18 may kuni Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti kuni bo‘lib o‘tar ekan, ikki tomondan eng ko‘p sonli tadbirkorlar delegatsiyasi unda qatnashdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan elchi Manfred Hutererga ko‘ra, yaqin kunlarda Germaniya prezidentining O‘zbekistonga safari kutilmoqda. Shtaynmayyerga ham katta biznes delegatsiyasi hamrohlik qiladi.
Strategik xomashyolar, IT, mashinasozlik, transport va yetkazib berish sanoati. Germaniya shu yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan yaqindan ishlamoqchi. Elchi Manfred Hutererga ko‘ra, nemis bizneslari bozorga kirib, yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emas. Bizga faqat uzoq muddatli, barqaror sheriklik yarashadi, deydi u.
-Nemis kompaniyalari bizning hukumatdan nima istaydi?
“Albatta, ular investitsiya kiritgandan keyin qulay shart-sharoit hamda huquqiy himoyani kutadi. Bilishimcha, chetdan investitsiya kirishi bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘istondan ham o‘tib ketgan. Bozorda bizning 300 ga yaqin nemis korxonalarimiz bor. Dunyo sezilarli o‘zgaryapti, xavf darajasi yuqori, Germaniya ham hamkorlarini diversifikatsiya qilmoqchi”, deydi elchi.
Ma’lum bo‘lishicha, Germaniya bilan O‘zbekistonning savdosi 2022 yilda 1,5 mlrd yevroga yetgan, avvalgidan 25 foizga ko‘paygan.
“Faqat investitsiya bilan cheklanmaymiz, ta’lim va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘z yordamimizni ham taklif qilyapmiz. O‘ndan ortiq loyihalarimiz turli bosqichlarda turibdi, ular kadrlarning malakasini oshirishga qaratilgan”, deydi Knauf Group boshqaruv hamkori Uve Knotzer.
Elchi Manfred Hutererning qo‘shimcha qilishicha, yaqin kunlarda Germaniya prezidenti Frank Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga safari kutilmoqda.
“Markaziy Osiyoning do‘sti bo‘lgan federal prezident O‘zbekistonga kelyapti. Unga katta delegatsiya hamrohlik qiladi, Germaniyada bu mamlakatga qiziqish kuchayyapti”, deydi diplomat.
Mehnat migratsiyasi ham Germaniya bilan muloqotda asosiy nuqtalardan biri bo‘lib turibdi.
“Migratsiya va mobillik bo‘yicha alohida kelishuv imzolaganmiz. Ha, Germaniya sanoati malakali mehnat muhojirlariga muhtoj. Menimcha, bu yerda vaziyat vin-vin strategiyasiga to‘g‘ri keladi, ya’ni ikki tomonam yutadi, manfaat ko‘radi. O‘zbekistonda yoshlar ko‘p, ayniqsa ularning ko‘pisi bilimli. Nemis korxonalari esa ularga muhtoj. Faqat ular malakali bo‘lishi kerak bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Huterer.













