Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident sud tizimidagi o‘zgarishlarni tasdiqladi
Fuqarolik va iqtisodiy sudlardagi nizosiz ishlar ma’muriy organlarga o‘tkaziladi. Ma’muriy va iqtisodiy sud ishlari eksterritorial tarzda ko‘riladi. Sudyalikka tayinlash muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalari tugatilib, o‘rniga 5 ta mintaqaviy sud tashkil etiladi. Sudyalar oliy maktabi Odil sudlov akademiyasiga aylantiriladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotni Prezident administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Hakimova o‘tkazdi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, oxirgi yillarda sud tizimi izchil isloh qilinib, sudlar jazolovchi organdan inson huquqlarini himoya qiluvchi tizimga aylantirildi.
Jumladan, ma’muriy sudlar tashkil etildi. Maishiy zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan samarali choralar ko‘rildi. Oilaviy masalalarga ixtisoslashgan sudyalar korpusi yaratildi. Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha alohida sudlov tarkibi tashkil etildi.
Bu kabi islohotlarni fuqarolar o‘z hayotida sezmoqda, xorijiy ekspertlar muhim qadam sifatida e’tirof etmoqda.
Shu bilan birga, sudlovning ochiqligi va xalqchilligini ta’minlash, raqamlashtirish orqali odamlarga qulaylik yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ko‘p masalalar o‘z yechimini kutmoqda.
Taqdimotda bu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Odil sudlov sohasini raqamlashtirish maqsadida rivojlangan davlatlarning tajribasi asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi va uni izchil amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu korrupsiyaning oldini olish, fuqarolar va tadbirkorlarga ovoragarchiliksiz odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan da’volarning katta qismi nizosiz ishlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois bunday masalalarni ma’muriy organlar vakolatiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari muammolarining qisqa muddatda hal etilishini ta’minlaydi.
Yana bir qulaylik – ma’muriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibini joriy etish. Bugungi raqamli texnologiyalar asrida buning imkoni bor.
Adolat va ishonchni ta’minlashda sudyalik lavozimining barqarorligi muhim. Shu maqsadda sudyalikka tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Barcha yo‘nalishdagi sudlar bo‘yicha mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalarini tugatish taklifi bildirildi. Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda faqatgina apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi bo‘lishi, taftish instansiyasi esa 5 ta mintaqaviy sudda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Yana bir muhim masala – sud tizimi uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishdir. Shu maqsadda Sudyalar oliy maktabini isloh etib, uning negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdimot qilindi.
Davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli farmonlarni imzoladi. Vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
19:35 / 25.12.2025
Akmal Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan sudyalar ishdan olindi
18:28 / 25.12.2025
“Credit House” ishida sud boshlandi: birinchi kun qanday o‘tdi?
18:56 / 22.12.2025
“Credit House” ishi bo‘yicha sud boshlanmoqda
18:18 / 18.12.2025