O‘zbekiston | 15:47 / 02.04.2026
4813
9 daqiqa o‘qiladi

100 yil oldingi tashabbuslar: jadidlar kambag‘allikka qarshi qanday kurashgan edi?

“Kambag‘allikka qarshi kurash” yangi zamon ixtirosimi? Aslida bundan roppa-rosa bir asr muqaddam Turkiston jadidlari va ularga tayangan mahalliy boy-savdogarlar kambag‘allik ustida bosh qotirgan: jamiyatlar tuzgan, maktablar ochgan, matbuot va nashriyot yo‘lga qo‘ygan, iqtidorli yoshlarni chet elda o‘qitishga harakat qilgan.

Islomiy moliyaning o‘tmishdagi tajribasini o‘rganaman deb, biroz arxiv titkiladim. Va bexosdan XX asr boshida bo‘lib o‘tgan qiziq jarayonlarga duch keldim.

Xulosam shuki, jadid bobolarimizni faqat ma’rifatparvarlar deb emas, millat taqdirini o‘ylagan keng ko‘lamli strateglar deyish kerak. Ularning kambag‘allik bilan kurashish tajribasi bunga misol.

Ular kambag‘allik ilmsizlik, kasbsizlik va ijtimoiy tarqoqlik bilan bog‘liq murakkab muammo deb qaragan.

Hammasi jamiyatlardan boshlangan

XX asr boshlarida Turkistonning deyarli barcha yirik shaharlarida bugungi tilda aytganda jamoat fondlari, ma’rifiy jamiyatlar yoki nodavlat xayriya tuzilmalariga o‘xshash tashkilotlar paydo bo‘la boshladi.

Jadidlar targ‘ibot qilish bilan cheklanmadi: ular tuzgan jamiyatlar mablag‘ yig‘ish, maktablarni qo‘llab-quvvatlash, kitob va darsliklar chop etish, iqtidorli yoshlarga yordam berish, ma’rifat ishlarini tashkil etish kabi aniq vazifalarni bajarishga kirishdi.

Jadidlar millatni uyg‘otish uchun g‘oya yetarli emas, uni amalga oshiradigan tashkiliy tayanch ham kerakligini tushundi. Turkistonning turli hududlarida “Jamiyati xayriya”, “Turon”, “Tarbiyai atfol”, “G‘ayrat” va boshqa shu kabi jamiyatlar tashkil etildi. Bu tuzilmalar o‘z davri uchun yangilik edi, chunki shaxsiy saxovatni tizimli ijtimoiy faoliyatga aylantirdi.

Toshkentda 1909 yilda tuzilgan “Jamiyati xayriya” – misol. Jamiyat kambag‘al oilalar farzandlarini o‘qitish, ularni kiyim-kechak, daftar-qalam, zarur o‘quv vositalari bilan ta’minlar edi. 1913 yilda Toshkent jadidlari tashabbusi bilan “Turon” jamiyati (va uning doirasida teatr truppasi) tuzildi. Ya’ni jadidlar tashabbuslari yakka-yakka harakatlar bo‘lmagan, balki ko‘lamli shaklga kirgan.

Maqsad – jamiyatni avval uyg‘otish, keyin uning tashkiliy asoslarini yaratish, undan so‘ng ma’rifiy va ijtimoiy g‘oyalarni amaliy tizimga aylantirish.

Kambag‘allikka qarshi kurashning markazida maktab turardi

Jadidlarning eng katta va eng uzoqni ko‘zlagan loyihasi yangi usul maktablari edi. Bu maktablar eski maktablarning yangi ko‘rinishi emas edi. Ular ta’lim mazmunini tubdan o‘zgartirishni maqsad qilgan. Darslarda diniy bilimlar bilan bir qatorda matematika, geografiya, tarix, tabiatshunoslik, til va boshqa amaliy fanlar ham o‘qitila boshlandi. Jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy kelajagini o‘zgartirishga qaratilgan qadam edi bu.

Jadidlar bugun “inson kapitali” deb ataladigan tushunchaning amaliy mohiyatini erta anglab yetgan edi. Ular kambag‘allikni yengish non ulashish emasligini, yangi avlod ilmli bo‘lsa, ishlar yurib ketishini bilar edi. Ular maktabni faqat ma’rifat o‘chog‘i deb emas, ijtimoiy yuksalish vositasi sifatida ko‘rdi.

Natijada yangi bir qatlam – millat kelajagini ta’minlovchi savodli, mas’uliyatli va dunyoqarashi keng yoshlar shakllana boshladi.

Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniy, Farg‘ona vodiysida boshqa ko‘plab ma’rifatparvarlar maktab ochish, darsliklar yaratish, o‘qituvchilar tayyorlash va ta’limni tashkiliy asosga qo‘yish yo‘lida katta mehnat qildi.

Turkistonda sarmoya va ma’rifat birlashgan

Jadidchilik harakatining kuchi shunda ediki, uni faqat ziyolilar emas, balki mahalliy boy-savdogarlar, sanoatchilar va millat taqdiriga befarq bo‘lmagan keng jamoatchilik ham qo‘llab-quvvatladi. Shu tufayli jadidchilik oddiy g‘oyaviy harakat bo‘lib qolmay, amaliy kuchga aylandi.

XX asr boshlarida Turkistonning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va boshqa shaharlarida savdo va iqtisodiy faollik ma’rifiy islohotlarni moddiy jihatdan ta’minlash imkonini berdi. Mahalliy boylar maktablar, jamiyatlar, nashriyotlar, gazeta-jurnallar, darsliklar va stipendiyalar uchun mablag‘ yo‘naltirdilar. Jadidlar esa bu imkoniyatni boylikni ilmga aylantirish, maktablarni kuchaytirish va milliy ongni uyg‘otish yo‘lida ishlatdilar.

Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy kabi jadidlar bu jarayonning g‘oyaviy yetakchilari bo‘lgan bo‘lsa, Saidnosir Mirjalilov va Obidjon Mahmudov kabi homiylar unga amaliy ko‘mak berdi. Biroq bu jarayon faqat ayrim mashhur shaxslar bilan cheklanib qolmadi. Uni millat kelajagiga ishongan yuzlab fidoyi muallimlar, ziyolilar, noshirlar, savdogarlar va jamoat arboblari yelkasida ko‘tardi.

Natijada Turkiston shunchaki geografik hudud emas, ilm, sarmoya va millat kelajagi tutashgan tarixiy makonga aylana boshladi.

“El-yurt umidi”ning o‘sha davrdagi ko‘rinishi: yoshlarni chet elga yuborish

Jadidlar va ayniqsa yosh buxoroliklar harakatining eng jasoratli tashabbuslaridan biri iqtidorli yoshlarni xorijga yuborish bo‘ldi. Zero bu katta zarurat ekanini jadidlar erta tushundi. 1909-1910 yillarda Buxoroda “Tarbiyai atfol” jamiyati tuzildi, u iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish tashabbusini amalga oshirishga urindi. Istanbulga talabalar yuborish bu tashbbusning eng muhim yo‘nalishiga aylandi. Keyinroq esa Yevropadagi ta’lim va tajribaga qiziqish ham kuchaydi.

Bu vazifa oddiy emas edi. Mustamlakachilik, qoloqlik va siyosiy bosim kuchli bo‘lgan bir sharoitda kimdir: “Bizga zamonaviy muhandislar, shifokorlar, iqtisodchilar va huquqshunoslar kerak, ularni tayyorlash uchun bolalarni Istanbulga va boshqa ilg‘or ta’lim markazlariga yuborish lozim”, deb o‘ylashning o‘zi u davr uchun jasorat va yuksak strategik tafakkur namunasi edi.

Bu – jadidlar kambag‘allikni shunchaki bugunning muammosi deb emas, avloddan avlodga o‘tadigan qoloqlik zanjiri deb ko‘rganini anglatadi. Ular bu zanjirni aynan ta’lim va kadrlar tayyorlash orqali uzmoqchi bo‘lgan.

Matbuot – non emas, lekin nonsiz qolmaslikning sharti

Jadidlarning yana bir xizmatlaridan biri – milliy matbuot va nashriyot ishini rivojlantirgani bo‘ldi: “xalqning fikri o‘zgarmasa, uning turmushi ham o‘zgarmaydi”. “Samarqand”, “Oyina”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi nashrlar paydo bo‘ldi. Gazeta va jurnallar faqat xabar yetkazuvchi vosita emas, balki xalqni tejamkorlikka, ilm-fanga, maktabga, tarbiyaga, kasb-hunarga, uyg‘oqlikka, mas’uliyatga chorlaydigan maydon edi.

Ular xurofotga qarshi kurashdi, savodsizlikning zararini tushuntirdi, millat kelajagi uchun ma’rifat zarurligini uqtirdi. Jadidlar uchun gazeta yoki jurnal mafkuraviy dabdaba emas, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning muhim quroli edi.

Xayriya faqat sadaqa emas

Jadidlarning ijtimoiy qarashlaridagi eng qiziqarli jihatlardan biri – xayriyani boqimandalik keltiruvchi tarqatma sifatida emas, mustaqil hayotga tayyorlovchi yordam deb tushundi. O‘sha payt uchun bu novatsiya edi.

Ular uchun kambag‘al oilaga yordam berish – bolasini maktabga joylashtirish, o‘quv qurollari bilan ta’minlash, iqtidorlarga imkon berish, ma’rifat va hunar eshigini ochish edi.

Shunday qilib jadidlar bir necha tamoyilni ilgari surdi:

  • ta’limga sarmoya kiritish,
  • jamoaviy xayriya va ijtimoiy mas’uliyatni shakllantirish,
  • iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash,
  • matbuot va ma’rifat orqali jamiyat tafakkurini yangilash.

Bugungi tilda aytganda, “inson kapitali”, “fuqarolik faolligi” va “ijtimoiy himoya” – bularning barchasi jadidlar faoliyatida aks etgandi.

Eng katta saboq: millatni faqat davlat emas, jamiyat ham ko‘taradi

Ehtimol, bu tarixdan chiqadigan eng muhim xulosa shudir: millat taraqqiyoti faqat davlatga qarab qolmasligi kerak. Jamiyat o‘z kelajagi uchun mas’ul bo‘lishi kerak. Boylar molini faqat o‘z foydasiga emas, millat taraqqiyotiga ham ishlatishi kerak. Ziyolilar faqat tanqid qiluvchi emas, tashkilotchi bo‘lishi kerak. Maktab faqat o‘qitish joyi emas, ijtimoiy ko‘tarilish maydoni bo‘lishi lozim.

100 yil oldingi bu tashabbuslar bugun ham dolzarb. “Kambag‘allikni qisqartirish” va boshqa “zamonaviy” mavzular ham yangi emas. Shuning uchun ham jadidlar xotiramizda, 100 yil o‘tsa ham.

Iskandar Tursunov,
islomiy moliya mutaxassisi,
Al Muamalat Consulting
asoschisi va direktori

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid