. Lekin Quvada buning aksi bo‘lyapti: “uchastkavoy”lar o‘z vazifasini suiste’mol qilib, davlat bergan formasidan foydalangan holda bizga tazyiq, bosimlar o‘tkazyapti,” deydi tadbirkor Abror Sodiqov.

5 sutka qamoq

JIB Quva tuman sudining 2025 yil 15 oktyabrdagi qarori bilan Abror Sodiqov ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish hamda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik huquqbuzarliklarini sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sud qarorida Abror Sodiqov hech qanday hujjatlarsiz skuter boshqarib ketayotgan voyaga yetmagan jiyanini to‘xtatgan IIB xodimlarining oldiga Malibu mashinasida kelib, yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda mashinasini yo‘lning qarama-qarshi tomoniga to‘xtatgani, IIB xodimlarining mashinani yo‘lning qatnov qismidan olishi haqidagi qonuniy talablarini bajarmagani keltirilgan. Tadbirkor esa sudda IIB xodimlari suhbat davomida qattiq gapirgani uchun tortishganini ma’lum qilgan. 

Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 17 oktyabrdagi qarori bilan dastlabki sud qarori bekor qilingan va ish qo‘shimcha o‘rganish uchun Quva tuman IIBga yuborilgan. Ammo bu orada Abror Sodiqov 3 kun umrini qamoqda o‘tkazib bo‘lgandi. Surishtiruvga qaytgan ishning taqdiri esa hozircha noma’lum.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi. 

Mavzuga oid