Jahon | 15:41 / 19.05.2024
15819
14 daqiqa o‘qiladi

Pomir traktidan Argentinadagi trassagacha – dunyoning eng chiroyli avtoyo‘llari qayerda joylashgan?

Tog‘lar yoki milliy tabiat bog‘laridan o‘tgan yo‘llar dunyodagi eng chiroyli yo‘llar hisoblanadi. Tasavvur qiling, dengiz sathidan 4 ming metr balandlikdasiz. Quyosh chiqib turgan bo‘lsa ham havo sovuq. Atrofdagi baland tog‘ qoyalarida esa qorlar ko‘rinyapti. Avtomobilda tabiatning go‘zal manzaralarni tomosha qilib ketyapsiz...

Avtomobilda sayr qilish har doim insonga zavq beradi. Ayniqsa atrof chiroyli manzaralarga boy bo‘lsa avtomobilda yurish kishini umuman charchatmaydi.

Shu sababli ham dunyoda aynan avtomobilda sayr qilib, tabiat manzaralaridan bahra olishni istaydiganlar yetarlicha bor. Shunga yarasha go‘zal manzaralarga ega yo‘llar ham ko‘p.

Jumladan O‘zbekistonda ham Qamchiq dovonidan oshib o‘tadigan, Qizilqum cho‘llaridan o‘tadigan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtaqoracha dovoni yo‘li va boshqa yo‘llar kishiga zavq beruvchi chiroyli manzaralarga boy.

Qamchiq dovonidan o‘tgan yo‘l
uzbloknot.com

Amerikada chop etiladigan National Geographic jurnali va dunyodagi boshqa ko‘plab nashrlar tomonidan dunyodagi eng chiroyli yo‘llar ro‘yxati tuzilgan. Bu ro‘yxatga Markaziy Osiyo hududida joylashgan Pomir trakti ham kiritilgan.

Pomir trakti M-41 Bishkek-O‘sh-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining bir qismi hisoblanadi. Bu yo‘l sayohatchilar uchun qiziq yo‘nalish hisoblanadi va har yili uni bosib o‘tish uchun dunyoning turli chekkalaridan sayyohlar kelishadi.

Quyida eng chiroyli yo‘llar ro‘yxatining yuqori qismida joylashgan 10 ta yo‘l bilan tanishtiramiz.

Verdon darasi, Fransiya

Verdon darasidan o‘tgan yo‘l
www.airbnb.ca

Verdon darasi (Gorges Du Verdon) Fransiyaning janubiy-sharqida, Var va Yuqori Provans Alplari provinsiyalarida joylashgan.

Dara Verdon daryosi bo‘ylab cho‘zilib ketgan. Bu yerda avtomobil yo‘li tog‘ etagi bo‘ylab oqadigan daryo qirg‘og‘idan o‘tkazilgan. Bir tomonda tik qoyalar, pastda daryo oqadi va ana shu manzara juda chiroyli ko‘rinadi.

Daraning bir qismi baland qoyalardan iborat va u 25 kilometrga cho‘zilgan. Yo‘lning uzunligi esa bir necha yuz kilometrni tashkil etadi.

Dara bo‘ylab ketgan yo‘l yuqoriga qarab ko‘tarilib boradi va ayrim joylarda tik qoyalarning balandligi 700 metrga yetadi.

Pomir trakti, Qirg‘iziston-Tojikiston

Pomir trakti
pikabu.ru

Qirg‘iziston va Tojikiston bo‘ylab o‘tgan Pomir trakti M-41 Bishkek-O‘sh-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining bir qismi hisoblanadi.

1930-yillarda Markaziy Osiyoda hali sovet hukumati to‘liq o‘rnatilmagan, tog‘lar orasida yashovchilar hatto SSSR degan davlat borligini ham bilishmasdi. Ana shunday sharoitda sovetlar SSSR chegaralarini mustahkamlash uchun Pomir tog‘lari ustidan yo‘l tortgan.

Pomir trakti bir necha yuz kilometrdan iborat va uning bir qismi dengiz sathidan 4 ming metr balandroqdan o‘tadi. SSSR parchalanib ketgandan so‘ng bu yo‘l ancha ta’mirtalab holga kelib qolgan.

Uni ta’mirlash uchun Qirg‘iziston va Tojikistonda mablag‘ yo‘q. Yo‘lning foyda keltirish ehtimoli pastligi uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlar pul ajratmaydi.

Pomir trakti joylashgan hududlar juda go‘zal manzaralarga ega. Shu sababli har yili bu yo‘ldan o‘tish uchun sayyohlar kelishadi. Shuningdek, yoz mavsumida Xitoy, Qirg‘iziston va Tojikistonga tegishli yuk mashinalari undan o‘tib qaytadi.

Dalton-Xayvey yo‘li, AQSh

Dalton-Xayvey shossesi
stock.adobe.com

Dayton-Xayvey yo‘li Alyaskada joylashgan. U 666 kilometr bo‘lib, shtat hududini janubdan shimolga kesib o‘tadi. Bu yo‘l bir paytlar Transalyaska neftoprovodini tortish paytida ochilgan.

Keyinroq undan hamma foydalana boshlagan. Bu yo‘lning asosiy qismiga hanuzgacha asfalt yotqizilmagan. Yo‘l uzoq yillar davomida Alyaskada ishlagan muhandis Jyeyms Dalton nomiga qo‘yilgan.

Dalton-Xayvey yo‘lidan yurmoqchi bo‘lganlar o‘zi bilan yoqilg‘i zaxirasini olishi kerak. Yo‘l kamqatnov bo‘lgani uchun tadbirkorlar u yerda AYoQSh tashkil etmagan. 666 kilometrlik yo‘lda faqat ikki joyda AYoQSh bor xolos.

Dalton-Xayvey yo‘lida Alyaskaning juda chiroyli manzaralari joylashgan. Ularni ko‘rish uchun har yili bu yerga ko‘plab sayyohlar keladi. Ular Dalton-Xayvey yo‘lidan harakatlanib go‘zal manzaralardan bahramand bo‘lishadi.

Transfegerash shossesi, Ruminiya

Transfegerash shossesi
www.alamy.com

Ruminiyadagi tog‘li Fegarash massividan o‘tgan yo‘l 1970 yilda, mamlakatni Nikolaye Chaushasku boshqarib yurgan paytlarda loyihalashtirilgan.

O‘sha paytda Ruminiyaning Valaxiya va Transilvaniya viloyatlarini bog‘lovchi yo‘l tog‘ni aylanib o‘tar edi. Chaushesku norozilik namoyishlari bo‘ladigan bo‘lsa harbiy texnikalarni osonroq yetkazib borish uchun Fegerash tog‘lari orqali qisqaroq yo‘l qurishga buyruq beradi.

Yo‘l qurilgandan so‘ng Valaxiya va Transilvaniya o‘rtasidagi yo‘l qariyb 400 kilometrdan 200 kilometrga qisqaradi.

1980-yillar oxirida Chashesku taxtdan ag‘dariladi. Ruminiya sotsialistik lagerdan chiqib Yevropa hamjamiyatiga qaytadi. Shundan so‘ng yo‘lning ahamiyati ortadi va mamlakat sayyohlik salohiyati uchun xizmat qila boshlaydi.

Bugungi kunda Transfegerash shossesi deb ataladigan yo‘l Ruminiyadagi xorijiy sayyohlarni jalb qiladigan muhim obektlardan biri sanaladi.

Har yili bu yo‘ldan o‘tish va Fegerash tog‘laridagi go‘zal manzaralarni tomosha qilish uchun Ruminiyaga ko‘plab sayyohlar keladi.

Chuysk trakti, Rossiya

Chuysk trakti
LiveJournal

Rossiyaning markaziy qismida joylashgan va Oltoy tog‘lari orqali o‘tadigan bu yo‘l tarixi ming yil avvalga borib taqaladi. Aytishlaricha bu yo‘l bir paytlar Buyuk Ipak yo‘lining shimoliy shoxobchasi bo‘lgan va undan karvonlar yurgan.

18-asr o‘rtalarida Rossiya imperiyasi Oltoy o‘lkasini to‘liq egallar ekan, Chuysk yo‘liga e’tibor bera boshlaydi. 19-asr ikkinchi yarmida yo‘l kengaytirilib, uning ayrim joylariga qum-shag‘al to‘kiladi. 1916 yilda yo‘l hozirgi marshrut bo‘ylab o‘tkaziladi.

