Suv ta’minoti korxonasi Yunusoboddagi toshqinga svet o‘chgani sabab bo‘lganini bildirdi. Energetika vazirligi buni rad etdi
3 iyul kuni Yunusobod tumanida yuzaga kelgan texnogen suv bosishiga elektr energiyasidagi uzilish sabab bo‘lgan, deya ma’lum qildi suv ta’minoti korxonasi. Energetika vazirligi uzilish bo‘lganini rad etdi.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ axborot xizmati boshlig‘i Ravshan Yoqubjonovning so‘zlariga ko‘ra, tungi soat 4:00 lar atrofida Qoraqamish va Moyqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasidagi suv quvurida nosozlik yuzaga kelgan. Nosozlik avvaliga 1200 mmlik tarmoqda bo‘lgani taxmin qilingan, lekin keyinroq muammo 800 mmlik quvur bilan bog‘liqligi aniqlangan.
“Buning asosiy sababi – yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr energiyasi uzilgan va quvurlarda bosim ko‘tarilib ketib, quvurlarning ulangan chokidan avariya yuzaga kelgan”, deya ma’lum qildi Yoqubjonov voqea joyida Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatiga bergan izohida.
Holatni “O‘zsuvta’minot” AJ mas’ul xodimi Shavkat Nuraliyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shunday tushuntirdi.
“Asosiy sabab faqat shu – elektr energiyasining ogohlantirilmasdan o‘chganligi. Chunki agar ogohlantirib, shu paytda o‘chiramiz deganida, biz bosimni me’yorida ushlab turgan bo‘lardik, bunaqa holatlar yuzaga kelmasdi. “Elektrosetda ham balki nosozlik bo‘lgandir, bizga aytishmadi, ular ham 2-3 soatda ta’mirlab to‘g‘rilab yuborishdi. Birdaniga o‘chib qolgani sabab bo‘ldi”, – dedi u.
Energetika korxonalari esa bu ma’lumotni rad etdi. Energetika vazirligi tizimiga kiruvchi “Toshkent issiqlik markazi” AJning bildirishicha, Yunusoboddagi 4-sonli qozonxonaning elektr ta’minotida 2-3 iyul kunlari “hech qanday uzilish yuz bermagan”.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi “Toshkent issiqlik markazi” MChJ Toshkent shahar “Suv ta’minoti” AJning mazkur bayonoti haqiqatga mos emasligini bildiradi va 4-sonli qozonxonada 2-3 iyul kunlari elektr ta’minoti bilan bog‘liq hech qanday uzilish yuz bermaganini ma’lum qiladi. Suv toshqiniga qozonxona faoliyatining hech qanday aloqasi yo‘q.
4-sonli qozonxona 2024-yilning 2-iyulidan 3-iyuliga o‘tar kechasi barqaror va shtat rejimida faoliyat yuritgan”, – deyiladi rasmiy bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda qozonxonaga suv ta’minotining yetarli darajada yetkazib berilmayotgani sababli, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmi pasaytirilgan.
“Toshkent issiqlik markazi”ning bu bayonoti Energetika vazirligi sahifalarida ham e’lon qilindi. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ham holat bo‘yicha bayonot berdi.
“Yunusobod tumani elektr ta’minoti korxonasi ma’lumotiga ko‘ra, avariya bo‘lgan vaqt oralig‘ida tuman hududida elektr tarmoqlarida hech qanday avariyaviy yoki rejaviy o‘chishlar sodir bo‘lmagan”, – deyiladi HETK axborotida.
Energetiklar hodisa yuzasidan bayonot berayotgan tashkilot mas’ullaridan to‘g‘ri va aniq ma’lumotlar berishini so‘ragan.
- Avariya oqibatlarini qisqa fursatda bartaraf etish uchun poytaxtning barcha tumanlaridan suv ta’minoti korxonasi brigadalari jalb etilgan. Hozirgi vaqtda voqea ro‘y bergan chorrahadagi transportlar harakati va bir nechta mavzelarda suv ta’minoti qisman tiklangan.
Mavzuga oid
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
22:10 / 25.11.2024
1 yanvardan Toshkent jamoat transportida naqd shakldagi to‘lovlar uchun yo‘lkira narxi oshishi kutilmoqda
16:33 / 25.11.2024
Toshkentning 86 ta nuqtasida pulli avtoturargoh tashkil etish huquqi 120 mlrd so‘mga sotildi
15:48 / 25.11.2024