O‘zbekiston | 16:16 / 06.02.2023
25407
3 daqiqa o‘qiladi

Aksilkorrupsiya agentligi jamoat kengashi Amrillo Inoyatovning shifokorlar maoshi haqidagi so‘zlarini qoraladi

Kengashning ta’kidlashicha, bemor beradigan pulni shifokorni rag‘batlantirishning yo‘li deb ko‘rish qonunchilikka va korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid. Bu – korrupsiyaviy jinoyatlar ko‘payishiga, shifokor kasbi mavqeyining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi, deyiladi kengash bayonotida.

Foto: O‘zA

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning maosh borasida shifokorlarga bergan tavsiyasi jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘ldi.

“Agar bemorni mehr bilan davolab, to‘g‘ri yondashsangiz, rozi bo‘lib o‘zi sizga barakasini berib ketadi. So‘ramasangiz ham”, – degandi vazir kuni kecha tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.

Vazirning bu so‘zlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ham munosabat bildirdi.

“Jamoatchilik kengashi Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha boshlagan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga, sharafli kasb egalari – shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning e’tirof etilishini qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etadi.

Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeyining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi”, – deyiladi kengash bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qo‘shma bayonotida “tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq to‘lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish” belgilangan.

Jamoatchilik kengashining ta’kidicha, shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qat’i nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq to‘lashning toifalangan mexanizmini joriy etish – SSVning asosiy maqsadi bo‘lishi lozim.

Aksilkorrupsiya organi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bu masala ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ma’lum qilgan.

Amrillo Inoyatovning maslahatiga “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov ham munosabat bildirdi. U Twitter'dagi sahifasida tibbiyotdagi korrupsiyaga ishora qiluvchi suratni joylab, shunday deb yozdi:

“Rozi qilish – korrupsiya.

Chin ko‘ngildan berilgan sovg‘ani olish – korrupsiya.

Mehr evaziga manfaat olish – korrupsiya”.

Mavzuga oid