Ta’lim | 16:41 / 06.06.2026
5462
5 daqiqa o‘qiladi

Bir inson qanday qilib butun jamiyatni o‘zgartirdi? | 5 daqiqa

Bir inson qanday qilib butun bir jamiyatni o‘zgartira oladi? Qanday qilib qullik, zulm va johillik hukm surgan zamonda adolat, ilm va insoniylik g‘oyalarini ilgari surish mumkin? Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Tarixi Muhammadiy» asari ana shu savollarga javob beradi. Muallif Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini hikoya qilar ekan, o‘quvchiga faqat tarixni emas, insonning o‘zini ham anglash yo‘lini ko‘rsatadi.

XX asr o‘zbek ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan shaxslardan biri - Alixonto‘ra Sog‘uniy nafaqat jamoat arbobi, balki tarixchi, tarjimon, ma’rifatparvar va milliy uyg‘onish g‘oyalarining faol targ‘ibotchisi sifatida ham tanilgan. Uning kitoblari orasida «Tarixi Muhammadiy» alohida o‘rin tutadi.

Sog‘uniy ushbu kitobni yozar ekan, oddiy tarixiy voqealarni bayon qilishni emas, balki Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotlari orqali insonni ma’naviy kamolotga chorlashni maqsad qilgan. Shu bois «Tarixi Muhammadiy» faqat siyrat kitobi emas, balki axloq, sabr, adolat, ilm va insonparvarlik haqidagi katta ma’naviy darslik sifatida qadrlanadi.

Muallif asarni Arabiston yarimorolining islomdan avvalgi ahvolini tasvirlashdan boshlaydi. Bu tasvirlar bejiz emas. Sog‘uniy insonlar qanday muhitda yashaganini ko‘rsatib, keyin Muhammad alayhissalomning tug‘ilishi qanday ulkan o‘zgarishlar olib kelganini anglatishni maqsad qiladi. U davrda kuchli kuchsizga hukmron edi. Qiz bolalar tiriklayin ko‘milar, qullar inson o‘rnida ko‘rilmas, boylik va nasab hamma narsadan ustun edi. Adolat emas, kuch haqiqat o‘rnini egallagan edi.

Muhammad alayhissalomning dunyoga kelishlari asarda alohida mehr bilan tasvirlanadi. Muallif bu voqeani insoniyat taqdiridagi yangi sahifa sifatida talqin qiladi. Otasidan erta yetim qolgan, keyin onasidan ham ajragan bolaning hayoti o‘quvchini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Asarning shu o‘rinlarida muallif insonning buyuk bo‘lishi uchun albatta boy yoki qudratli oilada tug‘ilishi shart emasligini ko‘rsatadi. Ba’zan og‘ir sinovlar insonni kelajakdagi ulkan vazifalarga tayyorlaydi.

Kitobda Muhammad alayhissalomning yoshlik davrlari haqidagi hikoyalar ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. U kishi hech qachon yolg‘on gapirmaganlari, omonatga xiyonat qilmaganlari uchun xalq orasida «Al-Amin» - ishonchli inson degan nom olganlari ta’kidlanadi. Bu yerda Sog‘uniy payg‘ambarlik vazifasi kelmasidan oldin ham Muhammad alayhissalomning axloqlari odamlarni hayratga solganiga ishora qiladi. Demak, buyuklik tasodif emas, balki yillar davomida shakllangan fazilatlar natijasidir.

Makka davri voqealari ham kitobda alohida o‘rin tutadi. Muhammad alayhissalom haqiqatni yetkaza boshlaganlarida ularni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga mazax qilishadi, haqorat qilishadi, hatto o‘ldirishga ham harakat qilishadi.

Biroq muallif bu voqealarni faqat qayg‘uli xotira sifatida keltirmaydi. U sabrning qanday buyuk kuch ekanini ko‘rsatadi. Chunki musulmonlar qurolsiz, davlat yoki armiyasiz ham dushmanlarga qarshi iymon va matonat bilan qarshilik ko‘rsatgan edilar. Kitob o‘quvchiga bu orqali ba’zan insonning eng katta quroli - uning sabri ekanini eslatadi.

Muhammad alayhissalom turli qabilalarni birlashtirishlari, muhojirlar bilan ansorlarni do‘st qilishlari, adolatga asoslangan davlat tizimini shakllantirishlari haqidagi hikoyalar hech qachon o‘z kuchini yo‘qotmaydi. Muallif bu orqali jamiyatni qurish uchun kuchdan ko‘ra adolat muhimroq, demoqchi bo‘ladi.

Asarda Xandaq jangi, Hudaybiya sulhi va Makkaning fath qilinishi haqidagi voqealar ham aks etgan. Ayniqsa, Makkaning fathi haqidagi sahifalar kitobning eng ta’sirli qismlaridan biri, degan bo‘lardim. Chunki yillar davomida ta’qib qilingan, haqoratlangan va yurtidan haydalgan inson g‘olib sifatida shaharga qaytadi. Odatda tarixda bunday paytlarda qasos olinadi. Ammo Muhammad alayhissalom xalqqa: «Boringlar, hammangiz ozodsiz», deb murojaat qiladilar.

«Tarixi Muhammadiy»ning eng muhim tomoni shundaki, u o‘quvchiga faqat ma’lumot bermaydi, balki tarbiyalaydi. Kitob sabrni o‘rgatadi. Adolatning qadrini anglatadi. Ilmga muhabbat uyg‘otadi. Kechirimli bo‘lishga chaqirib, insonni o‘z nafsi bilan kurashishga undaydi. Muallif uchun Muhammad alayhissalom hayoti shunchaki tarix emas, balki komil inson qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatuvchi namunadir.

Bu asar haqida aslida juda uzoq gapirish mumkin. Hozircha shu!

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid