Putin Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi
U Azerbaijan Airlines samolyoti qulashi uchun Rossiya javobgarligini tan olib, «fojiali hodisa» havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyga dronlar hujumini qaytarayotgan vaqtda ro‘y berganini aytgan. Ammo halokatning aniq sababiga to‘xtalmagan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Azerbaijan Airlines samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahrida halokatga uchragani yuzasidan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon muloqoti o‘tkazdi, deb xabar berdi 28 dekabr kuni Kreml matbuot xizmati. Xabarda qayd etilishicha, muloqot Rossiya tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilgan.
Putin «fojiali voqea Rossiya havo hududida yuz bergani» uchun Aliyevdan uzr so‘ragan va qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan. Kreml xabariga ko‘ra, Putin Bokudan jadval bo‘yicha parvozni amalga oshirgan samolyot «bir necha marta Grozniy shahridagi aeroport hududiga qo‘nishga uringani»ni aytgan.
«Bu vaqtda Grozniy, Mozdok va Vladikavkazga ukrainlarning jangovar uchuvchisiz uchish apparatlari hujum qilgan va Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari bu hujumlarni qaytargan», — deyiladi xabarda.
Kreml bayonotida samolyot halokatiga aynan nima sabab bo‘lgani aytilmagan. Unda Rossiya Tergov qo‘mitasi Jinoyat Kodeksining 263-moddasi (Havo transporti harakati xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi ochgani qayd etilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, fuqarolik va harbiy mutaxassislar so‘roq qilinmoqda. Hozir Ozarboyjon Bosh prokuraturasining ikki xodimi Grozniyda bo‘lib, u yerda Rossiya Bosh prokuraturasi va Tergov qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Rossiya, Ozarboyjon va Qozog‘istonning tegishli idoralari Oqtovdagi hodisa joyida yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati ham ko‘p o‘tmay Putin va Aliyev muloqoti bo‘yicha o‘z versiyasini e’lon qildi. Undan ma’lum bo‘ladiki, Putin 25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga reysni amalga oshirgan samolyot «Rossiya havo hududida tashqaridan fizik va texnik ta’sirga uchragani va buning oqibatida yuzaga kelgan fojiali voqea uchun uzr so‘ragan».
Aliyev muloqot davomida samolyot fyuzelyajida «ko‘plab teshiklar» borligi, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari «havoda ekanidayoq qoplamani teshib o‘tib, samolyot saloniga kirgan begona jismlardan jarohatlangani»ni aytgan. «Omon qolgan bort kuzatuvchilari va samolyot yo‘lovchilarining ko‘rsatmalari tashqaridan fizik-texnik ta’sir bo‘lgani faktini tasdiqladi», — degan Aliyev Putinga.
«Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari ushbu fojianing barcha tafsilotlarini jiddiy va keng qamrovli tekshirish, shuningdek, aybdorlarni javobgarlikka tortish masalalarini muhokama qildilar», — deyiladi Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga parvoz qilgan samolyoti 25 dekabr tongida Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchradi. Bortdagilardan 29 kishi omon qolib, 38 kishi halok bo‘lgan. Euronews va Reuters Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayanib bergan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot halokatiga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi zarbasi sabab bo‘lgan. Reuters xabariga ko‘ra, Grozniy ustida «dronlar faolligi kuzatilayotgan» vaqtda samolyotga raketa otilgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.
Rossiya hukumati buni tasdiqlamagan. Halokatdan ikki kun o‘tib Rosaviatsiya rahbari Dmitriy Yadrov samolyota Grozniy aeroportiga qo‘nish uchun kirayotganida shahar dronlar hujumiga uchraganini aytgan. U samolyot komandiriga qo‘nish uchun Rossiyadagi boshqa aeroportlar taklif qilingani, ammo u Oqtovdagi aeroport tomon uchishga qaror qilganini bildiran. Shu bilan birga, Euronews telekanalining Ozarboyjon hukumatidagi manbasi shikastlangan layner ekipaji avariyaviy qo‘nishni amalga oshirishni so‘ragani, ammo unga Rossiya aeroportlaridan birortasiga qo‘nishga ruxsat berilmaganini xabar qilgan.
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qilayotgan Kanat Bozumbayev 28 dekabr kuni ekspertlar layner Qozog‘iston hududidan tashqarida shikastlanishga uchragani haqida xulosaga kelganini ma’lum qildi. «Portlash va nimadan bo‘lgani»ni aniqlash uchun maxsus ekspertiza tayinlangan.
Samolyot halokatidan ko‘p o‘tmay xorijiy aviakompaniyalar Rossiya shaharlariga parvozlarini to‘xtata boshladi. Dastlab Isiroilning El Al milliy aviatashuvchisi Rossiyaga uchmay turishga qaror qilgandi. Buning ortidan Azerbaijan Airlines Rossiyaning o‘n shahri — Grozniy, Mahachqal’a, Sochi, Mineralniye Vodi, Vladikavkaz, Nijniy Novgorod, Samara, Saratov, Ufa va Volgogradga uchishni to‘xtatgan. Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi Astana — Yekaterinburg yo‘nalishidagi reyslarni bekor qilgan, FlyDubai Dubaydan Sochi va Mineralniye Vodiga uchmay turadi. Shuningdek, «Turkmaniston» aviakompaniyasi Moskvaga reyslarini 1 oyga to‘xtatdi.
Mavzuga oid
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
21:05 / 04.01.2025
Rossiya aviakompaniyalariga tegishli ikkita samolyot dvigateli parvoz vaqtida ishdan chiqdi
18:35 / 04.01.2025
“Katta miqdorda maosh beramiz deyishdi” – Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi
17:16 / 04.01.2025