O‘zbekiston | 10:24 / 18.10.2023
23194
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda bir necha uyum paxta yonib ketdi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi esa bor-yo‘g‘i 12 kg paxta yonganini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda, Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi paxta tayyorlash punktlarining birida paxta xirmonlari yonayotgan video tarqaldi.

Tasvirlarda bir nechta paxta uyumi yonayotgani, ulardan birida olov uyumni butunlay qoplab olganini ko‘rish mumkin.

Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi va unda aytilishicha yong‘inda bor-yo‘g‘i 12 kg (!) paxta yongan.

«Aniqlanishicha, 16 oktyabr kuni Baliqchi tumani “Nasriddinobod” MFYda joylashgan “Tetratex” MChJga qarashli paxta qabul qilish maskanida 12 kg paxta xomashyosi yonib ketgan. Yong‘in elektr kabellaridagi nosozlik tufayli qisqa tutashuv natijasida yuzaga kelgan. Yong‘in Andijon-36 navli 1-sort 2-sinfga kiruvchi paxtaning yuza qismi yongan, “Tetratex” MChJ rahbari tomonidan tadbirkorga mahsulotga yetkazilgan zarar aniqlanib, to‘liq qoplab berilgan», deyiladi vazirlik munosabatida.

Hodisa haqida paxta qabul qilish punktidagi olovni o‘chirgan FVV va uning hududiy boshqarmasi hech qanday rasmiy ma’lumot bermadi.

Kun.uz'ning qishloq xo‘jaligi, xususan paxtachilik sohasidan xabari bor manbasiga ko‘ra, bir uyum paxtada bir necha o‘n tonna paxta tolasi mavjud bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Andijondagi holat birinchisi emas. 2022 yil 12 oktyabr kuni Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Jizzax Instural To‘qima” MChJga qarashli paxta qabul qilish punktida yong‘in sodir bo‘lgandi. O‘shanda bitta g‘aramning ustki qismida 35-40 kg paxta yongani aytilgandi.

Mavzuga oid