Sog‘lom hayot | 14:00 / 30.09.2025
2802
2 daqiqa o‘qiladi

Kuniga 8 soatdan kam uxlash tanaga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Uyqu – shunchaki hordiq emas, tananing tiklanishi, miyadagi axborotlar qayta ishlanishi va ichki organlarning me’yorida faoliyat yuritishi uchun zarur jarayondir.

Foto: iStock

Olimlar kattalar uchun kuniga o‘rtacha 7–9 soat uyquni tavsiya etadi. Ammo ko‘pchilik ish, o‘qish yoki turmush tarzi sabab yetarlicha uxlashga vaqt ajratmaydi. Natijada organizmda asta-sekin jiddiy muammolar yuzaga keladi.

Avvalo, miya faoliyati izdan chiqadi: diqqat susayadi, xotira zaiflashadi, qaror qabul qilish qobiliyati sekinlashadi.

Uyqu yetishmasligi yurak-qon tomir tizimiga ham jiddiy zarar yetkazadi. Qon bosimi oshishi, yurak urish ritmining buzilishi va insult xavfining ortishi shular jumlasidandir. Bundan tashqari, uyqusizlik gormonal muvozanatni ham buzadi. Stress gormoni – kortizol miqdori oshib ketadi, insulin sezgirligi kamayadi, natijada 2-tur diabet xavfi kuchayadi.

Shuningdek, leptin va grelin kabi ishtaha gormonlari muvozanati o‘zgarib, odam ko‘proq ovqatlana boshlaydi, bu esa semirishga olib keladi. Immun tizim ham zaiflashadi: organizm virus va bakteriyalarga qarshi sustlashadi, gripp va shamollash kabi kasalliklar tez-tez takrorlanadi.

Eng e’tiborlisi, uyqu yetishmasligi tashqi ko‘rinishda ham namoyon bo‘ladi: teri rangparlashadi, ajinlar ko‘payadi, odam o‘zini doimiy charchagan va toliqqan his qiladi.

Yetarlicha uyquni o‘ziga ravo ko‘rmagan inson faqat vaqtinchalik charchoqqa emas, butun organizmga sekin-asta zarar yetkazadigan xavfli jarayonga yo‘l ochib bergan bo‘ladi.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid