Jahon | 19:01 / 04.11.2025
14853
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarini Oq uyda qabul qiladi

«C5+1» formatidagi uchrashuvda tomonlar Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kelajagi bo‘yicha bir qator bayonotlar berishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

6 noyabr kuni tushdan keyin prezident Donald Tramp Oq uyda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazadi, deb xabar berdi Kazinform. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarlik qiladi.

«C5+1» formatidagi uchrashuvda tomonlar Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kelajagi bo‘yicha bir qator bayonotlar berishi kutilmoqda. Shuningdek, dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Shu kuni, mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da Vashingtondagi Jon Kennedi nomidagi Ijro san’ati markazi tarkibiga kiruvchi The Reach Kennedy Center binosida «C5+1 formatining o‘n yilligiga bag‘ishlangan» biznes-konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu markaz Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik konsert va opera maydonchalardan biridir.

The Reach Vashingtondagi eng katta yashil tomga joylashgan pavilonlar, repetitsiya va musiqa zallari, ma’ruza zallari va ko‘p funksiyali uchrashuvlar uchun xonalardan iborat. Majmuaning zamonaviy arxitekturasi tabiiy muhitga uyg‘unlashib, shaharning tarixiy ramzlari - Vashington monumenti va Linkoln memoriali manzarasidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha biznes-konferensiya doirasida bir qator sessiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, transport yo‘laklari va ta’minot zanjirlari, energetika va muhim minerallar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, shuningdek, biznes vakillari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir kabi sohalar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga «C5+1» mamlakatlarining madaniy dasturlari va milliy stendlari taqdim etiladi.

Mavzuga oid