O‘zbekiston | 18:24 / 19.08.2021
3422
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahrida 3 yoshli o‘g‘lini sotmoqchi bo‘lgan 19 yoshli qiz va uning onasiga sud hukmi o‘qildi

Foto: KUN.UZ

Samarqand shahrida 3 yoshli o‘g‘lini sotmoqchi bo‘lgan qiz va uning onasiga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Obidov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand shahridagi kafelarning birida 43 yoshli ayol va uning 19 yoshli qizi 3 yoshli o‘g‘il farzandini 600 dollarga sotgan vaqtda qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, ular boladan voz kechish to‘g‘risida bolani olayotgan shaxsga tilxat ham yozib bergan.

Qayd etilishicha, ular qo‘lga olish jarayonida avvaliga bolani sotmaganini aytgan. Ammo dalillar qarshisida chorasiz qolishgan. Shundan so‘ng, dastlabki surishtiruvlarda qiz onasini davolatish uchun o‘g‘lini sotishga majbur bo‘lganini aytgan.

Ta'kidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi Orif Pardayev boshchiligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ona va uning qiziga hukm o‘qilgan. Ularning ikkalasi ham Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, kodeksning 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab 4 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid