O‘zbekiston | 11:12 / 26.06.2021
32432
3 daqiqa o‘qiladi

YHX xodimi hukumat qaroriga zid ravishda elektron sug‘urta polisini inobatga olmadi va ma'muriy bayonnoma tuzdi

Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqaro shaxsiy avtomobili Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda, ularga taqdim qilgan elektron sug‘urta polisi [E-polis] inobatga olinmagani va sug‘urtasiz avtomobil boshqarganlik aybi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirganini ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Haydovchiga ko‘ra, YHX xodimi o‘ziga telefonda ko‘rsatilgan elektron sug‘urta polisiga hattoki qaramagan ham. Shuningdek, xodimga Vazirlar Mahkamasining qarori va to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbar organi - IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olimjon Saidovning xati ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, haydovchiga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Qonunchilik nima deydi?

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “Elektron turdagi sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 780-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom 32-bandida davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Ye-polis haqiqiyligini tekshirish tegishli mobil qurilma orqali QR-kodni o‘qib olish yoki Ye-polis noyob raqamini kiritish orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, ushbu qaror keyingi bandlarida transport vositalari egalari majburiy sug‘urta bo‘yicha vakolatli organlarga E-polisni qog‘ozga chiqarib olgan yoki elektron shaklda taqdim etishlari kerakligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olimjon Saidovning Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligiga yuborgan xatida 2021 yil 1 martdan elektron sug‘urta polislari YHX xodimlari tomonidan qabul qilinishi yozilgan.

“Joriy yilning 1 mart kunidan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish elektron shaklda (E-polis) rasmiylashtirilishi belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinib, mazkur tartib DYHXXning barcha quyi tizimlariga yetkazilganligini hamda tekshiruvlar elektron polislar asosida amalga oshirilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berilganligini ma'lum qilamiz”, deyiladi Olimjon Saidov yozgan xatda.

Tahririyatning holatga izoh olish uchun Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga yuborgan savollari bir haftadan buyon javobsiz qolmoqda.

Ayni damda haydovchiga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (245 ming so‘m) miqdorida jarima yozilgan. Huquqlari buzilgan fuqaro Yo‘l harakati xavfsizligi xodimining qonunga zid qarori ustidan sudga shikoyat kiritdi.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzuga oid