O‘zbekiston | 15:12 / 25.02.2023
68810
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtda 19 yoshli geymerga ma’muriy ish ochildi

Strimer yigit uchrashuv o‘tkazish maqsadida fan-klubi a’zolarini “Magic City”ga chaqirgan. Uchrashuvga 140 nafarga yaqin bola yig‘ilgan. Ichki ishlar organi geymerni qo‘lga olib, ommaviy yig‘ilish o‘tkazish tartibini buzganlik moddasi bilan protokol tuzdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

24 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda yuzdan ortiq voyaga yetmaganlar Chilonzor tumanidagi ko‘chalardan birida “Aslam sila”, deya baqirib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.

Ma’lum qilinishicha, 24 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining blogini yurituvchi geymer, 2004 yilda tug‘ilgan, Jizzax viloyatida yashovchi Aslambek Bahromov o‘zining fan-klub a’zolarini “Magic City” ko‘ngilochar maskani yaqinidagi avtoturargoh oldiga chaqirib, ular bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘lgan. U bolalarga sovg‘a tarqatishini bildirgan.

Uchrashuvga taxminan 130-140 nafar voyaga yetmagan bolalar yig‘ilgan va ular jamoat tartibini buzib, shovqin-suron ko‘targan. Hududda xizmat olib boruvchi Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tartibsizlikning oldini olish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida Aslambek Bahromovni ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan. Xodimlar A.Bahromovni olib ketayotgan vaqtida shu yerga to‘plangan bolalar avtomashinagacha kuzatib borishgan. So‘ng uchrashuvga yig‘ilganlarning barchasi tarqalgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan Aslambek Bahromovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga taqdim etilgan.

Mavzuga oid