Taksi avtomobillari uchun yangi talablar tasdiqlandi
Sariq rangda yonuvchi «TAXI» belgisi va salonga maxsus devayslar o‘rnatish barcha taksichilar uchun majburiy bo‘ladi. Yuridik shaxs maqomidagi taksichilarga berilgan imtiyozlardan jismoniy shaxslar foydalana olmaydi.
Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha prezident qarori imzolandi. Qaror bilan 2022 yil oxirigacha eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga yengil mashinalarda taksichilik qilishga ruxsat berilmoqda.
Belgilanishicha, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab YaTT sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi.
Taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ham yuridik shaxslar, ham YaTTlarga tegishli avtomobillar uchun quyidagi yagona talablar joriy etilmoqda:
- avtotransport vositasining tom qismiga to‘q sariq rangli fonar (plafon) o‘rnatish va unda «TAXI» tanish belgisini aks ettirish;
- to‘lovni amalga oshirish hamda bosib o‘tilgan yo‘lni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (uyali telefon, planshet va boshqalar) bilan jihozlash;
- avtotransport vositasining priborlar panelida avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilgan tablichka mavjud bo‘lishi kerak.
Taksi sifatida foydalaniladigan avtotransport vositalarining rangi («fil suyagi» va sariq ranglar) hamda maxsus davlat raqamiga («TT» tseriyali) qo‘yilgan talablar 2023 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatilmoqda.
Yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun quyidagi preferensiyalar nazarda tutilmoqda:
- «to‘xtash taqiqlangan» yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtab, yo‘lovchilarni olish va tushirish huquqi saqlanib qolmoqda;
- aeroport, temir yo‘l vokzali, davlat ishtirokidagi avtovokzal, bozor va savdo komplekslarining pullik to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirishga ruxsat berilmoqda;
- avtobuslar uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagida harakatlanishga ruxsat berilmoqda.
Avvalroq, ushbu qarorga doir birlamchi tafsilotlar haqida xabar berilgandi:
Mavzuga oid
12:19 / 22.11.2024
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi
17:37 / 12.11.2024
O‘zbekiston taksi xizmati eng arzon davlatlar qatoriga kirdi
18:50 / 29.10.2024
Toshkentda ikki talaba taksichini o‘ldirib, mashinasini olib qochmoqchi bo‘ldi
07:50 / 25.10.2024