Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Litva rossiyalik va belaruslikni Rossiya topshirig‘i bilan terakt sodir etishda aybladi
Litvada olti nafar xorijlikka, jumladan bir rossiyalik va bir belaruslikka Ukraina uchun radiochastota skanerlari ishlab chiqargan korxonani yoqib yuborishga urinish bo‘yicha ayblov qo‘yildi.
Litva Ukrainaga ham yetkazib berilgan harbiy uskunalarni ishlab chiqaradigan UAB TVC Solutions korxonasiga o‘t qo‘yishga urinish bilan bog‘liq ish bo‘yicha olti nafar xorijiy fuqaroga, jumladan bir rossiyalik va bir belaruslikka nisbatan terrorizm bo‘yicha ayblov qo‘ydi. Bu haqda Litva bosh prokuraturasi va kriminal politsiyasining juma kuni, 16 yanvarda e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytilgan.
Qayd etilishicha, boshqa ayblanuvchilar — Ispaniya, Kolumbiya, Kuba fuqarolari, shuningdek Ispaniya va Kolumbiyaning qo‘sh fuqaroligiga ega bir shaxs. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular 2024 yilda Shyaulyay shahrida joylashgan UAB TVC Solutions korxonasining radiochastotali skanerlar ishlab chiqarish sexini yoqib yuborishga uringan. Press-relizda: “Hujumga uchragan mulkning umumiy qiymati 4 million yevrodan ortiq”, — deb ko‘rsatilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, birinchi o‘t qo‘yishga urinish 2024 yil 17 sentabrga o‘tar kechasi Ispaniya fuqarosi va qo‘sh fuqarolikka ega shaxs tomonidan amalga oshirilgan, ammo u muvaffaqiyatsiz yakunlangan — chunki jinoyatchilarni yo‘lovchilar qo‘rqitib yuborgan. Ikkinchi o‘t qo‘yishga urinishni esa 2024 yil 22 sentabr kuni Rossiya fuqarosi va Belarus fuqarosi amalga oshirgan. Ular hujum muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb o‘ylab, voqea joyini tark etgan. Biroq keyinroq ma’lum bo‘lishicha, zarar yetmagan — chunki “o‘t qo‘yishda qo‘llangan vositalar kompaniya hovlisidagi omborda turgan mahsulotni yoqib yubora olmagan”, deb xabar berdi huquqni muhofaza qiluvchi organlar.
Litva hokimiyati taxmin qilishicha, jinoyatchilar RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi topshirig‘i bilan harakat qilgan — bu Rossiya harbiy razvedkasi bo‘lib, avvalroq GRU nomi bilan tanilgan. Germaniyaning iqtisodiy nashri Handelsblatt o‘z saytida Litva politsiyasi rahbariyati vakili Saulyus Briginasning so‘zlarini keltirib: “Jinoyatni Rossiyada yashovchi, GRU bilan bog‘liq shaxslar muvofiqlashtirgan”, — deb yozadi.
Barcha ayblanuvchilarni Polsha, Ruminiya va Chexiyada sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hujumlarga ham aloqador deb hisoblashmoqda. Ayni paytda ular Litvada tergovga qadar hibsxonalarda saqlanmoqda. Shu bilan birga, tergov yana to‘rt nafar gumonlanuvchiga nisbatan ham olib borilmoqda. Ulardan biri xalqaro qamoqqa olish orderi asosida Kolumbiyada qo‘lga olingan. Qolganlari esa qidiruvda.
Litva hokimiyati fikricha, jinoiy guruhning maqsadi “jamiyatni qo‘rqitish, Rossiya hujumidan himoyalanayotgan Ukrainaga yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilish va uni to‘xtatish, shuningdek G‘arb mamlakatlari jamiyatlarida qo‘rquv va ishonchsizlikni kuchaytirish, eng muhim davlatlarning konstitutsion, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tuzilmalarini izdan chiqarish” bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:48 / 03.07.2026
Ukraina Rossiyani tinchlikka majburlash operatsiyasini boshladi - NYT
21:11 / 03.07.2026
Britaniyalik siyosatchilar «Masha va Ayiq» multfilmini taqiqlashga chaqirdi
10:35 / 03.07.2026
Ukraina NATOga: Biz faqat yordam oluvchi emasmiz
10:05 / 03.07.2026