Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida qotillik jinoyati sodir etgan 19 yoshli qiz jinoiy jazoga tortildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, 2007 yilda tug‘ilgan J.U. yangasi O‘.U. bilan avvaldan nizolashib kelgan. U 2025 yil 3 dekabr kuni soat 3:00 larda o‘ch olish maqsadida oshxona pichog‘i bilan yangasining orqa ko‘krak qafasi, yelka va qo‘l sohalariga bir necha marta zarba bergan. Og‘ir tan jarohati olgan O‘.U. vafot etgan.
J.U. 2025 yil 4 dekabrda protsessual tartibda ushlangan. Shu kuni unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Qiz sudda aybiga iqror bo‘lib, pushaymonlik bildirgan. Uning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalari hamda boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
JIB Qo‘qon shahar sudining 2026 yil 16 apreldagi hukmi bilan J.U. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Apellyatsiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.











