O‘zbekiston | 11:47 / 28.10.2021
5328
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 14 ta mahalla maxsus loyihalar asosida obodonlashtiriladi

Toshkent shahrining 14 ta mahallasi milliy va zamonaviy qiyofani uyg‘unlashtirgan holda obodonlashtiriladi. Loyiha o‘zbek mahallasi fenomenini Venetsiya biyennalesiga olib chiqqan Madaniyat va san'at jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hukumati ko‘magi bilan 2021 yilda Venetsiyadagi 17-Xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekistonning “Mahalla: shahar va qishloq hayoti”deb nomlangan birinchi milliy paviloni namoyish etilgan edi. Mazkur loyiha poytaxtdagi 14 ta mahallada davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan 26 oktabr kuni Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “Mahalla kelajagi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda arxitektura va qurilish sohasi ekspertlari tarixiy merosni asrashda innovatsion yondashuvlar mavzusini muhokama qilishdi.

Qurilish vazirligi arxitektura va shaharsozlik boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Jahongir Anvarovning aytishicha, loyihaning asosiy maqsadi mahallalarning aslini, milliyligini yo‘qotmagan holda qayta obodonlashtirishdan iborat.

Jahongir Anvarov / Foto: Kun.uz

“Tarixiy meros obektlari toifasiga kiruvchi 14 ta mahallalarimiz tanlab olingan. Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi, shahar hokimligi, Qurilish vazirligi hamkorligida loyihalar ishlab chiqiladi. Bu loyihalar milliy va zamonaviy qiyofalarni uyg‘unlashtirish asosida amalga oshiriladi.

Ushbu tarixiy hududlarimizga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash, shu bilan birgalikda madaniy meros obektlaridagi milliylikni saqlab qolish ko‘zda tutilgan. Loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik fikri ham o‘ta muhim.

Bu yerda vazirligimizning asosiy vazifasi loyihalarning shaharsozlik qoidalariga mos ravishda yaratilishini ta'minlash va shu asosda qurilish ishlarini nazorat qilib borishdan iborat. Albatta, bosh reja ishlab chiqiladi va jamoatchilik fikri muhokamasi asosida amalga oshiriladi”, – dedi u.

Vazirlik mutasaddisi hozirgi vaqtda loyihaning boshlang‘ich bosqichida ish olib borilayotganini aytdi. Bosh reja tasdiqlangach, tuzilgan dastur asosida mahallalarda yillik ish ko‘lami bajariladi.

Joriy yilning may oyida Venetsiya biyennalesidagi O‘zbekiston paviloni ochilish marosimiga YuNeSKO bosh direktori Odri Ouzel tashrif buyurgan va bu ko‘rgazmaga yuqori baho bergan edi.

Mavzuga oid