O‘zbekiston | 14:13 / 11.11.2024
15336
5 daqiqa o‘qiladi

Enter Engineering xodimlari bir necha oydan buyon maoshsiz ishlayotganini aytmoqda

Enter Engineering va Saneg xodimlari maoshi oylab kechikayotgani haqida muntazam ravishda shikoyat qilib keladi. Oylik berilishini talab qilayotgan ishchilarning foto va videolari internetda ham bir necha bor tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu kompaniyalarga aloqador Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘qituvchilariga ham bir necha oydan beri maosh berilmagan.

Foto: Enter Engineering

Kun.uzʼga Enter Engineering kompaniyasiga bevosita va bilvosita aloqador tashkilot xodimlari ularga bir necha oydan beri maosh to‘lanmayotganidan shikoyat qilib murojaat yo‘lladi.

“May oyidan beri oyliklarimiz yo‘q. Faqatgina may, iyun, iyul oyliklaridan ozgina berishdi, 2-3 mlndan. Bu pul nima bo‘ladi oilali odam uchun. Avgust, sentabr, oktyabr oyliklari to‘liq turibdi. Davlatdan kredit olsangiz, 1 kun kechiksa penya tug‘adi. Lekin bizning oylik oylab berilmasa ham hech kimning ishi yo‘q”, – deyiladi murojaatda.

Ta’kidlanishicha, qator xodimlar ish tashlash e’lon qilib, ishga borishmayapti.

Eriell va Enter Engineering’ga aloqador Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘qituvchilariga ham bir necha oydan beri maosh berilmagan.

“Men Saneg’ga (Eriell guruhi) tegishli Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professoriman. Bu semestrda hozircha birorta professorga maosh berilmadi. Bu dahshatli. Nima qilishni bilmaymiz.

Chet ellik professorlar oxirgi marta 4 sentabrda maosh olishgan, mahalliy o‘qituvchilarning oylik olmaganiga esa undan ham ko‘p vaqt bo‘lgan. Bizga nima bo‘layotgani haqida hech narsa aytilmaydi. Shunchaki “pul yo‘q”, “pulni kutamiz” deyishadi”, dedi ismi oshkor qilinishini istamagan xorijlik professor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh, Janubiy Koreya va Erondan olib kelingan o‘nlab o‘qituvchilar maoshi berilmayotgani sababli ish tashlash haqida o‘ylashyapti.

Avvalroq, Daryo.uz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi 3-mis boyitish fabrikasi qurilishida ishlayotgan Enter Engineering ishchilari O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligini pulsiz kutib olgani haqida yozgandi. Xodimlar 2024 yilning may oyi uchun “avans” berilganini, o‘shandan beri maoshsiz ishlab kelishayotganini aytgan.

Keyinroq ishchilarning nashrga bildirishicha, 7-8 sentabr kunlari fabrikani qurayotgan kompaniya – Enter Engineering ishchilariga maosh tarqatgan: may oyining 30 foiz qoldig‘i va iyun oyi maoshining 70 foizi berilgan.

Murojaatchilarning bildirishicha, maoshlar dastlab 7 sentabr kuni Olmaliq 3-mis boyitish fabrikasi qurilishida ishlayotgan ishchilarga, keyin Samarqand va Qorako‘ldagi ishchilarga tarqatilgan. Lekin kompaniyaning boshqaruv ofisi va viloyatlaridagi ofislari ishchilariga maosh hamon berilmagan.

Dastlabki maqoladan keyin Daryo.uz so‘roviga javob berarkan, Enter Engineering matbuot xizmati maoshlar sekin-asta berilayotganini bildirib, bu mavzuni hozircha olib chiqmaslik haqida maslahat bergan.

Kompaniya xodimlarining maoshlarini bir necha oylab kechiktirishi yangi masala emas. Aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda OKMK misni boyitish fabrikasi qurilishida ish haqi to‘lanmayotgani sababli xodimlar jamoaviy norozilik bildirgani haqida xabarlar tarqaldi. Enter Engineering ishchilari Gazeta.uz'ga 2024 yilning yanvar, fevral va mart oylari uchun ularga maosh berilmayotganini ma’lum qilgandi. Nashrga ko‘plab ishchilar ko‘chada to‘planib, ish haqi kechikayotganidan norozi ekanini bildirgan video kelib tushgan.

Bundan tashqari, Enter Engineering'ga affillangan Eriell kompaniyasida ham xodimlarning ish haqlari borasida muammolar bor. Kun.uz'ga murojaat qilgan Eriell xodimlariga 3 oylik maoshlari to‘lanmagan. Kompaniya xodimi oyliklar bir necha oy kechiktirilgach, iyunda ishdan bo‘shaganini aytgandi.

“Iyunda ishdan bo‘shadim, yaqinda may oyining maoshini to‘lashdi. Hozir ishlayotganlar 3 oylik maoshlarini olmagan”, – degandi u.

Mehnat kodeksiga binoan, xodimlarga ish haqini to‘lash muddati yarim oyda bir martadan kam bo‘lmasligi kerak.

Ma’lumot uchun, Enter Engineering kompaniyasi 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, muqaddam “Gazprombank” nazoratida bo‘lgan; neft va gaz, sanoat va fuqarolik obektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Eriell esa neft va gaz qazib oluvchi kompaniyalar uchun ekspluatatsiya va qidiruv (razvedka) quduqlarini burg‘ilash xizmatlarini ko‘rsatadi.

Xorijda ro‘yxatdan o‘tgan har ikkala kompaniyaning benefitsiari o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov ekani aytiladi. Uning biznes faoliyati, Enera kompaniyalar guruhi nazoratidagi aktivlar, shuningdek, mamlakatdagi eng yirik gaz omborini kengaytirish loyihasini ham o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid