Jahon | 09:28 / 26.03.2024
48945
6 daqiqa o‘qiladi

«Agar tojik bo‘lsang, men sen bilan ketmayman». Teraktdan keyin Rossiyadagi Tojikiston fuqarolari nafrat va tajovuzga duchor bo‘lmoqda

Aleksandr Miridonov / Kommersant / Sipa USA / Vida Press

«Krokus Siti Holl»da sodir etilgan terakt va uni ijro etishda gumonlanayotgan tojikistonliklar qo‘lga olingach, kuchishlatar tuzilmalar «sharqona ko‘rinish»ga ega bo‘lgan odamlarni tekshirishni kuchaytirgan. Rossiya shaharlarida odamlar Tojikistondan bo‘lgan haydovchilar bilan taksida ketishdan bosh tortmoqda, tojik diasporalari rahbarlari esa, o‘z vatandoshlariga kechalari uydan chiqmaslikni tavsiya etmoqda. Qo‘lga olinganlardan biri uch oycha vaqt ishlagan sartaroshxona xodimlariga yoppasiga tahdidlar kelmoqda. «Meduza» rossiyaliklar terakt va «Krokus»ga hujumda Tojikiston fuqarolari gumonlanayotgani to‘g‘risidagi yangiliklarga qanday reaksiya qilayotganiga bir necha misollarni keltirdi.

«Krokus Siti Holl»dagi teraktdan keyingi kun ijtimoiy tarmoqlarda Bryansk oblastida, Ukraina chegarasi tomon olib boruvchi yo‘lda kuchishlatar tuzilmalar tomonidan gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan shaxslarning ism-shariflari paydo bo‘ldi. Ulardan biri, 19 yoshli Muhammadsobir Fayzov Ivanovskaya oblasti Teykovo shahridagi «Ploshadka» nomli sartaroshxonada ishlagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda xabar topgan mahalliy aholi vakillari esa salon administratori hamda xodimlariga tahdidlar yo‘llay boshlagan.

Baza telegram-kanalida tarqatilgan skrinshotlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri «ushbu barbershop»ga «to‘dalashib borish»ni taklif qiladi, boshqasi xodimlarning uylarini topib, o‘t qo‘yish bilan dag‘dag‘a qiladi. Bunday izohlar qayerlarda qoldirilganiga aniqlik kiritilmagan. Katta ehtimol bilan, bu gaplar barbershopning «VKontakte»dagi norasmiy sahifasida yozilgan, ammo hozir o‘chirib yuborilgan.

Ammo barbershopning rasmiy sahifasida 23 mart kuni salon «yovvoyilarcha nafratga duchor bo‘lgani» haqida yozuv paydo bo‘ldi. «Administrator va ustalarga qo‘ng‘iroq qilib, tahdid solishmoqda, odamlar yomon baholar qo‘yishmoqda va qo‘rqinchli sharhlar yozib qoldirishmoqda», — deyiladi xabarda. Sartaroshxona xodimlari tasdiqlashicha, Fayzov salonda 2023 yil noyabridan sinov muddatida bo‘lgan va bir necha hafta ishlagan, keyin esa ular bilan aloqani uzgan. Ko‘p o‘tmay bu yozuv o‘chirib yuborildi, pablik esa qulflandi.

Barbershop direktori Yamina Safiyeva «Moskovskiy komsomolets»ga intervyusida aytishicha, salon rahbariyatining «telefonlari jiringlashdan to‘xtamayapti», chunki ularga qo‘ng‘iroq qilishmoqda va tahdidli xabarlar yozishmoqda. «Odamlar menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘lim tilashmoqda. Men homiladorman, nima qilishimni bilmayman. Ko‘chaga chiqishga qo‘rqyapman», — degan ayol. Uning so‘zlariga ko‘ra xodimlar Fayzovda hech qanday shubhali narsani payqashmagan. 25 mart kuni barbershopga tashrif buyurgan RIA Novosti muxbiri xodimlar so‘roq qilish uchun olib ketilganini xabar qilgan (Safiyeva ham shu haqda aytgandi).

Yekaterinburgda, mahalliy Itʼs My City nashri yozishicha, patrullar «sharqona ko‘rinishga ega bo‘lgan» odamlarni to‘xtata boshlagan, savdo markazlaridan birinin ma’muriyati esa o‘z ijarachilaridan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistondan bo‘lgan xodimlari haqida ma’lumot taqdim etishni so‘ragan.

Bundan tashqari, taksi xizmatlarining ayrim foydalanuvchilari Tojikistondan bo‘lgan haydovchilarning mashinalariga chiqishdan bosh tortmoqda. Telegram-kanallar va pabliklarda tarqalayotgan skrinshotlarda mijozlar ilova orqali haydovchilardan agar Tojikistondan bo‘lsa, buyurtmani bekor qilishni so‘rayotgani aks etgan. «Salom, agar sen tojik bo‘lsang, buyurtmani bekor qil, men sen bilan ketmayman», — deya yozgan foydalanuvchilardan biri.

 

Baza telegram-kanali yozishicha, tojik diasporasi yetakchilari o‘z vatandoshlariga ishdan keyin kechalari uydan chiqmaslik va ommaviy tadbirlarga tashrif buyurmaslikni tavsiya etmoqda. Telegram-kanal ma’lumotiga ko‘ra, ayrim ish beruvchilar Tojikistondan bo‘lgan xodimlaridan hozirgi shaxsiy ma’lumotlarini topshirishni so‘ramoqda: ism-sharifi, pasport ma’lumotlari va qayerda yashayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni.

Qirg‘iziston TIV mamlakat fuqarolarini, xususan Rossiyada avval bir necha marta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan qirg‘izistonliklarni RFdagi qo‘shimcha xavfsizlik choralari va chegaradan o‘tkazishning kuchaytirilgan rejimi bekor qilinmaguncha bu mamlakatga bormay turishga chaqirdi. Rossiyadagi qirg‘izistonliklardan odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik so‘ralmoqda.

Tojikistonlik model va bloger Dina Sayeva o‘z vatandoshlarini qo‘llab-quvvatlab murojaat qilgan. «Biz vatandoshlarim bo‘lgan xalqqa qarshi emas, terrorizmga qarshi barchamiz birlashishimiz kerak. O‘n millionlab tojiklar ushbu oqlab bo‘lmaydigan zo‘ravonlik aktida aybdor emas», — degan Sayeva.

Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulin terktdan keyin pogrom va samosud qilishga chaqirayotganlar javobgarlikka tortilishi lozimligi, chunki ular mohiyatan «mamlakat ichida beqarorlik keltirib chiqarishi»ni aytgan. Uning fikricha, migrantlarga qarshi bunday shakldagi kurash «vaziyatni yanada keskinlashtirishi muqarrar».

Mavzuga oid