Jahon | 07:45 / 09.03.2022
29328
1 daqiqa o‘qiladi

Bir kishiga 10 ming dollar: Rossiyada valuta berishning yangi tartibi o‘rnatildi

Rossiyada hisobraqamlardan naqd valuta berish cheklandi. 10 ming dollardan tashqari summani faqat rublda olish mumkin bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Rossiya banki fuqarolarning xorijiy valutadagi hisobraqamlaridan naqd pul berishni vaqtincha chekladi. Bu haqda regulyator saytida aytilgan.

Rossiya banklari mijozlari o‘z hisobraqamlari yoki omonatlaridan 10 000 AQSh dollarigacha naqd pul yechib olishlari mumkin bo‘ladi. Qolgan mablag‘lar berilgan kundagi bozor kursi bo‘yicha rublda taqdim etiladi.

Ushbu vaqtinchalik tartibning amal qilish muddati davomida hisobraqam valutasidan qat’i nazar, valuta AQSh dollarida beriladi. Boshqa valutalarning AQSh dollariga konvertatsiyasi chiqarilgan kundagi bozor kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Markaziy bank rossiyaliklar valuta depozitlari yoki hisobraqamlarida mablag‘larni saqlashni davom ettirishlari mumkinligini ta’kidladi, ular bo‘yicha shartlar o‘zgarmaydi.

Cheklovlar 9 martdan 9 sentyabrgacha amal qiladi.

Mavzuga oid