O‘zbekiston | 12:23 / 27.05.2019
2912
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda baxshichilikka ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Respublika Baxshichilik san'ati markazi va uning huzuridagi Baxshichilik san'atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baxshichilik san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 14 maydagi PQ-4320-son qarori bilan Respublika Baxshichilik san'ati markazi va uning huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Baxshichilik san'atini rivojlantirish jamg‘armasi hamda baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatini tashkil etish belgilangan.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

madaniyat muassasalarining ko‘chmas mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘larning 10 foizi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy organlari huzuridagi Davlat mulkini ijaraga berish markazi davlat unitar korxonalariga 1 foizi va elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘lanadigan to‘lovdan tashqari);

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va uning bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning vazir tomonidan belgilanadigan miqdordagi ajratmalari;

davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishdan olinadigan daromadlarning 10 foizi;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasiga budjetdan tashqari tushadigan yillik tushumlarning 1 foizi miqdoridagi ajratmalar;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari);

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Milliy san'atimiz va madaniyatimizning qadimiy ma'naviy merosini saqlab qolish, baxshichilik yo‘nalishi bo‘yicha yoshlarning ijodiy salohiyatini hisobga olgan holda, ularning intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ro‘yobga chiqarish, baxshichilik sohasi bo‘yicha malakali baxshilar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Termiz shahridagi 21-son baxshichilik maktabi negizida baxshichilik san'atiga ixtisoslashtirilgan Respublika maktab-internati tashkil etiladi.

Quyidagilar Maktab-internatning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

baxshichilik san'ati bo‘yicha bilim va tushunchalar, tarixiy va milliy an'analar, innovatsiya texnologiyalarini, davlat talablari asosida bilim va ko‘nikmalarini puxta egallagan yosh kadrlar tayyorlash;

tayyorlanayotgan yosh kadrlarga yuqori sifatli bilim va ko‘nikmalar berish;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining maktab-internati uchun 150 o‘rinli yotoqxona va oshxona, 200 o‘rinli konsert zali 8 ta yakka dars xonalarini o‘z ichiga qamrab olgan o‘quv korpusi qurish bo‘yicha taklifiga rozilik beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

Maktab-internatga 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, o‘quvchilarni qabul qilish;

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab baxshichilik va dostonchilik ta'limi yo‘nalishi bo‘yicha alohida qabul kvotalari shakllantirilishini nazarda tutadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari bo‘linmalari huzurida baxshichilik san'ati davlat ansambllarini, qolgan hududlarda viloyat ansambllarini mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirgan holda tashkil etadi.

Mavzuga oid