Toshkentdagi mehmonxonada kechasi baland ovozda musiqa qo‘ygan xorijlik 15 sutkaga qamaldi
U mayda bezorilik, maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish hamda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik kabi huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Toshkent shahridagi mehmonxonada kechasi baland ovozda musiqa qo‘yib, atrofdagilarning tinchini buzgan chet el fuqarosi ma’muriy jazoga tortildi.
Kun.uz muxbiri tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yil 16 aprel kuni soat 22:30da Malika mehmonxonasi xodimi F.Aliyev Toshkent shahar IIBB ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, mijoz Aleksander Xaustav fuqarolar tinchini buzayotganini ma’lum qilgan. U arizasida mijoz kechasi baland ovozda musiqa qo‘ygani, shuningdek, mast holatda mehmonxonaga peshob qilganini bildirgan.
Holat yuzasidan voqea joyiga IIO xodimlari yetib kelgan hamda Aleksander Xaustavni IIB bo‘limiga taklif qilishgan. Ammo u IIB bo‘limiga borishdan bosh tortib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan.
Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar mijoz aybiga iqror bo‘lgan. U o‘sha kuni uyida spirtli ichimlik iste’mol qilgani, O‘zbekistonga pasxa bayrami munosabati bilan ota-onasi qabrtoshlarini yangilash uchun kelgani, mehmonxonaga yetgan zararlarni qoplab berishi, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan. Mehmonxona xodimi esa Aleksander Xaustav musiqani baland qo‘yib mehmonlar tinchini buzgani, sigaret chekib tashlashi natijasida mehmonxonaga zarar yetkazganini ma’lum qilib, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud qarori bilan Aleksander Xaustav Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) va 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
09:17
Isroil Bayrutga zarba berdi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgan
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024