O‘zbekiston | 12:28 / 25.04.2023
19358
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent yerusti metrosining yana 5 ta bekati foydalanishga topshirildi

Endi yerusti metrosida «Quruvchilar» massivigacha borish mumkin.

Toshkentda yerusti halqa metro yo‘lining II bosqichi doirasida qurib bitkazilgan 5 ta bekatda yo‘lovchi tashuvlari boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘yliq—Quruvchilar uchastkasida qurilish ishlari tugatilgan 5 ta bekatning umumiy uzunligi 7,74 kilometr.

Shunday qilib, Toshkent metropolitenining bekatlari soni 48 taga yetdi. Yerusti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlanishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi.

Bekatlarga hozircha yangi nom berilmagan.

2023 yil aprel boshida Toshkent shahar hokimligi metropoliten yerusti liniyasining Do‘stlik—Qo‘yliq va Olmazor—Sergeli yo‘nalishlaridagi bekatlarni nomlash bo‘yicha ovoz berishga chaqirgandi

Ma’lumot uchun, «Do‘stlik» metro bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan metro liniyasining birinchi bosqichi 2020 yil avgust oyida ishga tushirilgandi. O‘sha yilning dekabr oyida Chilonzor liniyasining davomi bo‘lgan Sergeli filiali ochilgandi.

Yana ikkita stansiyani o‘z ichiga olgan, uzunligi qariyb 4 km bo‘lgan «Quruvchilar» — «Qipchoq» bekatining (Sergeli liniyasining 5-bekati) qurilishi davom etmoqda. Hozircha ushbu yo‘nalishda avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid