Ta’lim | 21:09
922
5 daqiqa o‘qiladi

Egasini tashlab ketgan burun qissasi | 5 daqiqa

Ertalab uyg‘onib, oynaga qarasangiz-u burningiz joyida yo‘q bo‘lsa, nima qilardingiz? Shifoxonaga yugurasizmi, politsiya chaqirasizmi yoki uyqusirayapman, degan xayolga borasizmi? Endi tasavvur qiling, oradan bir necha soat o‘tib, burningizni shahar markazida uchratib qolsangiz va u sizni tanimaslikka olsa, mansabi bilan kerilib tursa, chidarmidingiz?

“5 daqiqa”ning navbatdagi sonida Nikolay Gogolning “Burun” qissasi haqida gaplashamiz.

Voqealar peterburglik sartarosh Ivan Yakovlevichning xonadonidan boshlanadi. Uning nonushtasidan burun chiqib qoladi. Ha, to‘g‘ri eshitdingiz, inson burni. Siz ajablanib turgan bir paytda, yozuvchi Gogol mutlaqo jiddiy ohangda asarni davom ettiradi. Xuddi non ichidan burun chiqishi tabiiy hodisadek.

Sartarosh burunning shakl-u shamoyilidan uning kimga tegishli ekanini eslaydi. U kollejning kichikroq mansabdori Kovalyovning burni edi. Shu joydan boshlab asar real hayotdan uziladi, lekin ayni paytda jamiyat haqidagi haqiqiy hayotga juda yaqinlashadi.

Ivan Yakovlevich qo‘rqib ketadi. Chunki bu yerda odamning burni yo‘qolgani emas, ishga politsiya aralashib qolishi xavfliroq edi. Yozuvchiga ko‘ra, u jamiyatda odamlar fojiadan emas, rasmiyatchilikdan qo‘rqardi. Sartarosh burundan qutulish uchun uni ko‘chaga tashlamoqchi, daryoga otmoqchi bo‘ladi, lekin har yerda nazorat, hamma yer shubhali edi. Hatto burunni tashlab ketish ham oson emasdi.

Bu paytda mayor Kovalyov uyg‘onadi. Oynaga qarasa - burni yo‘q. Yuzining o‘rtasi tep-tekis. Gogol bu sahnani shunday tasvirlaydiki, o‘quvchi bir vaqtning o‘zida ham kuladi, ham hayron qoladi. Chunki Kovalyov uchun burun oddiy a’zo emas. Bu uning obro‘yi, mavqeyi, jamiyatdagi “yuzi” edi-da.

Kovalyov ajoyib odam. U o‘zini “mayor” deb atashlarini yaxshi ko‘radi, mansab orqasidan quvadi. Neva prospektida aylanish, boyvachcha biror ayolga uylanish, yaxshiroq mansabga o‘tirish - bular uning hayotining mazmuni edi. Shuning uchun burun yo‘qolishi uning salomatligi emas, ijtimoiy mavqeyiga ko‘proq ta’sir qiladi.

Gogol shu yerda juda kuchli sarkazm ishlatadi. Inson o‘zining ichki dunyosi bilan emas, tashqi ko‘rinishi va unvoni bilan baholanadigan muhitni ko‘rsatadi. Go‘yoki odamni kekkaygan burni tashlab ketsa, uning bor bisoti ham ketadigandek.

Qissaning eng mashhur va eng absurd sahnasi keyin boshlanadi. Kovalyov shaharda o‘z burnini uchratib qoladi. Ha, burun mustaqil odamga aylangandi. U mundir kiygan, karetada yuradi, o‘zini hatto yuqori martabali amaldordek tutadi. Odamlar esa unga hurmat bilan yo‘l berishadi.

Kovalyov burniga o‘zini tanishtirishga urinadi. Shu parchaning o‘ziyoq Gogolning betakror uslubini namoyon qilishga asos bo‘ladi:

– Men, albatta… Ha, aytgandek, men mayorman. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, mendek odamning burunsiz yurishim uyatdir axir. Voskresensk ko‘prigida archilgan apelsin sotib o‘tiradigan juldurvoqi xotinning burni bo‘lmasa hech bokisi yo‘qdir, biroq men… nufuzli lavozimga muyassar bo‘lishim nazarda tutilsa… Buning ustiga, ko‘pgina e’tiborli xonimlar, deylik, statskiy sovetnik Chextaryova va boshqalar bilan tanishman…

Takabbur burun Kovalyovni tan olmaydi. O‘zini alohida shaxs deb tutadi. “Bizning o‘rtamizda hech qanday yaqinlik yo‘q”, deydi u. Tasavvur qiling, odam o‘z burniga o‘zini tanishtirishi adolatdanmi?

Gogol Peterburg manzarasini chizadi. Bu shaharda hamma kimningdir oldida past, yana kimdandir baland. Hamma martaba ketidan yuguradi. Hamma tashqi ko‘rinish bilan ovvora. Shuning uchun burunning amaldorga aylanib ketishi bu jamiyat uchun unchalik g‘ayritabiiy tuyulmaydi.

Qissa davomida Kovalyov politsiyaga yuguradi, gazetaga e’lon bermoqchi bo‘ladi, amaldorlarga murojaat qiladi. Lekin tizim shu qadar bema’niki, hech kim uning haqiqiy dardini tushunmaydi.

Yozuvchi bu asar orqali jamiyatning eng og‘riqli nuqtasiga teginadi. Chunki bu dunyoda ba’zan insonning o‘zi emas, uning “statusi” mustaqil hayot kechira boshlaydi. Mansab insondan kattaroq narsaga aylanadi. Shunday payt keladiki, odam o‘z obro‘yining xizmatkori bo‘lib qoladi.

Qissa davomida voqealar yanada g‘alati tus oladi. Burun topiladi. Do‘stimiz Kovalyov burni bilan chiqishib ketadimi-yo‘qmi, buni hukmingizga qoldiraman.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid