O‘zbekiston | 14:30 / 08.11.2017
13554
6 daqiqa o‘qiladi

Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi faoliyati yanada takomillashtiriladi

Foto: Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (keyingi o‘rinlarda Muzey deb ataladi) o‘zbek xalq og‘zaki ijodi durdonalari, yozma adabiyotining eng qadimgi davridan shu kungacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyot bosqichlarini chuqur tadqiq qilish va uni turli ekspozitsiyalar ko‘rinishida targ‘ib qilish orqali xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy-ma'rifiy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladigan ilmiy muassasa ekanligi ma'lumot uchun qabul qilinadi.

Quyidagilar Muzeyning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti durdonalari, yozma adabiyotining qadimgi davrdan shu kungacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyot bosqichlarini chuqur o‘rganish, uni mamlakatimiz tarixining tarkibiy qismi sifatida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda ekspozitsiya zallari orqali aks ettirish;

o‘zbek adabiyoti bilan bog‘liq yangi kashf etilgan manba, arxiv hujjatlari va tarixiy ashyolarni ilmiy tadqiq etish;

muzey fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarimizning qo‘lyozmalarini ilmiy tavsiflash, tadqiq etish, ular asosida elektron kataloglar tayyorlash, ularning ilmiy-tanqidiy matnlarini yaratish va noyob qo‘lyozmalarning faksimil nashrlarini amalga oshirish;

muzey fondlari va eksponatlarini mamlakatimiz va xorijdagi o‘zbek folklori va adabiyoti bilan bog‘liq turli hujjatlar, eksponatlar va boshqa ashyolar bilan muntazam boyitib borish;

o‘zbek adabiyotini targ‘ib qilgan shoir va olimlar tavalludi, o‘zbek adabiyoti tarixi bilan bog‘liq muhim sanalarni nishonlash bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar o‘tkazish, o‘zbek adabiyotini o‘rgangan respublikamiz va xorijlik taniqli olimlar ishtirokida seminarlar, xalqaro anjumanlar tashkil qilish;

ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda Muzeyda ochiq darslar, ma'ruza va seminar mashg‘ulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot o‘tashini ta'minlash, Muzeyning ilmiy bazasidan foydalangan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ishiga ko‘maklashish;

xorijiy muzeylar, ta'lim muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatish, ularning tajribalaridan foydalanish, adabiyot sohasida nashr etilgan ilmiy-badiiy, tarixiy hujjatlar, internet tarmog‘idagi materiallarni o‘rganish va tahlil etish.

Quyidagilar Muzey faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining Muzeyni saqlash va faoliyat yuritishi bilan bog‘liq mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarning natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

homiylar, xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlarning, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Madaniyat vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zarxiv” agentligi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Muzey ekspozitsiyalarini yangilash, folklor va yozma adabiyot, ijodkorlarning hayoti va ijodiga oid manba va qo‘lyozmalar, hujjatlar, kino, foto materiallar va ashyolar bilan doimiy to‘ldirib borishni ta'minlash;

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda Muzeyni sayyohlar tashrif buyuradigan makonga aylantirish choralarini ko‘radi;

Muzeyning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Toshkent shahar hokimligining 2018-2019 yillarda Muzey binosini rekonstruksiya qilish va jihozlash hamda Muzey binosiga tutash hududni obodonlashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligining Muzey binosini rekonstruksiya qilish va unga tutash hududni obodonlashtirish ishlari bo‘yicha:

Toshkent shahar hokimligining "Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasini buyurtmachi etib belgilash;

bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha 2018-2019 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda Muzeyni rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va Muzeyni rekonstruksiya qilish uchun zarur kapital qo‘yilmalar limitlarini nazarda tutadi.

Belgilab qo‘yilishicha: 

Muzey binosiga tutash, shu jumladan Alisher Navoiy haykali joylashgan hududni obodonlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Toshkent shahar hokimligining mahalliy byudjyeti mablag‘lari hisobidan;

Muzeyni zamonaviy texnik vositalar, shu jumladan interaktiv infokiosk va monitorlar, stend va podiumlar bilan jihozlash uchun zarur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalar obektlarini sotishdan tushadigan byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

 

Mavzuga oid