O‘zbekiston | 11:15 / 20.07.2024
12372
1 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi YTHda Labo haydovchisi halok bo‘ldi

Labo haydovchisi yon ko‘chadan chiqqan Lacetti'ga urilishdan qochib boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqdan oshib o‘tib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashina bilan to‘qnashgan.

Foto: RIA Novosti

Qarshi shahrida Labo va Nexia-3 mashinalari o‘zaro to‘qnashgan. Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 10 iyul kuni sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Labo Qarshi shahri Jayhun ko‘chasida ketayotganida yon ko‘chadan Lacetti uning yo‘liga chiqqan. Labo haydovchisi to‘qnashuvdan qochish uchun rulni burib yuborgan.

Natijada Labo boshqaruvni yo‘qotib yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqdan oshib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan Nexia-3 bilan to‘qnashgan.

Og‘ir tan jarohatlari olgan Labo haydovchisi shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay vafot etgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid