O‘zbekiston | 11:12 / 21.06.2024
36782
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer va unda qurilgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtiriladi

Senatorlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun bilan quyidagi yer uchastkalari hamda bino va inshootlarga nisbatan bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish belgilanmoqda:

  • fuqarolar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
  • 2018 yil 1 mayga qadar fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
  • “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
  • 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari kengashi tomonidan o‘z vaqtida tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;
  • fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
  • 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’yektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
  • xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
  • fuqarolarning, tadbirkorlik sub’yektlarining qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga.

Qonunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishning shartlari ham belgilangan. Xususan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi boshqa shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmaganligi, yer uchastkasidan foydalanishda nizo yo‘qligi, yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi, shirkat a’zosi bo‘lganligi, investitsiya va boshqa majburiyatlar to‘liq bajarilgan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, qonun bilan yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘lchamlari aniq qilib qo‘yilmoqda.

Ya’ni, agar yer uchastkasi 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda, agar yer uchastkasi 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan bo‘lsa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda belgilanadi.

Agar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi yuqorida qayd etilgan hajmlardan ortiqcha bo‘lgan taqdirda, belgilangan hajmdagi yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi e’tirof etilgan holda qolgan ortiqcha yer uchastkasi mazkur shaxsga dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib berilishi nazarda tutilgan.

Qonun bilan huquqlarni e’tirof equyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • dastlab Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimiga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;
  • vakolatli tashkilotlar (hokimlik, qurilish, ekologiya, suv, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) ikki oy muddatda har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga biriktiradi;
  • avtomatlashtirilgan axborot tizimida to‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari tegishli fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarining e’lonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka e’lon qilinadi, ushbu ma’lumotlar ustidan manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli tashkilotlarga bir oy ichida shikoyat qilishi mumkin;
  • to‘plangan barcha hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi tizim orqali Adliya vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan ikki oy ichida o‘rganib chiqiladi;
  • adliya organlari tomonidan ijobiy xulosaga kelingan taqdirda fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan bir martalik to‘lovni yigirma ish kuni ichida to‘lash to‘g‘risida SMS-xabarnoma yuboriladi, to‘lov o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda ish to‘xtatib turiladi;
  • to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada (majlisda) ko‘rib chiqish uchun axborot tizimi orqali yuboriladi, hujjatlar kengashlar tomonidan uch oy ichida sessiyalarda (majlislarda) muhokama qilinadi. Shundan so‘ng, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi kengash qarori bilan e’tirof etiladi.

Bunda ijara muddati yer qonunchiligiga muvofiq yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun 99 yil, boshqa yer uchastkalari uchun 49 yil etib belgilanadi.

Qonun 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

“Mazkur qonun – xalqimiz kutayotgan qonunlardan biri. Haqiqatdan ham o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar hamda ularda qurilgan bino-nshootlarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha oxirgi yillarda e’lon qilingan “aksiya”lar prezidentimizning irodasi bilan inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirib kelinmoqda.

Bu boradagi ishlarning alohida, yaxlit qonun bilan tartibga solinishi sifat va samaradorlikka xizmat qiladi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar va binolarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishda nogironligi bo‘lganlarga, kam ta’minlanganlarga yengilliklar nazarda tutilgani juda muhim. Ayni paytda shuni ham alohida aytish kerakki, qonun mazmun-mohiyati, tuzilishi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra kishidan bir qadar sinchkovlikni talab qiladi. Qolaversa ushbu qonun shahar aholisi uchun ham, uzoq tuman, qishloq, ovul aholisi uchun ham birdek muhim va dolzarb.

Bu Qonunning qabul qilinishi albatta yaxshi. Lekin, bu odamlar ongida “istalgan yerni egallab olib, imorat solsam bo‘laveradi, davlat baribir rasmiylashtirib beraveradi” degan noto‘g‘ri qarashni shakllantirib qo‘ymasligi kerak. Bu borada qonun ustuvor bo‘lishi ijtimoiy ong darajasiga chiqishi zarur”, deya ta’kidlab o‘tdi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid