Iqtisodiyot | 18:26 / 05.09.2025
2413
2 daqiqa o‘qiladi

QQSni nollashtirishdan O‘zbekistondagi fermerlarning qariyb yarmi manfaat ko‘radi - vazir

2026 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi sub’yektlari o‘zi yetishtirgan mahsulotlarni sotishda QQSdan ozod etilishi 48 mingdan ziyod fermerga bevosita taalluqli bo‘ladi. Natijada rentabellik 5-7 foizdan 15 foizgacha oshadi. QQSdan ozod qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati har yili e’lon qilib boriladi, dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov.

Foto: O‘zbekiston 24

4 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi yig‘ilishda 2026 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun QQSni nol stavkaga tushirishga qaror qilindi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida bu qaror respublikadagi 100 mingdan ortiq fermerdan 48 ming nafariga to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaatli bo‘lishini aytdi.

“Bu fermerlarda soliq yukini kamaytirib, rentabellikni hozirgi 5-7 foizdan 15 foizga oshiradi. Soyadagi iqtisodiyotni qisqartiradi. Chunki tomorqalarda qo‘shimcha qiymat yo‘q, lekin sanoatlashgan bog‘larda qo‘shimcha qiymat bo‘lgani uchun bu mahsulot yetishtirishda murakkabliklar keltirib chiqarardi. [QQSni nollashtirish] qishloq xo‘jaligida yangi tizimlarni rag‘batlantirib boradi.

Bundan tashqari, qo‘shimcha mablag‘ ko‘proq qoladi va o‘g‘it, yoqilg‘i, elektr energiyasiga sarflagan mablag‘lari QQSdan ozod qilinganidan keyin, qolgan mablag‘ qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga sarflanadi. Bu qishloq xo‘jaligida katta o‘zgarishlarga olib keladi. Fermerlarda manfaatdorlik oshadi, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish kengayadi, davlatning yirik soliq aylanmasi paydo bo‘ladi”, – dedi vazir.

Ibrohim Abdurahmonovga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda har yili QQS nol bo‘lgan mahsulotlar e’lon qilib boriladi. Shuningdek, bu mahsulotlar qiymatga o‘tganidan keyin elektron platformada 3 kun ichida QQS keshbek sifatida boshqa tarmoqlarga to‘lab beriladi.

Vazir joriy yilgi maqsad 517 trln so‘mlik mahsulot yaratish ekanini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid