Urushdan qaytgan odamlar odatda ikki xil bo‘ladi: biri tirik qolganiga shukr qilib yashaydi, ikkinchisi esa tirik qolgani uchun o‘zini kechirolmaydi. Chunki ba’zi urushlar frontda tugamaydi. Ular odamning ruhiyatiga ko‘chib o‘tadi.
Bugun dunyo yana urushlar, vayron bo‘lgan shaharlar, bir kechada qarib qolayotgan bolalar haqida gapirayotgan paytda Erix Mariya Remarkning “Uch og‘ayni” romani haqida gaplashishni lozim topdik.
Asar voqealari uch do‘st – Robert Lokamp, Otto Kester va Gottfrid Lens hayoti atrofida sodir bo‘ladi. Ular Birinchi jahon urushidan omon qaytgan odamlar. Bu yigitlar Germaniyaning iqtisodiy inqiroz ichidagi davrida yashaydi. Kichik avtoustaxona ochib tirikchilik qilishadi.
Asarda urush sahnalari deyarli yo‘q. Yozuvchi sizni qon, portlashlar, front tasvirlari bilan yig‘latishga harakat qilmaydi. Lekin urushning soyasi har bir dialogda, har bir kulgi ortida yashiringan. Qahramonlar kulgisi chin kulgi emas. Ular yashashga harakat qilyapti xolos, degan tasavvurga borasiz.
Robert, ya’ni Robbi tashqaridan qaraganda sokin, hazilkash, oddiy odam. Ammo uning ichida katta bo‘shliq bor. U kelajak haqida orzu qilmaydi. Chunki urush insondan ertangi kunga ishonish hissini o‘g‘irlaydi. Shuning uchun Robert hayotni katta ma’nolar bilan emas, mayda lahzalar bilan ushlab qolishga harakat qiladi.
Va shu yerda romanga Patritsiya Xollman kirib keladi, ya’ni Pat. Remark asarlaridagi eng nozik va eng qayg‘uli ayol obrazlaridan biri. U Robert hayotiga kirganida kitobning ruhiyati o‘zgarib ketadi. Asarda nur, umid paydo bo‘ladi. Chunki muhabbat insonni hamisha ma’nosizlikdan qutqaradi.
Ammo bu baxt uzoqqa cho‘zilmaydi. Chunki Remarkka ko‘ra, urushdan keyingi dunyoda baxt hamisha vaqtinchalik edi. Pat kasal. Uning o‘pkasi zararlangan. Bu oddiy kasallik emas, butun bir davrning ramzi. Urush nafaqat shaharlarni, balki odamlarning ichidagi hayotni ham barbod qilgan edi. Pat ana shu “yo‘qotilgan avlod”ning timsoliga aylanadi.
Qahramonlar taqdirni yengishga urinmaydi. Ular hayot g‘alaba bilan tugamasligini allaqachon tushunib bo‘lgan. Ular faqat bir-birini oxirigacha tashlab ketmaslikka harakat qiladi. Shuning uchun “Uch og‘ayni” haqida gap ketganda, avvalo do‘stlik ulug‘lanadi.
Hozirgi kunda “do‘stlik” so‘zini ko‘p ishlatamiz. Ammo Remark yozgan do‘stlik boshqa narsa. Bu birga selfi tushish yoki bayram qilish emas. Bu do‘stlik – singan odamni qaytadan yig‘ib olishga o‘xshaydi. Otto va Lens Robert uchun aynan shunday insonlar edi.