1922 yilda Chuysk trakti davlat ahamiyatidagi yo‘l maqomini oladi. 1925 yilda SSSR savdo vazirligiga tegishli avtomobillar Biyskdan Qo‘sh-Yog‘och aholi punktigacha bir necha marta borib keladi.

1930-yillar boshlarida mahbuslar mehnatidan foydalanib Chuysk traktiga asfalt yotqiziladi va 1935 yilda u to‘laqonli foydalanishga topshiriladi. 1960-yillarda Chuysk trakti Novosibiriskdan Tashantagacha uzatiriladi.

Bugun Chuysk trakti Novosibirirsk shahridan boshlanadi va Oltoy tog‘laridan oshib, Biysk shahridan o‘tib Mug‘uliston chegarasigacha boradi. Yo‘l atrofidagi manzaralar juda chiroyli bo‘lgani uchun yoz mavsumida bu yo‘ldan o‘tish uchun Rossiyaning boshqa hududlaridan ko‘plab sayyohlar kelishadi.

Atlantika yo‘li, Norvegiya

Atlantika yo‘li
flickrhivemind.net

Norvegiya shimoliy-g‘arbida joylashgan Atlantika yo‘li qurilishi 1983 yilda boshlanadi va 1989 yil yozda bitkaziladi. Bu yo‘ldan o‘tish 10 yil davomida pulli bo‘ladi va 1999 yildan boshlab tekin qilib qo‘yiladi.

Yo‘lning bir qismi quruqlikdan, ayrim qismlari beton ustunlar bilan okean ustidan o‘tkazilgan.

Atlantika yo‘lida juda ko‘plab ko‘priklar qurilgan. Ular orasida eng mashhuri o‘rkachsimon Storseysunnet ko‘prigi hisoblanadi. Ko‘prik ostidan kemalar bemalol o‘tishi uchun uning balandligi 23 metr qilingan.

Atlantika yo‘li mamlakatning asosiy diqqatga sazovor joyi va madaniy meros obekti sifatida tan olingan. Norvegiyaga aynan shu yo‘ldan avtomobilda harakatlanish uchun ko‘plab xorijiy sayyohlar keladi.

Bu yo‘ldan yurish chog‘ida Atlantika okeani go‘zalligidan to‘la zavq olish mumkin. Ammo haydovchi bir daqiqa ham chalg‘imasdan hushyor bo‘lishi kerak. Chunki istalgan vaqtda okeandan kelgan to‘lqin mashinani surib ketib, suvga tushirib yuborishi mumkin.

Katta darvoza yo‘li, Xitoy

Katta darvoza yo‘li
stock.adobe.com

Xitoydagi Tyanmen tog‘idan o‘tadigan Katta darvoza yo‘li 3-asrda karvon yo‘li sifatida paydo bo‘lgan. Keyinchalik u arava yura oladigan darajada kengaytirilgan.

20-asrda yo‘l kengaytirilib, unga asfalt yotqizildi va natijada Katta darvoza yo‘lidan mashinalar ham qatnay boshladi. Katta darvoza yo‘li o‘zining ilonizi tarzda tog‘ga ko‘tarilishi bilan mashhur. Bu yerda 11 km yo‘lda 99 ta qayrilish bor.

Yo‘lning murakkab qismi boshlanadigan joy va dovon tepasi tik balandlikda 1 300 metr chiqadi. Yo‘lning eng tepa qismi “Osmon darvozasi” degan mashhur nomga ega.

Bu yo‘l xitoyliklar orasida juda mashhur va har yili undan avtomobilda o‘tish uchun ko‘plab sayyohlar keladi.

40-trassa, Argentina

40-trassa, Argentina
www.shutterstock.com

Argentinada 40-trassa Ruta-40 deb nomlanadi. Bu yo‘l dunyodagi eng uzun yo‘llardan biri bo‘lib, u 5 000 km masofaga cho‘zilib ketgan. 40-trassa Argentina shimolidan boshlanadi va And tog‘larini oshib o‘tib, mamlakatning eng janubiy chekkasigacha boradi.

Bu yo‘ldan yurilganda bir vaqtning o‘zida turli iqlimga duch kelish mumkin. Harakat davomida manzara o‘zgarib boraveradi. Pastda yoz, qir-adirlarida bahor, tog‘ tepasida esa qishga duch kelish mumkin. O‘rmonlar, ko‘llar, qoyalar, ekin dalalari, cho‘llardan o‘tiladi.

40-trassa bo‘ylab yurilsa 27 ta tog‘ dovon yo‘lidan, 18 ta yirik daryodan, 20 ta milliy parkdan o‘tiladi. Bu parklar orasida butunjahon tabiat merosi sifatida YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilganlari ham bor.

Shuningdek, 40-trassa orqali dunyodagi uchinchi eng yirik chuchuk suv zaxirasiga ega Perito-Moreno muzligiga chiqib borish mumkin. Yana Janubiy Amerikadagi eng baland tog‘ Akonkaguaga ham shu yo‘l bilan chiqiladi.

40-trassasi dunyodagi eng chiroyli yo‘llari ro‘yxatiga kiritilgan. Shu sababli bu yo‘l bo‘ylab sayohat qilish uchun har yili Argentinaga ko‘plab sayyohlar keladi.

Katta aylana yo‘l, AQSh

Katta aylana yo‘li, AQSh
www.shutterstock.com

Katta aylana yo‘l (Grand Circle) AQSh g‘arbidagi Arizona, Nevada, Nyu-Meksiko, Kolorado va Yuta shtatlaridan o‘tadi. Bu yo‘l o‘tgan hududlarda Sion, Brays-Kanion, Kepitol-Rif, Arches, Kanionlends, Meva-Verdi, Katta Kanion va Petrifayd- Forest milliy parklari joylashgan.

Bir paytlar pionerlar G‘arbdagi yerlarga borar ekan, ular Kolorado daryosi oqib o‘tadigan Katta Kanion darasi bo‘ylab harakatlanishgan. Katta aylana yo‘lning aosiy qismi ana shu daraning ikki tomonida joylashgan.

Har yili Katta Kanion va uning atrofidagi milliy parklarni ko‘rish uchun millionlab sayyohlar keladi. Ular aynan Katta aylana yo‘l bo‘ylab harakatlanadi.

Shuningdek, Katta aylana yo‘l bo‘ylab avtobuslarda Grand Circle Tour tashkil etiladi. Katta aylana yo‘lning bir qismi Chikagodan Los-Anjyelesga olib boruvchi Route 66 transamerika avtomagistrali bo‘ylab o‘tadi.

Buyuk okean yo‘li, Avstraliya

Buyuk okean yo‘li
www.foxnews.com

Buyuk okean yo‘li Avstraliyaning Viktoriya shtatida Tinch okeani qirg‘oqlari bo‘ylab o‘tadi. Yo‘lning uzunligi 243 km bo‘lib, uning qurilishi 1919 yilda boshlangan.

Mazkur yo‘l Torkuey shahridan boshlanadi va Allansford shahrigacha davom etadi. 2005 yildan boshlab bu yo‘lda har yili bir marta marafon musobaqalari o‘tkaziladi.

Yo‘lni asosan harbiylar qurishgan va uning birinchi qismi 1922 yilda foydalanishga topshirilgan. 1932 yilda yo‘lning hammasi qurib bitkazilgan.

Bu yo‘lni ko‘pincha dengiz to‘lqinlari yuvib turadi va to‘fonlar sodir bo‘lganda jiddiy zarar yetkazadi. 1964 va 1971 yillarda to‘fonlar yo‘lga jiddiy zarar yetkazadi va u ta’mirlanadi.

1962 va 1964 yillarda o‘rmon yong‘inlari tufayli yo‘l ikki marta yopilib qoladi. 2011 yilda qoyalar qulab tushishi natijasida yo‘l yana to‘silib qolgan.

Buyuk okean yo‘li ham dunyodagi eng chiroyli yo‘llar ro‘yxatiga kiradi. 2011 yilda u Avstraliya milliy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu yo‘l muhim sayyohlik obekti hisoblanadi. Har yili undan avtomobilda o‘tish uchun ko‘plab sayyohlar kelishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid