Jamiyat | 17:30 / 01.08.2025
37471
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada IIB xodimining uyida tintuv o‘tkazildi

Telegramdagi guruhlarda anonim foydalanuvchi tomonidan IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining shaxsiyati haqida xabar tarqatilgan. Bu xabar tuhmat deb baholanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish doirasida viloyat IIBning amaldagi xodimi yashash xonadonida tintuv o‘tkazildi.

Foto: IIB

Farg‘onada tuhmat moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida IIB xodimining uyida tintuv o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 2025 yil 20 iyul kuni noma’lum shaxs ijtimoiy tarmoqlardagi ikkita guruhda IIV ShXBB Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i A.I.ga nisbatan tuhmat xabar tarqatgan. Xabarda “IIB mansabdori fuqaro Sh.A.ga shar’iy nikoh asosida ikkinchi xotin sifatida uylanib olgani” aytilgan. Xabarga A.I. va Sh.A.ning suratlari ilova qilingan.

Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlarini olib borish jarayonida, oldinroq YHXBB inspektori lavozimidan olingan, hozir viloyat IIBning navbatchilik qismida ishlayotgan xodim R.D. ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlangan va uning yashash xonadonida tintuv o‘tkazilgan.

“R.D. jinoyatga aloqador bo‘lgan axborot tashuvchi vositalar saqlab kelayotgani hamda ulardan mazkur ma’lumotlarni tarqatishda foydalangani” haqida olingan tezkor ma’lumot tintuvga rasmiy asos bo‘lgan.

Jinoyat ishi doirasida IIV ShXBB Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i A.I. guvoh tariqasida so‘roq qilingan. U tuhmatdan iborat xabarni chiqarishga R.D. aralashgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bunga sabab sifatida esa xizmat davomida noo‘rin harakatlar sodir qilgani uchun R.D.ga nisbatan ShXB tomonidan tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, lavozimidan ozod etilgani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani tufayli adovati saqlanib qolgan deb o‘ylashini ma’lum qilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, tintuv R.D.ning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jaliklarida sud ajrimiga asosan o‘tkazilgan, lekin unda shubhali hech narsa topilmagan.

Mavzuga oid