O‘zbekiston | 23:41 / 01.03.2021
15572
2 daqiqa o‘qiladi

Boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarga ustama to‘lash tartibi belgilandi

1 martdan e'tiboran, ta'lim darajasi past maktabda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarga maxsus ustamalar hisoblash boshlandi.

Xalq ta'limi vazirligi va Ta'lim inspeksiyasi respublikadagi ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini tasdiqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma'lum qildi.

«Vazirlik tomonidan ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumta'lim maktablari bo‘sh ish o‘rinlariga (vakant dars soatlari bo‘yicha) boshqa hududlardan o‘qituvchilarni ishga qabul qilish sxemasi ishlab chiqildi. Bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan ish.uzedu.uz cayti orqali tanishish mumkin», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, umumta'lim maktablarda o‘qituvchilarni ishga olish tartibi soddalashtirilgan: o‘qituvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha XTBlardagi ayrim byurokratik tartiblar bekor qilingan va ishga qabul qilish maktab rahbarining vakolatiga o‘tkazilgan.

Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan umumta'lim maktablariga boshqa hududlardan ishga qabul qilish uchun bo‘sh ish o‘rinlariga ikki va undan ortiq nomzodlar talabgor sifatida hujjat topshirgan hollarda nomzodlarni maktablardagi tanlov komissiyasi saralab oladi.

Hududlardan jalb qilingan o‘qituvchilarga maxsus ustamalar to‘lash tartibi joriy o‘quv yilida amal qiladi. Joylarda o‘qituvchi-pedagoglar va jamoatchilikning takliflarini inobatga olgan holda yangi o‘quv yilidan jarayon takomillashtirib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga asosan, 2021 yil 1 martdan boshlab:

  • bir ma'muriy birlik (viloyat) doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa ma'muriy birlik (viloyat)dan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

Mavzuga oid