Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sud Rossiya bankining Euroclear’ga qarshi da’vosi bo‘yicha birinchi eshituvni o‘tkazdi
Moskva arbitraj sudi Rossiya Markaziy bankining Euroclear Belgiya moliyaviy kompaniyasiga qarshi Yevropada muzlatilgan Rossiya aktivlari yuzasidan da’vosi bo‘yicha birinchi eshituvni o‘tkazdi. Keyingi sud majlisi 4 martga belgilandi.
Foto: Sergei Fadeichev/TASS/dpa/picture-alliance
Moskva arbitraj sudida juma kuni, 16 yanvarda Yevropada muzlatilgan, qiymati taxminan 200 mlrd yevroga teng Rossiya aktivlari yuzasidan da’vo ishi bo‘yicha dastlabki birinchi eshituv bo‘lib o‘tdi. Da’voni Rossiya Markaziy banki Euroclear Belgiya moliyaviy kompaniyasiga qarshi kiritgan. “Interfaks” muxbiri sud zalidan xabar berishicha, sudya Anna Petruxina MB iltimosiga ko‘ra bank sirini himoya qilish maqsadida eshituvni yopiq eshiklar ortida o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Euroclear sudda ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qiluvchi iltimosnomalar va arizalar, avvalo, ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlagan. Depozitariy ikkita shunday iltimosnomani bildirgan: ishni ko‘rib chiqmasdan qoldirish va ish yurituvini tugatish haqida.
“Interfaks” yozishicha, Euroclear vakili jarayonni yopish haqidagi iltimosnoma 2025 yil 25 dekabr sanasi bilan rasmiylashtirilganini, ammo javobgar uni faqat juma kungi majlis oldidan olganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatni o‘rganish uchun vaqt kerak. O‘z navbatida, Rossiya MB vakili javobgar da’vo arizasini — unda Rossiya bankining majlisni yopiq o‘tkazish bo‘yicha pozitsiyasi ham bayon etilgan — 2026 yil 7 yanvar kuni olganini bildirib, Euroclear keltirgan dalillarni “o‘ylab topilgan va noprofessional” deb atagan.
Oqibatda sud jarayonni to‘liq yopiq o‘tkazishga qaror qilgan. Bu qaror e’lon qilingach, Euroclear vakili unga jarayonni yopish masalasida o‘z pozitsiyasini taqdim etish imkoni berilmaganini aytgan. Sudya esa javobgarga o‘z fikrini bildirishni taklif etganini ma’lum qilgan.
“Interfaks”ning ishga yaqin manbasiga ko‘ra, Moskva arbitraj sudi 4 mart kuni RF MBning Euroclear’ga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishni davom ettiradi.
Moskva arbitraj sudi chakana (jismoniy) investorlarning RF MBning Euroclear’ga qarshi da’vo ishiga qo‘shilish haqidagi arizalarini qanoatlantirishni rad etgan. Bu haqda sudda bir necha investorlarning vakili Vladimir Sauridi jurnalistlarga ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud barcha jismoniy shaxslarning arizalarini rad etgan.
Chakana investorlar da’voga qo‘shilishni istagan, chunki sanksiyalar sabab Euroclear boshqaradigan qimmatli qog‘ozlarini tasarruf etish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Arbitraj ishlari kartotekasida 17 kishining ismlari ko‘rsatilgan edi.
Euroclear’ga qarshi Rossiyadagi sud da’vosi qanday ta’sir ko‘rsatishi hali noaniq. AFP jurnalisti xabar berishicha, sudda ishtirok etgan kompaniya yuristlari ishni izohlashdan bosh tortgan.
AFP ta’kidlashicha, MB da’voni o‘tgan yil dekabrida — YeI davlatlari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainaga “reparatsion kredit” uchun foydalanish masalasini muhokama qilayotgan paytda kiritgan. Biroq keyinchalik ular bu g‘oyadan voz kechgan va 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Ukrainaga YeI budjeti imkoniyatlaridan foydalangan holda 90 mlrd yevro miqdorida kredit ajratish bo‘yicha kelishib olgan.
YeI Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumi uchun joriy etilgan sanksiyalar doirasida Rossiya aktivlarini 2022 yil bahorida muzlatgan. Euroclear YeIdagi Rossiya aktivlarining katta qismini boshqaradi.
Mavzuga oid
10:06
BBC va “Mediazona” Rossiyaning 163 ming harbiysi halok bo‘lganini tasdiqladi
09:45
Litva rossiyalik va belaruslikni Rossiya topshirig‘i bilan terakt sodir etishda aybladi
09:07
Rossiya va Ukraina ZAES atrofida mahalliy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi
20:49 / 16.01.2026