Jahon | 16:01 / 07.09.2025
14841
3 daqiqa o‘qiladi

Portugaliyadan Vladivostokka velosipedda ketayotgan fransuz Rossiyada hibsga olindi

U Yevrosiyoni eng tez kesib o‘tish bo‘yicha rekordni yangilashga uringan.

Vladivostokda Yevrosiyoni velosipedda eng tez kesib o‘tish bo‘yicha jahon rekordini yangilashga uringan fransiyalik velosipedchi Sofian Sexili qo‘lga olindi. Bu haqda manbalarga tayanib, Le Monde xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Sexili chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda.

Sehili 44 yoshda. U hujjatli filmlar suratga olish bilan shug‘ullangan, lekin 2012 yilda velosiped sporti bilan shug‘ullanish uchun bu ishni tashlagan. O‘shandan beri u 20 ga yaqin ko‘p kilometrlik poygalarda qatnashib, ularning 11 tasida g‘alaba qozongan. Ular orasida Tour Divide poygasi ham bo‘lib, unda Kanadadan Meksikagacha bo‘lgan 4,5 ming kilometrlik masofa bosib o‘tiladi.

Iyun oyi o‘rtalarida Sexili o‘zining instagramida 2017 yilda Yevrosiyoni velosipedda eng tez kesib o‘tish bo‘yicha rekord o‘rnatgan germaniyalik Jonas Deyhmanning rekordini (u Portugaliyaning Roka burnidan Vladivostokkacha 64 kun, ikki soat va 26 daqiqada yetib borgan) yangilashni orzu qilayotgani haqida yozgandi.

2025 yil 1 iyulda Sexili o‘z sayohatini Portugaliyadan jo‘nab ketishdan boshladi. Velosipedchining instagramdagi postlaridan ma’lum bo‘lishicha, u birinchi marta iyul oyi oxirida Chechenistonga Gurjiston orqali kirib, Rossiya chegarasini kesib o‘tgan. U Rossiyani Astraxan oblasti orqali tark etib, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston hududlari bo‘ylab sayohatni davom ettirgan.

Le Monde xabarida yozilishicha, Sexili Xitoyda o‘z sayohatini to‘xtatgandi. «Maqsadga shunchalik yaqin joyda muvaffaqiyatsizlikka uchrash – yurakni ezadi. Endi menda yana rekord uchun borishni xohlash-xohlamasligimni hal qilish uchun o‘n oy vaqt bor... yoki bu abadiy muvaffaqiyatsizlik bo‘lib qoladi», – deb yozgan u o‘z storisida. 2 sentabr kuni u Xitoy-Rossiya chegarasida rossiyalik bojxonachilar tomonidan to‘xtatilgani haqida xabar qoldirgandi.

Sexili bilan keyin nima bo‘lganini ushbu qayddan bilib bo‘lmasdi.

Le Monde xabariga ko‘ra, Fransiya konsulligi velosipedchiga yordam berishga harakat qilmoqda. Rossiya hukumati Sexilining hibsga olingani haqidagi ma’lumotga hozircha izoh bermadi.

Mavzuga oid