O‘zbekiston | 18:51 / 20.06.2023
14593
2 daqiqa o‘qiladi

Bolasini xususiy maktabga bergan ota-onalarga kompensatsiya puli beriladi

Xususiy maktablarga 1-sinfga borgan bolaning ota-onasiga bir yil davomida maktab uchun oylik to‘lovining 450 ming so‘mi kompensatsiya qilib beriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiy maktablardagi o‘quvchi o‘rinlari hozirgi 85 mingtadan 2030 yilgacha kamida 400 mingtaga yetkaziladi.

Xususiy maktablardan birida / Arxiv foto: Prezident matbuot xizmati

Maktab infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga har yili 1 milliard dollardan mablag‘ ajratiladi. Joriy yilda boshlanadigan “Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturi doirasida 2030 yilga qadar yangi maktablar barpo etish va bor quvvatlarni oshirish hisobiga, qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Bu haqda ma’lum qilgan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, yangi tashkil etiladigan jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 170 ta yangi maktablar qurilib, 3 ming 210 tasi rekonstruksiya qilinadi.

Mirziyoyev Buxorodagi uchrashuvda xususiy ta’limni rivojlantirishga oid rejalar haqida ham ma’lumot berdi.

Xususiy maktablarga 1-sinfga borgan bolaning ota-onasiga bir yil davomida maktab uchun oylik to‘lovining 450 ming so‘mi kompensatsiya qilib beriladi. Tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil etish uchun olinadigan kreditning 14 foizdan ortgan qismi qoplab beriladi”, dedi u.

Xususiy maktablarda muallimlar uchun talablar davlat maktablari bilan bir xil bo‘ladi. Shu orqali maktablarda o‘quvchilar soni 35 nafardan ko‘p bo‘lgan birorta sinf qolmaydi (hozir 37 mingta bunday sinf bor), deya ma’lum qildi prezident.

Umuman, hozirgi vaqtda xususiy maktablarda mavjud 85 ming o‘quvchi o‘rnini 2030 yilga qadar kamida 400 mingtaga yetkazish bo‘yicha barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Jumladan, yuqori sinfda aniq va tabiiy fanlar hamda chet tillarini chuqurroq o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi 7 yilda barcha maktablarga “til egalari” bo‘lgan o‘qituvchilarni olib kelamiz. Buning uchun har yili 200 milliard so‘m ajratiladi”, dedi nomzod.

Mavzuga oid