Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qo‘qonda bank xodimining qotilligi: jinoyat qanday ro‘y bergan?
30 mart kuni O‘zbekiston tumani O‘qchi mahallasida yashovchi 28 yoshli Sanjar Esonaliyev muddatli to‘lovga Onix mashinasi olish uchun Infinbank Qo‘qon filialiga boradi. Kredit bo‘limining unga begona xodimi hujjatlarni rasmiylashtirib, tushlik payti qo‘lida 5700 dollar puli bor yigitni o‘zi bilan allaqayerga olib ketadi.
Ular bankdan soat 12:10 atrofida, sug‘urta hujjatlarini tayyorlash uchun bank xodimi A.T.ning Tracker mashinasiga o‘tirib chiqib ketishgan. Shundan keyin xodim mijozining bo‘yniga pichoq sanchib o‘ldirgan va jasadni mashinada qoldirib, tushlik vaqti tugaganda hech narsa bo‘lmagandek ishiga qaytib kelgan. Ish vaqti tugagach, mashinasidagi qurbonini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.
Kanaldagi qidiruv ishlari bir necha kun davom etgach, 4 aprel kuni jasad topildi.
Kun.uz muxbiri Sanjar Esonaliyevning yaqinlaridan tafsilotlarni surishtirdi.
“3 yashar o‘g‘li dadam yangi mashina olib keladi, deb kutib o‘tiribdi...”
Marhum Sanjar Esonaliyevning otasi Bahodir Shokirov:
— O‘g‘lim Sanjarbek 30 mart kuni yaxshi niyatda Infinbankdan muddatli to‘lovga Onix mashinasi olaman deb, uydan chiqib ketgan edi. Ertalab borgan bolam tushlikda yo‘qoldi, telefoni o‘chdi. Shu bilan daragi yo‘q. Topilavermagach, kuzatuv kameralarini ko‘rsatishlarini talab qildik. Unda bank xodimi uni qora Tracker mashinasiga o‘tirgizib ketganini ko‘rdik.
Kredit bo‘limi mutaxassisi avval sug‘urta qilib keling, degan ekan. O‘g‘lim bankdan tashqariga chiqqanida xodim orqasidan chiqib mashinaga o‘tirgizib, qayoqqadir olib ketgan. Bankka amakisining o‘g‘li bilan Damas'da borishgan edi. Amakivachchasi soat 17:00 gacha avtoturargohda kutib o‘tiravergan. O‘g‘lim qaytib kelmagan.
O‘g‘limning yonida 5 700 dollar puli bor edi. U to‘lov qilishga ulgurmagan ham. Endi bank xodimi “menga pichoq bilan tashlandi, o‘zimni himoya qilish uchun o‘ldirdim” deyayotgan emish. O‘g‘lim hecham birovga qo‘l ko‘taradigan yigit emasdi.
Sanjarbekning bir o‘g‘il, bir qizi bor edi. Ular yetim bo‘lib qoldi. 3 qizdan keyin tilab olgan bitta-yu bitta o‘g‘lim edi. Dadam yangi mashina olib keladi deb, 3 yashar nevaram kutib o‘tiribdi.
Bankda ham, uning tashqarisida ham kelishuvchilik bo‘lmagan
Marhum Sanjar Esonaliyevning qarindoshi Ulug‘bek To‘lanboyev:
— Kuzatuv kameralarni ko‘rganimizda jiyanim Sanjarbek tushlik mahal, soat 12:10 da bankdan chiqib, bank xodimining mashinasi orqa o‘rindig‘iga o‘tirib ketgan. Bank binosi ichkarisida hech qanday tortishuv, janjal bo‘lmagan.
Sanjarbekning avval Cobalt mashinasi bo‘lgan, uni bir hafta oldin bir ayolga sotgan edi. U ayol mashinaning yarim pulini berib, qolganini keyinroq qilib berishini aytgan ekan. Voqea sodir bo‘lgan kuni soat 12:45 larda mashinasini sotib olgan ayol bilan telefonda gaplashgan, ayol undan notariusga kelib, mashinani nomiga o‘tkazib berishini so‘ragan. Sanjarbek borolmasligini, muddatli to‘lovga mashina olish bilan bandligini aytgan. Shundan keyin telefoni o‘chgan.
Bank xodimining ko‘rsatmasi bo‘yicha, o‘zining Tracker mashinasi orqa o‘rindig‘ida Sanjarni bo‘yniga pichoq sanchib o‘ldirgan. Keyin jasadni mashinada qoldirib, hech narsa bilmagandek yana ishxonasiga qaytib kelib, o‘z ishini davom ettirgan. Keyin soat 19:00 – 20:00 atrofida Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborgan.

Bank xodimi o‘z ko‘rsatmasida Sanjar uning shaxsiyatiga tekkani, haqorat qilgani, buning ortidan bo‘yniga pichoq urganini, so‘ng kanalga tashlab yuborganini aytdi. Qon bo‘lib ketgan mashina poligi va pichoqni yashirib, Tracker'ni “moyka” qildirib, kiyimlarini almashtirib, ishga qaytgan ekan. Jiyanimning yonida bo‘lgan 5700 dollari ham yo‘q.
“O‘g‘lim dadasini haliyam kutyapti”
Marhumning turmush o‘rtog‘i Shohsanam Esonaliyeva:
— Turmush o‘rtog‘im 30 mart kuni soat 7:00 da uydan chiqib ketgan. Soat 8:20 larda telefon qilib, “bankka keling, siz ham qo‘l qo‘yishingiz kerak ekan” dedi. 6 oylik chaqalog‘im bilan bankka bordim. Kerakli xujjatlarga imzo qo‘yganimdan keyin, uyga qaytdim. Turmush o‘rtog‘im va bank xodimi o‘rtasida hech qanaqa tortishuv yo‘q edi. Salondan yangi mashinani olib, orqamizdan yetib borishini aytdi. Shu bilan uni qaytib ko‘rmadim.
3,5 yoshli o‘g‘lim har kuni dadasini so‘rayapti. Unga nima deb javob berishni bilmayapman.
Tergov ketmoqda
Kun.uz muxbiri Infinbank Qo‘qon filialida bo‘lib, holatga izoh so‘radi. Lekin hamkasblaridan hech biri bo‘lgan voqea haqida, qotillik gumondorining shaxsiyati va fe’l-atvori haqida gapirishni istamadi.
O‘sha kuni navbatchilikda bo‘lgan qo‘riqlash bo‘limi xodimlariga ko‘ra, bank ichkarisida kredit bo‘limi mutaxassisi va marhum o‘rtalarida hech qanday tortishuv ham, janjal ham bo‘lmagan.
A.T. qamoqqa olingan. Qo‘qon shahar prokuraturasi tergov harakatlarini olib bormoqda.
Marhumning jasadi ushbu lavha efirga chiqishi arafasida, 4 aprel kuni topildi.
Mavzuga oid
08:48 / 04.04.2026
Toshkentda bank xodimi 10 ming dollar pora bilan ushlandi
20:37 / 02.04.2026
Farg‘onada bank xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
21:03 / 24.03.2026
Konfet qog‘ozi rossiyalik ayolning qotilini aniqlashga yordam berdi
14:28 / 12.03.2026