O‘zbekiston | 21:29 / 12.09.2024
16619
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metropoliteni donasi 100 ming dollarga teng eskalatorlar o‘rnatyapti. Bu qimmat emasmi?

“Xalqlar do‘stligi”, “Novza” va “Paxtakor” bekatlariga 8 ta eskalator o‘rnatish uchun salkam 10,6 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan. Yetkazib berish va o‘rnatish ishlariga “Mercury Solution” MChJ tanlangan. Mablag‘lar manbasi – davlat budjeti. Kun.uz manbalari qurilmalar uchun buncha summa juda ko‘pligini aytmoqda.

“Novza” bekatida eskalator almashtirilmoqda. / Foto: Kun.uz

Toshkent metropolitenida eskirgan eskalatorlar yangilanmoqda.

Metropoliten ma’muriyatiga ko‘ra, “Xalqlar do‘stligi” bekatining ikki vestibyulidan biridagi eskalatorlar yangisiga almashtirilib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlagan.

Hozirda “Novza” bekatida ham ikkita eskalatorni almashtirish ishlari ketmoqda. Kompaniya matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, shundan keyingi navbat “Paxtakor” bekatiga keladi.

Eskalatorlarni yetkazib berish va ularni o‘rnatish uchun tender asosida Mercury Solution tanlab olingan. Ochiq manbalarga ko‘ra, “Toshkent metropoliteni” DUK va “Mercury Solution” MChJ o‘rtasida 10 mlrd 559 mln so‘mlik shartnoma imzolangan.

Shartnoma “Xalqlar do‘stligi”, “Novza” va “Paxtakor” metro bekatlari uchun jami 8 ta eskalator yetkazib berish va o‘rnatishni ko‘zda tutadi.

Ishlar 6 oyda bajarilishi kerak edi, nega kechikdi?

2023 yil 22 noyabr kuni imzolangan shartnomaga ko‘ra, Mercury Solution 180 kalendar kun ichida yetkazish va o‘rnatish ishlarini to‘liq bajarishi lozim bo‘lgan. Demak, dekabr oyidan sanalsa, 3 ta bekatdagi qurilish ishlari iyungacha tugatilishi kerak edi.

Ammo “Xalqlar do‘stligi” metrosining eskalatorlari 2024 yil sentabrga kelib almashtirilganini hisobga olsak, ishlar kechikkan. “Toshkent metropoliteni” buni qurilmaning kech kelishi bilan izohladi.

[Eskalatorning] kelishi va bojxona chegarasidan o‘tishida biroz muammo yuzaga kelgan. Bundan tashqari, qurilma o‘rnatilganidan keyin ham yo‘lovchilarning xavfsizligi uchun test rejimida ishlatgandik. Shuning hisobiga belgilangan muddatdan o‘tib, cho‘zilgani kuzatildi”, – deydi tashkilot matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, GRE50 markali bu eskalatorlar Xitoyning “Sicher Elevator Co., Ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan.

8 ta eskalator uchun 830 ming dollar ko‘p emasmi?

“Sicher Elevator Co., Ltd” saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, eskalatorlarning narxi 10 ming dollardan 55 ming dollargacha deb belgilangan. Aynan GRE50 markalilarining qanchaga sotilayotgani esa ko‘rsatilmagan.

Shu turdagi qurilmalar importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Kun.uz bilan suhbatda 8 ta eskalator uchun 10,6 mlrd xarajatni juda ko‘p deb baholadi.

Katta-katta firmalar bilan aynan [eskalatorlar masalasidagi] tenderlarda bu firma ishtirok etganini ko‘rmaganmiz. 8 ta eskalator va ularni o‘rnatish uchun bu juda katta summa. Hozir biz o‘rnatayotgan eskalatorlarni 28-29 ming dollarga olib kelyapmiz. Ularning har biri uchun bojxona to‘lovlarini hisoblaganingizda ham nari borsa 35 ming dollar bo‘ladi.

Metro eskalatorlar o‘rnatish bo‘yicha tender e’lon qilganda, bizga ham chiqishgandi, lekin davlat buyurtmasi bo‘lgani uchun qiziqmadik, qatnashmadik. Avval Toshkent metrosi uchun eskalatorlar olib kirgandik, u eskalatorlar ancha uzun edi, oddiy eskalatordan farq qilardi. Narxiga kelsak, 28 ming dollar bo‘lsa, men [foydamizni] qo‘shib hisoblab, 40 ming dollarga chiqarsam ham, 8 ta eskalatorning narxi 320 ming dollar bo‘lyapti – nari borsa 4,1 mlrd so‘m”, – deydi shaxsi ochiqlanmasligini istagan importyor.

Kun.uz “Toshkent metropoliteni”ga nima sabab qurilmalar buncha qimmat baholanganiga oid so‘rov yubordi.

Shuningdek, tender uchun boshlang‘ich narx belgilanayotganda bozor o‘rganilgani yoki yo‘qligi, qanday asoslar bo‘yicha boshlang‘ich narx o‘rnatilgani savol ostida.

Shuningdek, Mercury Solution'ga ish tajribasi mezoni bo‘yicha 10 ball qo‘yilishiga korxonaning qaysi ishlari sabab bo‘lgani, ushbu ta’minotchi avval qayerlarda eskalatorlar o‘rnatilgani haqida ham ma’lumot berilishi maqsadga muvofiq.

So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasi davlat idoralarining xaridlarga oid kelishuvlaridagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni aniqlashda faollashgani kuzatilmoqda. Qo‘mita ushbu maqolada ko‘tarilgan masalani ham o‘rganishiga zarurat borga o‘xshamoqda.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz

Mavzuga oid